Texnik tahlil. Texnik tahlilning asosiy masalalari bo’lib loyihaning optimal miqyosi, uning tarkibiy qismlari,
joylashuvi, amalga oshirish muddatini aniqlash, texnologiya tanlash va boshqa texnik va texnologik
masalalar xizmat qiladi. Ko’pgina hollarda eng qulay variantni tanlashda moliyaviy tavsiflarga asosiy
e'tibor berilishiga qaramasdan, ekologik tavsiflar ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Texnik tahlilda moliyaviy, ekologik, tijorat va boshqa tahlillarning natijalaridan foydalanilganligi
sababli, tahlilning ushbu turi har doim boshqa tahlillar bilan parallel ravishda olib boriladi.
Loyiha miqyosi , deyarli barcha hollarda o’zgaruvchan kattalik bo’lib, loyihani ishlab chiqish
jarayonida aniqlanadi. Qishloq xo’jaligi va sanoatda, loyiha miqyosi, birinchi navbatda mahsulotga
bo’lgan talabga bog`liqdir. Loyihani amalga oshiruvchi tashkilot imkoniyatlari ham muhim ta'sir
ko’rsatishi mumkin. Ayrim hollarda foydalanilishi mo’ljallangan hududiy yoki tabiiy resurslar
bo’yicha jismoniy cheklanishlar xal qiluvchi rolni o’ynashi mumkin.
Amaliyotda tekshirilgan texnologiyalarning mavjud bo’lmaganligi, odatda bosqichma-bosqich
yondashuvdan foydalanishga olib keladi. Bunday yondashuv tadqiqotlar va moslashuvdan boshlangan
holda, keyinchalik namunaviy loyiha va bir oz tajriba orttirilgandan so’ng to’liq miqyosdagi
loyihagacha o’sib boradi. Shuningdek miqyos moliyaviy ko’rsatkichlarga ham bog`liq bo’lishi
mumkin (misol uchun, loyiha ekspluatatsiyasi yoki uskunalarni davriy yangilash xarajatlari hajmiga).
So’nggi natijani maksimumga olib keluvchi miqyos esa har doim optimal sanaladi.
Afsuski, loyiha miqyosini tanlash jarayoni faqatgina texnik nuqtai nazardan ko’rib chiqiladi, va
unda loyihaning moliyaviy va iqtisodiy jihatlari (aspektlari) e'tiborga olinmaydi. Bunday holatda,
tanlangan miqyos natijalarni maksimumga olib kelishga yordam berishiga ishonish qiyin.