www.ziyouz.com kutubxonasi
11
Bu bilan Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ro’zadorni ikrom etgan kishini Alloh
taolo ham havzi Kavsardan ikrom etishining xabarini berdilar.
Bu hadisi sharif bizni hushyorlikka chaqirib, quyidagi amallarini bajarishga da’vat
qiladi: qadr kechasini topishga harakat qilamiz. Buning uchun ramazonning oxirgi o’n
kunida e’tikofga kiramiz. Ramazon bayramida, agar boyligimiz yetsa, birorta qurbonlik
so’yamiz. Bu oyning sabr oyi ekanligi uchun sabr qilamiz va sabrning muqobili jannat
ekanligini mushohada etamiz. Bu oyda bajarilgan biror xayrli amal, boshqa oyda qilingan
yetmish xayrga tengligini unutmaymiz va savobli ishlarni qilishga shoshilamiz.
Bu oyda rizq ko’payadi. Shuning uchun «alhamdu lilloh», deymiz. Bu oy moddiy jihatdan
faqirlarni qo’llash oyi bo’lganligidan, ularga moddiy yordam beramiz. Xoh pul bilan, xoh
kiyadigan yoki yegulik narsalar ikrom qilish orqali yordamlashamiz. Hamma bayramni
nishonlaydi, ramazon oyi mobaynida bir yaxshilab dam olamiz.
Ro’zadorlarning bir-birini iftor qilishi ulug’ savobdir. Kimki, ro’zadorga iftorlik bersa
gunohlari mag’firat qilinadi, jahannamdan ozod bo’ladi va iftorlik bergan kishi o’sha
ro’zadorning savobidek ajr oladi. Buning uchun nima qilamiz? Oqshomlari
dasturxonimizni yozamiz – musofirlarni, ro’zadorlarni iftorlik ziyofatiga taklif qilamiz.
Agar bunga imkonimiz bo’lmasa, bir qultum suv, bir dona xurmo yoki biroz sog’ilgan sut
ikrom qilinsa, u ro’zani ochishga sabab bo’lsa, shu bilan ham xuddi o’sha savobni olish
mumkin.
Bu oyda «La ila’ha illalloh»ni, «Astag’firulloh»ni ko’p takrorlaymiz, Allohdan jannatni
istaymiz va jahannamdan Allohga sig’inamiz. Allohga ko’proq yolvorib so’raymiz: «Bizni
afv et... bizni jahannamga tashlama, ey Alloh! Bizni jahannamdan ozod qil!» – deymiz.
Alloh taolo bizni Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bu hadisi shariflarda xabar bergan
barcha yaxshiliklarga muvaffaq aylasin! Qanchadan-qancha muborak ramazon oylariga
Allohning suyukli qullaridek yetishishni, Alloh yaxshi ko’rgan shaklda bu oylarni ihyo
etib, yashab, ibodat bilan bezab, bu oylarning fayzu barakotidan, savoblaridan, ilohiy
ne’matlaridan foydalanishni Alloh hammamizga nasib etsin...
Umrimizni Alloh rizoligi ichida kechirib, sevgan qullaridek bo’lib, qalbimiz nurlanib,
ichimiz ishqulloh-muhabbatullohga to’lib, umrimizni Allohning rizoligida o’tkazishimizni
Alloh o’zi barchamizga nasib etsin.
Bu dunyodan husnu xotima ila vidolashib oxiratga borishni, huzuriga o’zi sevgan, rozi
bo’lgan, yuzi yorug’ va nurli qullardek borishimizni nasib aylasin. Rabbimiz jannati bilan,
jamoli bilan barchamizni musharraf aylasin. Sharafli Payg’ambarimiz Muhammad
Mustafoga qo’shni qilsin! Uning havzi Kavsaridan to’yib-to’yib ichishimizni Rabbimiz
barchamizga nasib etsin!..
Assalomu alaykum va rahmatullohu va barakotuh!
2 fevral 1995 / 2 Ramazon 1415