291
10-bob. TADBIRKORLIK FAOLIYATI VA TADBIRKORLIK KAPITALI
Inson faoliyati turlicha bo‘lib, turli xil yo‘nalishga qaratilgan bo‘ladi.
Ularning ichida tadbirkorlik faoliyati alohida o‘rin tutadi. Bozor munosabatlariga
asoslangan iqtisodiyotda tadbirkorlik qobiliyati iqtisodiy resurs hisoblanib, ishlab
chiqarish va xizmat ko‘rsatishda shaxsiy omilining tarkibiy qismini tashkil etadi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan
iqtisodiy islohotlar davomida, ayniqsa,
uning hozirgi bosqichida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, unga keng erkinlik
berishga, uning rivojlanishiga to‘siq bo‘ladigan har qanday g‘ov
va cheklovlarni
bartaraf qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tadbirkorlik faoliyatining mohiyati,
maqsadi va bozor iqtisodiyoti sharoitida amal qiladigan shakllarini batafsil bayon
etish, tadbirkorlik kapitalining mazmunini va uning harakat shakllarini tahlil qilish,
kapital harakatida vujudga keladigan jarayonlar va uning namoyon bo‘lishini,
shuningdek, kapitalning aylanish tezligi va undan foydalanish samaradorligini
oshirish masalalarini yoritish ushbu bobning asosiy vazifasi hisoblanadi.
Tadbirkorlikni ayniqsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni
rivojlantirish
davlatimizning iqtisodiy siyosatida strategik vazifaga aylangan davrda ushbu
masalalarni o‘rganish o‘ta dolzarbdir.
10.1. Bozor iqtisodiyotida tadbirkorlik faoliyatining mazmuni, vazifalari
va rivojlanish shart-sharoitlari
Tadbirkorlik faoliyatining tarixi uzoq o‘tmishga borib taqalsada, uning ilmiy
tushunchasi XVIII asrga kelib paydo bo‘lgan va mulkdor
degan tushuncha bilan
bir xil tushunilgan. Mulkchilikning turli shakllariga asoslangan, raqobatli
iqtisodiyot sharoitida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni
tashkil etish,
boshqarish turli xil shakl va usullarda olib boriladi. Ularning ichida tadbirkorlik
faoliyati alohida o‘rin tutadi va bu faoliyat orqali mulkchilikning turli shakllarini
iqtisodiy jihatdan ro‘yobga chiqarish ya’ni foyda olish amalga oshiriladi.
292
Hozirgi paytda turli ilmiy-nazariy adabiyotlarda tadbirkorlik faoliyati va
biznes
xususida, uning yo‘nalishlari, tamoyillari, huquqiy-iqtisodiy jihatlari
to‘g‘risida ko‘plab
olimlarning fikrlari, mulohazalari keng o‘rin egallamoqda.
Ularda ko‘pincha tadbirkorlik faoliyati va biznesni bir xil tushuncha sifatida talqin
qilinmoqda. Fikrimizcha, tadbirkorlik biznesdan farq qilib, tadbirkorlik – bu
mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishga ijodkorlik, yangilik yaratish ruhi
asosida yondashish bilan bog‘liq faoliyatdir. Biznes
esa unga nisbatan keng
tushuncha bo‘lib, umuman foyda olish nuqtai-nazaridan yuritiluvchi faoliyatdir.
Bugungi kunda tadbirkorlik faoliyati nazariyasining rivojlanishida uch
bosqich ya’ni, mazkur sohani ilmiy jihatdan tadqiq etishdagi alohida bosqichlar
shartli ravishda ajratiladi.
Dostları ilə paylaş: