www.ziyouz.com kutubxonasi
8
Masalan, ramazon oyida umra ziyoratini ado etsa nima bo’ladi? Boshqa oyda borganga
nisbatan ko’proq savobga erishadi. Aniqrog’i, ramazonda umra ibodatini ado etgan odam
Haj qilgan bilan barobar bo’ladi. Bu haqda Payg’ambar alayhissalomning hadislari bor.
Bu – ramazonning barakoti tufaylidir. Hadisi sharifdan tashqariga chiqmaganligim uchun
ramazon bilan aloqador bo’lgan boshqa hadislarni hali gapirganimcha yo’q. Ramazon
oyida Alloh taolo jannatni, osmonni, yerni va ma’naviy olamni yaxshilab tayyorlab
qo’yadi. Mo’’minlarga jannat eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari yopiladi. Samo
bezatiladi. Bu oyda Alloh taolo Jabroil alayhissalomga amr qiladi: «Borib, shaytonlarning
boshliqlarini zanjirband qilib dengizga uloqtir!» Hadisi sharifda ma’lumot berilishicha, bu
oyda shaytonlarning oyoq-qo’llari bog’lanadi, kuch-quvvati ta’sirsizlantiriladi, insonlarni
yo’ldan ozdirish faoliyatlari kamaytiriladi. Bu – biz insonlar uchun Alloh tarafidan
berilgan juda ham yaxshi bir fursatdir.
Osmonning bezatilishi, jannatning ziynatlanishi, uning eshiklari ochilishi kabi
xushxabarlar ramazonning nechog’li ahamiyatga ega ekanligini ko’rsatadi. Qarang, agar
bu oyda biror yaxshilik qilinsa, bir farz bajarilsa, boshqa oyda qilingandan yetmish
barobar ortiq savobga erishilar ekan. Muhtaram birodarlar! Bu degani qo’lingdan
kelguncha, imkon qadar xayrli ish qilishga harakat qil, degani... Xayrli ish qilish bilan
insonning g’ayrati ortadi, ma’naviy kamoloti oshadi... Shunday emasmi?..
«Ramazon – sabr oyi». Alloh taolo ramazon oyida ba’zi halol narsalarni ta’qiqlagan:
«(Ramazonda) suv ichmang, kunduzi ovqatlanmang va hokazo». Xo’p bo’ladi, deymiz-
da, buyruqni bajaramiz. Tashna qolsak ham suv ichmaymiz. Hozir, qish kunida kun
qisqa bo’lgani uchun ro’za tutish osonroq. Ammo yozda kunlar uzayadi. Buning ustiga
o’rim-yig’im mavsumi, shunga qaramay, bobolarimiz suvsizlikdan og’izlari qurisa ham,
lablari yorilib ketsa ham ro’za tutishni davom ettirganlar. Sabr qilganlar. Chunki bu –
sabr oyidir.
Hammamizga ma’lumki, yer – sharsimon. Fasllar ham turlichadir. Masalan, bir oy oldin
Avstraliyada edik. Bu yerda qish, Avstraliyada esa yoz... Bu yerda siz ro’zani qisqa
tutasiz, chunki kunduzlari qisqa. Ammo Avstraliyadagi birodarlarimiz uzun tutardilar,
chunki yoz kunlari uzun bo’ladi, dunyoning har bir yeri vaqt jihatidan bir-biridan farq
qiladi.
Demak, ramazonda ozmi-ko’pmi sabr imtihonini topshiramiz. Tongdan shomga qadar
sabr qilsak qanday baxt!.. Sabr qilamiz: suv ichmaymiz, ovqat yemaymiz, ammo men
bu yerda sabr deganda ko’proq jahl va g’azabdan tiyilishga urg’u bermoqchiman:
bolalaringiz, xotiningiz, hamsoyangizga qizishmaysiz, yumshoq muomalada bo’lasiz,
halim va salim bo’lasiz! Shuningdek, haromga qaramaysiz, tilingizni tiyasiz, ko’zingizni
saqlaysiz! Bularning hammasi sabr bilan bog’liq ezgu ishlardir.
«Sabrning savobi, mukofoti – jannatdir». Inson sabr etish uchun qiynaladi, tishini-
tishiga qo’yadi, ranj chekadi, ammo sabr qilganligi uchun jannatga sazovor bo’ladi.
Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o’zlarining bu so’zlari bilan sabr qilganlar
jannatga erishajagidan xushxabar bermoqdalar.
Bu oy shahrul muvosodir. Ya’ni boshqalarga moddiy jihatdan yordamlashish, yedirish-
ichirish oyidir. Ko’magimiz tufayli o’zgalar ham ne’matlar bilan ta’minlanadi.