10 Qadimgi davr falsafasida olamni yaxlit izohlab berish bilan bir qatorda narsa
va hodisalarning taraqqiyot qonunlarini o’rganish usullari, bilish nazariyasi hamda
ijtimoiy fikrlar (axloq-odob, davlatni boshqarish masalalari) ham katta o’rin olgan.
Tabiat va jamiyat haqidagi bilimlarning rivojlanib borishi alohida fanlar paydo
bo’lishiga, mustaqil tadqiqot sohalari ajralib chiqishiga olib keldi. Uyg’onish
davridan, ayniqsa, XVII asrdan boshlab tabiat haqidagi fanlar, jumladan, tajribaga
asoslangan tabiatshunoslik, astronomiya, matematika, fizika, mexanika, kimyo
muvaffaqiyatli rivojlana boshladi. Ijtimoiy tajribaning xo’jalikning, ayniqsa,
sanoatning rivojlanishi, savdo ishlarining o’sishi va aniq fanlar bilan bir qatorda bir
qancha ijtimoiy-gumanitar fanlarning: tarix, til, adabiyot, san’at, iqtisod, huquq va
hokazolarning ham rivojlanishiga zamin yaratadi.
Endilikda falsafa fani tabiatni yaxlit o’rganish muammolari bilangina emas,
balki fan taraqqiyotida ilmiy bilishning ahamiyati, bilish jarayonining asosiy
bosqichlari, ilmiy bilishda aniq fanlarda qo’llanadigan uslublarning roli, fan
taraqqiyotida mantiqiy tafakkurlashning qonuniyatlari va shakllari kabi masalalar
bilan shug’ullanadi. Shuningdek, inson va jamiyat insonning erki va huquqlari,
axloq-odob, davlat muammolari ham keng o’rin oladi.
XIX asrdan boshlab boshqa fanlar tomonidan hosil qilingan bilimlarni
birlashtirish va umumlashtirishga ehtiyoj kuchaya bordi. Xususiy fanlarning erishgan
muvaffaqiyatidan kelib chiqqan holda borliq va bilishning falsafiy masalalariga
bo’lgan qiziqish yanada kuchaydi. Faylasuflar orasida falsafiy tizim yaratishga
intiluvchilar ko’payib ketdi. Bunga misol sifatida nemis klassik falsafasining yirik
vakili Gegel tomonidan yaratilgan falsafiy tizimni ko’rsatib o’tishimiz o’rinlidir. U
o’zining “Mantiq ilmi” asarda dialektika qonunlariga asoslangan yaxlit falsafiy tizimni
yaratgan edi. Gegelning bu ta’limoti hanuzgacha falsafa faniga o’zining ta’sirini
ko’rsatib kelmoqda.
Fan va texnikaning doimiy ravishda taraqqiy etishi hamda jamiyatning turli
sohalarida ro’y berayotgan jarayonlar falsafa fanining rivojlanishiga va uning
muammolar doirasini kengaytirishga o’z ta’sirini ko’rsatib kelmoqda.