O’PKA VA PLEVRA KASALLIKLARI
Anatomik-fiziologik ma’lumotlar
O’pka – juft a’zo bo’lib, ikkala o’pka ham ko’krak qafasi ichida
joylashgan. O’ng o’pkani chap o’pkadan ko’ks oralig’i ajratib turadi. Har bir
o’pka ko’krak bo’shlig’ida tolali-elastik parda (plevra) bilan qoplangan katta
bo’shliqni to’ldirib turadi. Bu parda, ya’ni parietal plevra yuzasini mezoteliy
yassi hujayralari bilan qoplangan bo’lib, har bir o’pka ham, o’z navbatida
shunday parda – vistseral plevraga o’ralgan bo’ladi. Nafas olish harakatlari
amalga oshirilayotgan vaqtda, har qaysi o’pkaning ko’krak qafasida ozod
harakatlanishini ta’minlash uchun, parietal va vistseral plevralar orasida juda oz
miqdorda sirpanuvchan xususiyatlari nihoyatda yuqori bo’lgan – plevralararo
suyuqlik bo’ladi. Bu harakatlarda o’pkaning bronxlar va qon tomirlar kiradigan
qismi – o’pka o’zagi (darvozasi) ishtirok etmaydi. Parietal plevra o’z navbatida
3 qismga bo’linadi: qovurg’a qismi, diafragmal va ko’ks oralig’i plevrasi. O’ng
o’pkaning hajmi, chap o’pkaga nisbatan kattaroq bo’lib, ayni vaqtda u bir-
muncha kalta va serbar bo’ladi.
38
Har qaysi o’pkada uchta yuza: tashqi (qovurg’a), pastki (diafragmal) va
ichki (ko’ks oralig’i) yuzalari farq qilinadi. Har bir o’pka egatlar vositasida
bo’laklarga bo’linadi. Ikkala o’pkada bo’ladigan egatlardan biri – egri egat
nisbatan yuqorida (o’pka cho’qqisidan 6-7 sm pastda) boshlanadi, so’ngra
pastga diafragma yuzasiga qiya holda tushib, o’pka to’qimasiga chuqur kiradi.
Shu egatlar yordamida har bir o’pka yuqori va pastki bo’laklarga bo’linadi.
Chap o’pkadan farqli ravishda o’ng o’pka yana ikkinchi – gorizontal egatga
ega.U IV qovurg’a sathidan o’tadi. Shu bilan u o’ng o’pka yuqori bo’lagidan
o’rta bo’lakni tashkil qiladigan ponasimon qismini ajratib turadi. Shunday qilib,
o’ng o’pkada uchta bo’lak: yuqori, o’rta va pastki bo’laklar bo’ladi. Chap
o’pkada esa ikkita bo’lak: yuqori va pastki bo’lak tafovutlanadi. O’ng o’pkaning
o’rta bo’lagiga chapda “til” bo’lagi to’g’ri keladi. O’pkalarning har bir bo’lagida
bosh bronx tarmog’i hisoblangan alohida bronx bo’lagi bo’ladi. Bronx bo’laklari
o’z navbatida segmentar bronxlarga bo’linib, ularning har biri o’pkaning tegishli
bo’limi bilan birga bronx-o’pka segmenti nomini olgan segmentlarni hosil
qiladi. Segment o’z tashqi ko’rinishi bo’yicha asosi o’pka periferiyasiga,
cho’qqisi esa o’pka ildiziga qaragan piramida shaklini eslatadi. Insonda har bir
o’pka asosan o’n segmentdan tashkil topgan bo’ladi, bunda yuqori bo’lakda 3 ta
bronx-o’pka segmenti, o’rta bo’lagida va chap o’pkaning unga o’xshash til
qismida 2 ta segment, pastki bo’lagida 5 ta (yuqori va 4 ta bazal) segmentlari
bo’ladi. Ikkala o’pkaning pastki bo’laklarida hamma hollarning deyarli yarmida
qo’shimcha segment uchraydi.
O’pkani segmentlarga bo’linishi klinika uchun katta ahamiyatga ega
bo’ladi. Chunki bunga qarab, bemorda patologik “o’choq”ning qaerda
joylashganini (lokalizatsiyasini) aniq topish va o’pkani maqsadga muvofiq
(tejamli, segmentar) rezektsiya qilish imkoniga ega bo’lamiz.
Bronx-o’pka segmentlari o’z arteriyalari va nervlariga, venalari esa
segmentlararo biriktiruvchi to’qima tarkibida boradigan segmentlararo vena qon
tomirlariga ega bo’ladi. O’pkani qon bilan ta’minlashda ikkita sistema – o’pka
va bronxial qon tomirlari qatnashadi. O’pka qon tomirlari sistemasi asosan nafas
39
olish faoliyatida ishtirok etadi, bronxial qon tomirlar sistemasi esa, o’pka
to’qimasini oziqlantirish faoliyatini bajaradi. Bronxial arteriyalar ko’krak aortasi
tarmoqlari bo’lib, odatda bronxiolalargacha etib boradi, o’pka alveolalari esa
o’pka arteriyasi sistemasi orqali amalga oshiriladi. Bronxial va o’pka arteriyalari
tarmoqlari orasida anastomozlar bo’ladi. Venoz qon oqimi v. azygos yoki v.
hemiazygos ga quyiladigan qisman o’pka venalari, qisman esa bronxial venalar
tomonidan amalga oshiriladi.
O’pka to’qimasi simpatik nerv tarmoqlari (II-IV bo’yin va I-V ko’krak
tugunlaridan) va adashgan nerv tarmoqlaridan innervatsiyalanadi. O’pka
to’qimasining limfatik tomirlari asosan bronxlarning tarmoqlanadigan joylardagi
o’pka ichidagi limfatik tugunlarga quyiladi, bu limfatik tugunlarning olib
ketadigan tomirlari esa, o’pka ildizi tugunlarigacha etib boradi va tugaydi. Limfa
suyuqligi, o’pka ildizi limfa tugunlaridan traxeyaning yon qismida joylashgan,
o’pkaning bosh regionar limfatik tugunlariga oqib keladi. Gorizontal
(ko’ndalang) tekislikda o’pka ildizi tarkibi quyidagicha joylashadi: oldingi
tomonda o’pka venalari, ular orqasida o’pka arteriyasi tarmoqlari va yanada
orqaroqda bronx tarmoqlari yotadi, ya’ni tomirlar o’pka ildizining qolgan
elementlaridan oldinda joylashadi. Bronxial arteriyalar bosh bronxlarning pastki
yuzasiga yondoshib turadi. O’pka to’qimasi ichida o’pka tomirlari tarmoqlari va
bronxlarning o’zaro munosabati odatda quyidagicha bo’ladi, bronxlar venalar
bilan arteriyalar orasida joylashadi.
Dostları ilə paylaş: |