«Bas, (Ey Muhammad), qachon siz (kishilarni haq yo’liga da’vat qilishdan) forig’ bo’lsangiz (o’rningizdan) turing. Va yolg’iz Parvardigoringizga yuzingizni buring!». Inson dam olganidan keyin qaytadan jonlanadi, kuchga to’ladi. Chunki ichida muhabbat
bor, sevgi bor; uni bo’sh qo’ymaydi turgan joyida...
Demak, ramazon tugadi, endi shavvol ro’zasini tutamiz. Keyingi ramazonni shavq bilan
kutamiz. Inshoalloh, Alloh u ramazonga muhabbatimizdan, shavqimizdan, orzumizdan,
bu ro’zaga bo’lgan muhabbatimizdan butun yilimizni ham ro’zador kabi maqbul sanasin.
Modomiki, jome’da namozni kutayotgan insonga, namozdagi kabi savob berilarkan,
ramazonni sevganga ham butun yil bo’yi ro’zador bo’lganlik kabi Alloh ajr beradi.
Muhtaram birodarlarim!.. Biz mana shunday bir muborak, qadru qiymatli bir oyni
kechirdik. Tabiiyki, inson Ramazon tugashi bilan nima qilishini bilmay shoshib qoladi.
Men shaxsan shu ko’yga tushdim: ramazonning ketgani uchun yig’lasammi, iyd
bayramining kelganiga sevinsammi? Chunki, Alloh taolo hazratlari iyd bayramini tayin
etgan. Ramazon ketadi, ammo Alloh yana necha-necha ramazonlarga sog’-salomat
yetkazsin... Ramazonda erishganimiz go’zal sifatlarni bundan keyingi kunlarda asrash biz
uchun eng muhim ishdir.
Xo’sh, ramazonda qanday edik? Birinchidan, shirin uyqudan voz kechib sahar likka
turardik. Endi bundan keyin ham aynan o’sha sahar vaqtida yana turamiz, ikki rak’at
namoz o’qiymiz, undan keyin yana yotamiz!.. Sahar vaqti – duolar qabul bo’ladigan
paytdir. Alloh taolo dunyoga nuzul aylab, qullariga o’zini da’vat qilib, xitob etib: «Ey
qullarim! Mendan biron narsa tilasangiz, so’raganingizni beraman!» – deydigan vaqtidir.
«Duo qilgan yo’qmi, duosini ijobat qilaman!» – deydigan paytdir. «Mag’firat istagan
yo’qmi, mag’firat etaman!» – deydigan palladir.
Ramazonda bir oy saharlikka turib ko’nikdingiz. Qani endi bu bir oylik odatingizni
ko’raylikchi, bundan keyin ham sahar vaqtida chiroqlaringiz yoniq turarmikan!
Ikkinchisi: Ro’za tutdik. Payg’ambar sallallohu alayhi vasallamning tavsiyalari bor edi
ro’zada; yaqinda ozgina o’qidik: g’iybat qilmaymiz, haromga boqmaymiz, yolg’on qasam
ichmaymiz... Hatto bittasi kelib bizga baqirsa, turtsa, janjal ko’tarib baqirsa ham
o’zimizni bosamiz. Siz mashinadasiz, siz haydayotgan mashinaga baqiryapti... Axir,
Allohning odobli va odobsiz har xil qullari bor, katta shahar ... Dunyoda har turli insonlar
bor... Ro’zador nima deyishi kerak: «Men ro’zadorman!.. Men ro’zadorman!..» deydi,
ya’ni unga bas kelmaydi.