www.ziyouz.com kutubxonasi
44
Xuddi shu paytda kupe eshiklaridagi kalitlar shaqirlab, eshik ochildi, ostonada ikki nazoratchi
paydo bo‘ldi.
— Seni so‘roq qilishadi, chiq! — dedi ulardan biri.
— Qanaqa so‘roq? Nimaga! — dedi Abutalip, og‘zidan chiqqan so‘zlarni o‘zi ham sezmay.
Nazoratchi kasal-pasal emasmi o‘zi, deganday Abutalipga shitob bilan yaqinlashdi.
— «Nimaga» deganing nimasi? Tushunmayapsanmi, so‘roqqa chiq deyapman!
Abutalipning majolsizlikdan boshi shilq etib tushdi. Afsus, derazada panjara bor-da, bo‘lmasa
oynani chil-parchin qilib tashqariga toshday otilib tushgan bo‘lar edi. Iloj qancha. Taqdir shu ekan-da.
Deraza yonida o‘tirib bir ko‘rib qolsam degan niyatiga yetmadi. Abutalip ustiga bir qop tuz bostirib
qo‘yganday zo‘rg‘a o‘rnidan turdi-da nazoratchilarning oldiga tushib, Tansiqboevning kupesi tomon
dorga osiladigan odamday yuragi dov bermay qadam tashladi. Yurib borar ekan, so‘nggi umidi yilt
etdi — oldinda yana bir yarim soatcha vaqt bor, shoyad o‘shangacha so‘roq tugab qolsa. Umidi faqat
shu. Tansiqboev kupesigacha bor-yo‘g‘i to‘rt qadam. Ana shu to‘rt qadam masofani talay vaqtda
bosib o‘tganday bo‘ldi. Tansiqboev uni kutib o‘tirgan ekan.
— Qani, Quttiboev, gaplashaylik, ishimizni qilaylik, — dedi u rangi va ovozida qandaydir jiddiylik,
ayni vaqtda mamnunlik bilan, soqol-mo‘ylovi yangi olinib, burqsitib atir sepilgan yuzini kafti bilan silar
ekan. U Abutalipga tik boqib, — «
Ґ
tir» dedi. O’tirishga ruxsat beraman. Shunda senga ham, menga
ham qulay bo‘ladi.
Nazoratchilar eshikni yopib tashqarida qolishdi. Nido bo‘lsa bas, o‘qday otilib kirishadi. Bu
lochinko‘z iblisga xudoning kuchi yetmasa, bandasining kuchi yetmaydi. Buning ustiga qo‘lga
ilinguday narsa yo‘q, na shisha bor, na stakan bor. U ichimlikdan qochadiganlardan emas. Kupeda
aroq bilan gazak hidi anqib turibdi. Ehtiyotini qilib hammasini yig‘ishtirib tashlagan.
Poezd bo‘lsa, Sario‘zak dashtini yorib bir tekisda yo‘l bosmoqda. Bo‘ronli bekati tobora
yaqinlashmoqda. Tansiqboev so‘roq qilmaydiganday, qandaydir yozuvlarni birinchi marta
ko‘rayotganday shoshmasdan o‘qir, qandaydir qog‘ozlarni kavlashtirar edi. Abutalip chiday olmadi,
oradan o‘tgan ana shu bir necha daqiqa yilday tuyulib ketdi unga.
— Grajdanin boshliq, men kutib turibman, — dedi u. Tansiqboev hayron qolib qog‘ozlardan
boshini ko‘tardi.
— Sen kutayapsanmi? — dedi u hech narsani bilmaganday. — Sen nimani kutyapsan?
— So‘roqni kutib turibman. Savol beriladi deb kutyapman.
— Shunday degin! — dedi Tansiqboev cho‘ziq bir ohangda, jahlini bosib.
— Tuzuk, tuzuk, Quttiboev, aybdorning o‘zi o‘z erki bilan tergovchiga hammasini gapirib beraman
desa, men senga aytib qo‘yay, bu juda yaxshi. Demak, aybdorning aytib beradigan gaplari bor,
tergov organlariga ochib tashlaydigan sirlarni biladi. Shunday emasmi? — dedi Tansiqboev bugun
qo‘rqitish-hurkitish yo‘li bilan emas, balki xuddi shunday aldab-suldab muloyimlik bilan so‘roq qilish
kerakligiga aqli yetib. — Demak, sen tushunibsan, — davom etdi u, — endi o‘z aybingni sezib, tergov
organlariga sovet hokimiyatining dushmanlarini tor-mor qilishda, aytaylik, o‘zing dushman bo‘la turib
dushmanlikdan qaytib yordam berishga tayyor ekanliging aqllilik qilganing. Sovet hokimiyati sen bilan
menga ota-onamizdan ham avlo, albatta bu gapni har kim o‘zicha tushunadi, — u o‘z so‘zlaridan
qoniqqanday indamay qoldi va qo‘shib qo‘ydi: — Men seni doimo aqlli odam deb yurardim. Quttiboev,
fikrim to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Baribir ikkalamiz bir-birimizni tushunib, umumiy til topamiz deb o‘ylayman.
Nega indamaysan?
— Bilmadim, — noaniq javob berdi Abutalip, — nima gunoh qilganimni tushunmayapman, —
qo‘shib qo‘ydi, ko‘z qiri bilan vagon oynasidan tashqariga qarar ekan. Poezd shitob bilan g‘izillab
ketayotir, Sario‘zak dashti qovog‘i soliq osmon tagida katta tezlikda ketayotgan poezd zarbidan
ingragan kabi orqaga qarab qochib ketayotganga o‘xshardi.
— Men senga aytib qo‘yay. Ochiqchasiga gaplashib olaylik, — so‘zida davom etdi Tansiqboev. —
Seni podsholarday maxsus vagonda olib ketayotganimiz bejiz emas. Bu hammaga ham nasib
qilavermaydi. Har kimni ham shunday izzat-hurmat bilan olib yurishmaydi. Demak sen tergov ishida
Chingizxonning oq buluti (qissa). Chingiz Aytmatov