www.ziyouz.com kutubxonasi
36
Bepoyon dala-dashtda yolg‘iz Oltun chaqaloqni bag‘riga bosgancha serrayib turib qoldi. Tirik jon
borki, hammasi o‘lmaslik yo‘lini qiladi. Shuning uchun kampir u yoq-bu yoqqa yura boshladi, o‘choqlar
yonidan sal mujilgan suyaklar deysizmi, tashlab ketilgan sarqitlar deysizmi, etagiga solib oldi. Bir
yerda kimdir unutibmi, atayinmi tashlab ketgan bir parcha po‘stak yotgan ekan, uni ham yelkasiga
tashlab oldi — kechasi ona-bola tagiga solib yotish uchun nimadir kerak-ku!
Oltun nochor, noiloj qolgan edi — nima qilishini, qayoqqa borishini, qaerda tunashini, chaqaloqni
qanday qilib boqishini bilmas edi. Har holda kunduzi u qadar dahshatli emas, qandaydir mo‘jiza ro‘y
berib qolar degan umid uchquni o‘chmas ekan, birdan kaftday cho‘lda mol qaytarib yurgan
cho‘ponning olachig‘i ko‘rinib qolsa-ya! Taqdirning o‘yinini qarang — butun umri birovlarning eshigiga
bog‘lanib, cho‘rilik qilgan ayol birdan erkin qushday ozodlikka yetishganda qismat uni kishansiz
tushovlab cho‘li-biyobonda norastaga bog‘lab qo‘ydi. U o‘zini emas, bolani o‘ylab vahimaga tushar
edi. Endigina tug‘ilgan chaqaloq qorni ochib yig‘lay boshlasa uni qanday ovutadi, qanday emizadi,
beray desa na yegulik na ichgulik bor. Bola ochdan o‘lishi mumkin. Endi uning butun vujudi vahimaga
aylandi. O’ylab-o‘ylab hech o‘yiga yetmas, buning chorasini topmas edi.
Xudodan birdan bir umidi — qandaydir mo‘‘jiza ro‘y bersa-yu, ana yutaman degan ovloq dashtda
odamlar uchrab qolishsa, ular orasida yosh bolali ayol bo‘lsa-yu, norastani o‘sha ayolga topshirsa, o‘zi
esa o‘la o‘lguncha unga cho‘rilik qilsa...
Oltun ko‘z ilg‘amas dala-dashtda ne qilarini bilmay sarson-sargardon kezar, tavakkal qilib bir
sharqqa qarab, bir g‘arbga va yana sharqqa qarab yurar edi. U bolani bag‘riga bosgancha tinim
nimaligini bilmay qadam tashlar, bir joyda turishga sabri chidamasdi. Tush payti bo‘lib qoldi, bola
qorni ochganidan tipirchilab, hiqillab yig‘lay boshladi... Ayol bolani qaytadan yo‘rgaklab, yana yura
boshladi, — uyoqqa bu yoqqa qadam tashlab chaqaloqni ovuntirmoqchi bo‘ldi. Lekin bola ochlikka
chidaydi deysizmi, undan battar yig‘iga kirdi, tinmay baqirib yig‘layverganidan yuz-boshi ko‘karib
ketdi. Nochor qolgan Oltun to‘xtadi-da, ovozi boricha qichqirdi:
— Yo Tangrim, yordam ber, o‘zing oson qil!
Bepoyon dalada esa ufqqacha hech narsadan darak yo‘q — na bir tutun, na bir olov ko‘rinadi.
Cheksiz dashtu, cheksiz osmon, faqat kichkinagina oq bulut tepada sekingina suzib yuribdi.
Bola tipirchilab yig‘lar edi. Oltun toqati toq bo‘lib nola qildi:
— Xo‘sh, sen mendan nima talab qilasan, sho‘rlik bola?! Sho‘rish-g‘ovga uchun dunyoga kelgan
ekansan. Tug‘ilganingga yetti kun bo‘lmasdan g‘irt yetim qolding. Seni men nima bilan boqaman,
yetimcha? Ko‘rmayapsan-mi, bizga yordam beradigan biron jon yo‘q atrofda. Ikkalamiz birday zor
yig‘laymiz, ikkalamiz birday badbaxtmiz, tepamizda faqat bir parcha oq bulut bor, osmonda hatto
qush ham ko‘rinmaydi, yolg‘iz oq bulut aylanib yuribdi... Endi qaysi bir go‘rga kiramiz. Seni men nima
bilan boqaman? Ikkalamiz sarson-sargardon yuribmiz, otang bilan onangni bo‘lsa osib o‘ldirib ko‘mib
tashlashdi. Odamlar dovullarni yangratib, tug‘larini hilpiratib, urush qilsam deyishadi. Urushishmasa
bo‘lmasmikin? Begunoh, beayb sen norastani hamma narsadan benasib qoldirib nimalarni izlab
ketishdiykin?
Oltun bolani yupata olmay nari yugurdi, beri yugurdi, bag‘riga bosdi, allaladi, ko‘nmadi. Dunyo
ishlaridan bexabar chaqaloq nafasi og‘ziga tiqilib yig‘ladi, unga onaning iliq sutidan boshqa hech
narsa kerak emas edi. Oltun noiloj bir tosh ustiga o‘tirdida, yig‘i va jahl bilan ko‘ylagining yoqasini
yirtib yubordi, keyin umrida bola emmagan so‘lgin ko‘kragini go‘dakning og‘ziga tiqdi:
— Ma, ma, ol. Hech vaqo yo‘q! Sutim bo‘lsa sendan ayarmidim, yetimcham?! Menda sut nima
qilsin? Sut yo‘g‘ini bilgach, dilimni tilka-pora qilmay ovunib qolarsan! Men nimalar deyapman o‘zi?!
Kimga gapirayapman? Mening sutsiz ko‘kragimdan nima foyda, so‘zlarimdan ne naf senga?! Tangrim,
qanday azoblarga giriftor qilding meni?
Bola ko‘krakni og‘ziga olishi bilan yig‘idan to‘xtadi va butun vujudi bilan rohatlanib cho‘lpillatib
ema boshladi, tili va tanglayi bilan ko‘krakni qattiq so‘rar ekan, mamnun ko‘zlarini bir ochib, bir yumar
edi.
— Ko‘rdingmi, hech nima yo‘q, — dedi sekingina Oltun katta kishi bilan so‘zlashayotganday. —
Chingizxonning oq buluti (qissa). Chingiz Aytmatov