www.ziyouz.com kutubxonasi
3
ilmiy-amaliy qimmatga ega bo‘lgan ish hisoblanadi". Chindan ham xuddi shunday.
Haqiqatda ham "Devoni hikmat"ning qiyosiy-yig‘ma bir matnini yaratmoq shartdurki, bu
bag‘oyat qiyin, mashaqqatli vazifani baholi qudrat bajarishga Nodirxon Hasanning bel
bog‘lagani, albatta, tahsinga loyiq. Mana, bir necha yildirki, u shu ish bilan band. Uning
bir fazilatini ta’kidlashni istardim: u Ahmad Yassaviy mavzuida shoshilmasdan,
qiyinchilik va mashaqqatlarga chap bermasdan mehnat qilayotir. Yassaviy hayoti, ijodi,
yassaviylikka doir qadimiy manbalar, mo‘‘tabar kitoblarni axtarib topish va tadqiqotchi
nigohi bilan ularni puxta o‘rganishda u kundan kunga ilgarilamoqda. Xorijdagi, xususan,
Turkiyadagi ilmiy izlanishlar va natijalardan yetarli ma’lumotga ega. Shuningdek,
o‘zining ham maqolalari Turkiyadagi jurnal va majmualarda ketma-ket chiqib turibdi.
Eng muhimi, ba’zi yoshlarga o‘xshab jindek muvaffaqiyatdan hozircha esankiragani ham,
maqtov kutib to‘xtagani ham yo‘q. "Devoni hikmat"ning yangi-yangi qo‘lyozmalarini
izlash, qo‘lga kiritilganlarini boshqalari bilan qiyoslash va ko‘zlangan bosh maqsadga
yetishish uchun u vaqtdan ancha unumli foydalanmoqda. Buning bir samarasi esa
qo‘lingizdagi kitobdir. Uni nashr etishdan ko‘zlangan maqsad faqat yangi hikmatlar bilan
o‘quvchini tanishtirish, tanlangan she’rlar Yassaviy qalamiga mansubligiga ko‘pchilikni
ishontirish yoki iqror aylash emas. Balki "Devoni hikmat" muhiblari, xususan, din,
tasavvuf, adabiyot mutaxassislari, tarixchi va tilshunos olimlarning fikr-mulohazalarini
ham eshitishdir. Chunki to‘plamdagi qator to‘rtliklar Yassaviyniki ekanligi shaxsan
menda ishtiboh uyg‘otdi. Bunday shub-ha va ishonchsizlik boshqalarda ham tug‘ilishi
mumkin. Lekin Nodirxon Hasan zarur, xayrli, nainki adabiyot, fan, xalq uchun ham
muhim bir ishga qo‘l urganligiga inonmaslikning iloji yo‘q. Zero, "Devoni hikmat"ning
hech bo‘lmaganda, qiyosiy-yig‘ma matnini tuzmaslik - yassaviyshunoslik istiqboliga
loqayd qarash, bir paytlardagi besamar tortishuv, g‘arazli iddao va johilona
munozaralarga yana yon bermoqdir.
Yassaviy ijodiyotini puxta anglash va his qilishga yaqindan yordam beradigan bir
qancha ilmiy-adabiy, irfoniy-manqabaviy manbalar bizgacha yetib kelgan. Shulardan biri
hazratning xalifalaridan bo‘lmish So‘fiy Muhammad Donishmandning «Mir’ot ul-qulub»
nomli risolasidir. Kitobda mana shu risola ham ilova qilindiki, o‘quvchilar undan
bahramand bo‘lishlari shak-shubhasiz.