www.ziyouz.com kutubxonasi
52
yigitlar ot ustida o‘zlari tik turib kelishsin, egarga bo‘ktargi qilib ko‘ndalang yotqizib kelgilik etmasin!
Otam bilan men haqimda tashvish tortmang, sizning buyurganlaringizning hammasini qilaman”.
Kerto‘lg‘a-zaifa tizginni tortib turar ekan, qora tozi iti bilan yolg‘izoyoq yo‘lda qolgan kenjatoyiga
ko‘z qirini solar ekan, to‘satdan yuragida og‘riq paydo bo‘ldi, xayolidan shunday o‘ylar kechdi: bu hali
bola-ku, otasi nima bo‘larkan, akasi Qo‘ychiman salomatmikan yoki o‘yrotlarning nayzasidan yer
tishlab qoldimikan? Cholimning, o‘g‘illarimning holi ne kecharkan, barcha-barchasining, el-yurtning
boshiga qanday kunlar tusharkan? Ana shu dahshatli o‘y-xayollarini bildirib qo‘ymaslik uchun
g‘o‘ldiradi:
— O’g‘lim, ovulga chop, seni va otangni Tangriga topshirdim. Sal yurgach, yana to‘xtadi –
borishing bilan otangga haligi o‘tdan damlama qilib ichir...
— Xo‘p bo‘ladi, darrov damlama qilib beraman, — deb onasiga va’da berdi.
Kampirning bu gaplarga ko‘ngli to‘lmadi shekilli, dorini tayyorlash yo‘llarini tushuntira ketdi:
— O’tning ustiga vaqirlab turgan qaynoq suv quyib damlab qo‘yasan, sal sovigandan keyin
otangga berasan, terlaguncha ichsin, shundan keyin ko‘kragi bo‘shab yengil tortib qoladi.
— Mening gaplarimni uqdingmi, tushundingmi? — deb qayta-qayta so‘radi o‘g‘lidan Kerto‘lg‘a-
zaifa.
Aytganlarining hammasiga o‘g‘lining tushunib olganiga ishonch hosil qilgach, boyvuchcha
boshqalar ketidan otiga qam-chi bosib ko‘l bo‘ylab ketdi. Lekin sal o‘tmasdan u yoq-bu yoqqa alang-
jalang qarar ekan, yana to‘xtadi-da otdan tushdi:
– Elomon, bu yoqqa kel, bolam, – deb o‘g‘lini chaqirdi. – Otni ushlab tur, men Ko‘lga sig‘inib olay.
Ketdik.
Kampir shunday dedi-da ko‘lga yuzini burdi va shoshilmasdan ko‘lga qarab salobat bilan
tantanovor qadam tashladi. Qattiq shamollar turganda to‘lqin-to‘lqin bo‘lib uyulib qolgan top-toza
qizg‘ish mayda qum ustidan yurdi. Boshiga surpdan sallaga o‘xshatib tomog‘igacha qattiq o‘rab olgan
oppoq qorday katta elachakdan boyvuchchaning faqat yuzi ko‘rinardi; elachakda kampir biroz
yashargandek tuyulsa-da, chakkasidan oq sochlari ko‘rinib turardi. Boyvuchcha qarisa ham jismonan
hali baquvvat, hatto xushbichim edi. Olmoshni kelin qilib tushirgungacha butun tirikchilikni o‘zi qilar
edi-da — to‘rtta erkak: uch o‘g‘il bilan eriga qarashning o‘zi bo‘lmaydi, uy ishlarida esa, erkaklarning
foydasidan zarari ko‘proq.
Ko‘l yoqasidagi qum ustida ohista oyoq bosar ekan, Kerto‘lg‘a-zaifa dunyo va oila tashvishlarini bir
zum unutgandek, fikrini jamlab, ko‘lga qarab yurdi-da, qandaydir hayajon va ruhiy ko‘tarinkilik bilan
o‘ynoqi moviy suv yuziga, uzoq-uzoqlarda bo‘zarib turgan qorli cho‘qqilarga, tog‘ tepalaridagi xira
bulutlarga nazar tashladi. Bularning hammasi odam uchun makon qilib yaratilgan zohiriy bir keng
dunyo, iloh kabi qudratli, uning yerdagi timsoli kabi hayotbaxsh dunyo ediki, bani bashar ana shu
dunyo izmida bo‘lib kelgan.
Kerto‘lg‘a-zaifa ko‘pirib kelib-ko‘pirib qaytib turadigan qirg‘oq to‘lqini yetar-etmas joyda mayda
shag‘allar ustida to‘xtadi. Elomon ham bir qo‘li bilan otni yetaklab, ikkinchisida tozisini ushlab shu
yerga keldi. Ona cho‘kka tushib o‘tirdi, o‘g‘li ham cho‘kkaladi; shundan keyin kampir sekin va ohista
pichirlab Ko‘lga yolvora boshladi:
— Ey, Issiqko‘l, sen Yerning ko‘zisan, sen har doim osmonga boqib turasan. Men senga iltijo
qilaman, sen — mangu, muzlamaydigan Issiqko‘lsan, men Ko‘kka, hokimi taqdir bo‘lmish Tangriga
munojot qilaman, Tangri sening qa’ringga nazar tashlaganda mening o‘tinchlarimni bilib olajak.
Ey Tangri, xatarli va dahshatli damlarda o‘yrotlarga qarshi kurashda bizga kuch-qudrat ber.
Tog‘laringda sening ne’matlaringdan tatib, yaylov-o‘tloqlaringda chorva mollarini boqib kun ko‘radigan
olti aymoqli qirg‘iz xalqimizni o‘zing asra. Bizning o‘choqlarimizning o‘yrot otlari tuyoqlari ostida
toptalishiga yo‘l qo‘yma. Odil bo‘l — ayovsiz ochiq jangda bizga g‘alabangni darig‘ tutma. Huv, anavi
tog‘lar ortida, Tolchuy vodiysida nimalar bo‘layotganini bilmaymiz. Na bir xabar bor, na bir chopar bor
jang maydonidan — kutaverib ko‘zlarimiz teshildi, yuraklarimiz adoyi tamom bo‘ldi. Nimalar bo‘lyapi?
Bizlarni ertaga nimalar kutyapti? Tangrim, dushman bilan ayovsiz jang qilish uchun ketgan
Chingizxonning oq buluti (qissa). Chingiz Aytmatov