Ijtimoiy siyosat konsepsiyasining shakllanishi. Aholining ijtimoiy
himoyasini ta’minlash davlat siyosatining bosh yo‘nalishi hisoblanadi. Islom
Karimov tomonidan ishlab chiqilgan besh tamoyilning muhim qismi aholini
ijtimoiy himoyalash ekanligi ham shu bilan bog‘liqdir. O‘zbekiston hukumati
ana shu besh tamoyil asosida o‘tish davrida aholini ijtimoiy himoyalash
yuzasidan zarur choralar ko‘rdi. Bu choralar odamlarning turmush darajasini
keskin pasayib ketishining oldini olishda muhim rol o‘ynadi.
Mamlakatda ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini barpo qilishda
davlat tomonidan kuchli ijtimoiy himoya siyosati olib borildi. Ijtimoiy siyosat
O‘zbekistonning o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘lining yetakchi tamoyillaridan
biri hisoblanadi. Respublikada ijtimoiy himoyaning huquqiy muhiti yaratildi,
unga qonuniy asos solindi. Ijtimoiy himoya tamoyillari O‘zbekiston
Respublikasi Konstitutsiyasida kafolatlanib, qabul qilingan qonunlarda o‘z
aksini topdi. Mamlakatda daromad olishning kafolatlanishi amalga oshirildi.
Eng kam ish haqi va boshqa to‘lovlar odatda, oldindan ko‘paytirib
kelindi, narx-navo o‘zgarishi bilan bog‘lab olib borildi, bu esa aholining
to‘lov qobiliyati saqlanib qolishini ta’minladi va turmush darajasining
keskin pasayib ketishiga yo‘l qo‘ymadi.
Aholini ijtimoiy himoyalashning ikkinchi yo‘nalishi – ichki iste’mol
bozorini himoya qilish hamda oziq-ovqat mahsulotlari va nooziq-ovqat
mollari asosiy turlari iste’molini muayyan darajada saqlab turish bo‘ldi.
Bunga erishishda muhimi mahsulotlar eksportini bojxona tizimi orqali
nazorat qilish va ularga yuqori boj to‘lovlari joriy etish, kundalik zarur
tovarlarni me’yorlangan tarzda sotishni tashkil qilish kabi tadbirlar katta
ahamiyatga ega bo‘ldi.
Iqtisodiy islohotlarning ilk bosqichida ijtimoiy siyosatni amalga
oshirishning uchinchi yo‘nalishi – aholining kam ta’minlangan tabaqala-
rini ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash borasida chora-tadbirlar