14-mavzu: Nikoh va oilaning axloqiy asoslari, uning yoshlar tarbiyasidagi o'rni
Reja:
1. Nikoh - eng qadimgi axloqiy munosabat shakli.
2. Milliy ma'naviyatimizda nikoh va oilaga doir axloqiy qadriyatlar.
3. O'zbekistonda yoshlar tarbiyasi, ma'naviy-axloqiy kamolotida nikoh va oila haqidagi milliy axloqiy
qadriyatlarining o'rni.
4. Oila shartnomasini tuzishning axloqiy jihatlari
Oilani fuqarolik jamiyatining, davlatning eng muhim hujayrasi deyishadi. CHunki har bir jamiyat a‘zosi,
bo‘lajak fuqaroning tarbiyasi oiladan boshlanadi. Oila uch jihatni: o‘zining bevosita ko‘rinishi bo‘lmish nikohni;
oilaviy mulk va anjomlar hamda ular haqidagi g‘amxo‘rlikni; bolalar tarbiyasini o‘z ichiga oladi.
Nikoh va muhabbat. Avvalo, nikoh haqida to‘xtalib o‘taylik. Qonunga binoan nikoh tuzish shartlaridan eng
muhimlari – nikohga kiruvchilarning o‘zaro roziligi va ularning nikoh yoshiga yetganliklari. Bizda yigitlar uchun –
18, qizlar uchun – 17 nikoh yoshlari qilib belgilangan. Bu – masalaning huquqiy tomoni. Uning ikkinchi – axloqiy
tomoni ham borki, u muhabbat bilan bog‘liq. Nikoh tuzishdan avval ikki yosh orasida goh ochiq sevgi – muntazam
uchrashuvlar, ahdu paymonlar qilish yoki orqavarotdan bir–birini yoqtirish hollari bo‘lishi mumkin. Har ikkala
holda ham rozilik o‘zgarmas shart hisoblanadi.
Ba‘zan, qadimda SHarq xalqlarida, shu jumladan, o‘zbeklarda qizning yoki yigitning roziligisiz to‘y qilib
yubora berishgan, ota–onalar kelishishsa – bas, degan fikrlarni uchratadi kishi. Ayniqsa, bunday gaplar sho‘rolar
davrida tinimsiz takrorlanar edi. Vaholanki, bunday hol kam bo‘lgan, uni musulmonchilik inkor etadi. Rivoyat
qilishlaricha, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom uylariga sovchi kelganida, qizlari Fotimadan doimo rozilik
so‘raganlar va rad javobi olganlar. Faqat Hazrat Ali sovchi qo‘yganlarida, Bibi Fotima rozilik berganlar. Demak,
farzandning roziligini olish bizga Payg‘ambarimizdan qolgan sunnat.
Hozirgi kunda ham ko‘pgina yoshlarimiz sovchi orqali turmush quradilar. Odatda sovchi kelib ketgach, yigit
bilan qiz uchrashtiriladi, ikkalasi bir–birini ma‘qul ko‘rsagina fotiha qilinib, to‘y taraddudi ko‘riladi. Juda ko‘p
hollarda bunday yoshlar o‘rtasida keyinchalik haqiqiy muhabbat shakllanadi. Abdulla Qodiriy «O‘tgan kunlar»
romanida tasvirlagan Otabek bilan Kumush o‘rtasidagi sevgini buning mumtoz namunasi desa bo‘ladi. Ochig‘ini
aytish kerakki, muhabbatning ham o‘z darajasi bor: Layli bilan Majnunning muhabbati hamma sevishganlarga ham
nasib etavermaydi. Bunday romantik–sururiy sevgi real hayotda kamdan–kam uchraydi. Buning ustiga, oilaviy
muhabbat ma‘lum ma‘noda salobatli, ko‘proq yashirin tarzda namoyon bo‘ladi.
Oilaning asosi bo‘lmish nikoh – ezgu maqsadga yo‘naltirilgan, zimmasiga zurriyot qoldirishdek yuksak
mas‘uliyat yuklangan sevgi, sevishning ijtimoiylashgan ko‘rinishi. Biroq sevgi–muhabbat faqat erkinlikda namoyon
bo‘ladi. SHu jihatni nazarda tutadigan bo‘lsak, nikohni, ma‘lum ma‘noda, an‘analar, urf–odatlar va e‘tiqodlarga
moslashtirilgan sevgining yashash sharti deyish mumkin. Boshqacha qilib aytganda, nikoh zaruriyatga aylangan
erkinlikdir. SHu bois nikohga kirayotgan har bir kimsa bundan buyon o‘z erkining boshqa bir erk bilan kelishib
yashashini, ixtiyoriy tarzda cheklanib, nisbiylashgan holda mavjud bo‘lishini anglab yetmog‘i lozim. Bundan
tashqari nikoh o‘z mohiyatiga ko‘ra axloqiy hodisa. Unda ehtiroslar axloqqa bo‘ysundiriladi. Oddiy birga yashashda
esa tabiiy ehtiyojni qondirish birinchi o‘rinda turadi, nikohda u ikkinchi darajali mavqe egallaydi.
Keyingi paytlarda nikoh bilan muhabbatning o‘zaro chiqishmasligi haqida G‘arb mutafakkirlari tez–tez
yozadigan bo‘lib qolganlar. CHunonchi, Erix Fromm, industrial jamiyatda muhabbat kamdan–kam uchraydigan
hodisa ekanini, nikohning asosida boshqa – moliyaviy, siyosiy, iqtisodiy sabablar yotishini ta‘kidlaydi. Umuman,
G‘arb olamida bunday hodisa anchadan buyon mavjud. SHu jihatdan Jorj Bayronning «Don Juan» she‘riy
romanidagi quyidagi satrlar diqqatga sazovor:
Bu juda qayg‘uli hodisa shaksiz,
Insonning kajligi, jinoyati bu;
Ildizi gar bitta bo‘lsa ham, hargiz
CHiqishmas nikoh va muhabbat mangu.
Sirkaga aylangan vinodek, esiz,
Nikoh mast qilmovchi taxir, nordon suv, –
Vaqt undan jannatiy bo‘yni oladir,
Ro‘zg‘oru oshxona hidi qoladir.
141
Garchi bu satrlar yarim kinoya, yarim hazil tabiatga ega bo‘lsa–da, ularda ma‘lum ma‘noda hayotiy asos bor.
Agar muhabbat har ikki tomondan e‘zozlab, avaylab–asralmasa, undagi jannatiy bo‘yni yo‘qotib qo‘yish hech gap
emas. Eng muhimi shuki, nikohdagi huquqiy holatning asosida muhabbat yotmog‘i lozim, o‘shanda bunday hollar
ro‘y bermasligi shubhasiz. Ayni paytda dunyodagi hamma narsa–hodisalar kabi muhabbat ham parvarishga muhtoj
ekanini unutmaslik kerak.
Oilaviy muhit. Oilaning mustahkam bo‘lishi, oila a‘zolarining axloqiylik darajasi undagi muhitga bog‘lik.
Qaysi oilada sog‘lom muhit, hukm sursa, uning ravnaqi, baxtliligi ta‘minlangan bo‘ladi. Sog‘lom muhit deganda biz
faqat oilada insonparvarlik, vatanparvarlik, ziyolilik, halollik, rostgo‘ylik kabi tamoyillar va me‘yorlarga amal
qilinishinigina emas, balki uning eskicha an‘anaviylik yoki Yangicha zamonaviyligini ham tushunishimiz lozim.
Zero aynan ana shu ikki xil turmush tarzi oila kelajagi bilan bog‘liq.
Eskicha an‘anaviy oila kiyinishda, yeb–ichishda kasbu korda zamonaviy oiladan farq qilmaydi. U ham halol,
hamma qatori zamonaviy sharoitda yashaydi. Faqat u o‘zining «o‘zbekchiligi», ajdodlarining an‘anaviy ma‘naviy
qadriyatlarini «unutmagani» bilan faxrlanadi. Hamma gap shundaki, bunday oila asosiy kuchi va imkoniyatlaridan
ana shu faxrlanish hissiga erishish uchun foydalanadi: an‘anaviy o‘zbekona to‘y kechasida nikoh bazmida artistlarga
«gaplashilgan» va «qistirilgan» millionlar hisobiga bemalol bitta bolalar bog‘chasi qursa bo‘ladi. Ayniqsa og‘zini
qimirlatib turish bilan (fonogramma orqali) harom pul topayotgan «artist»larning qudag‘aylarni (ayol qudalarni)
raqsga tushishga da‘vat qilishini borib turgan odobsizlik: ortiqcha pul yig‘ib berish uchun bechora qaynonalar Yangi
kelin va kuyov oldida o‘yinga tushadilar. An‘anaviy to‘ylar isrofgarchilik namunasi, muayyan ma‘noda
axloqsizning bir ko‘rinishiga aylanib ketganini tan olish kerak. «Borda»–ku «bor», «yo‘qlar» ham shunday qilishga
intiladilar. «Eshak eshakdan qolsa qulog‘ini kesadi» qabilidagi to‘y uchun ko‘p hollarda necha yilar davomida
yaxshi yemay, yaxshi kiymay, quruq non–choy bilan kun o‘tkazib yashash kerak bo‘ladi. Bunday «orzu –
havas»larning tagida yo odamlar nima der ekan degan qo‘ruv yoki maqtanish, kibr, birovlarga o‘zini ko‘z–ko‘z
qilish kabi illatlar yotadi. Eng yomoni shundaki, bunday oilada sog‘lom muhit qaror topmaydi, dasturxon ustida,
bo‘sh vaqtlarda bolalardan «qutilib olish» uchun ko‘proq pul topish haqida tinmay so‘zlanadigan, falonchining to‘yi
mundog‘ o‘tibdi, u unday qilibdi, bu bunday qilibdi, degan mayda gapalardan nari o‘tilmaydigan bo‘lib qoladi,
axloqiy ideallar xiralashadi, estetik did o‘tmaslashadi, ijtimoiy ma‘naviy intilishlar nihoyat darajada sustlashadi. Bu
masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni ham bundan yaxshi emas: oilada totuvlik yo‘qoladi, er va xotin o‘rtasida
moddiy yetishmovchiliklar, «sandiq to‘lmayotgani» borasida tez–tez aytishishlar, ta‘na–dashnomlar, janjallar bo‘lib
turadi, ba‘zan ular katta oilaviy mojarolarga ham aylanib ketadi. Bunday eskicha–an‘anaviy oiladagi muhit atrofdagi
boshqa oilalarga ham salbiy ta‘sir ko‘rsatadi, jamiyatning zaif, ma‘naviy saviyasi past xalqasi sifatida millat
tarbiyasini ma‘lum ma‘noda buzadi. Ayni paytda o‘z a‘zolarining ham «gap–so‘zdan» qo‘rqadigan, maqtanchoq,
ijtimoiy–siyosiy «savodsiz», umrini kundalik mayda tashvishlar bilan o‘tkazadigan odamlar bo‘lib qolishlariga olib
keladi.
Yangicha zamonaviy oiladagi muhit esa buning aksi: to‘y–ma‘rakalarda eng yomon illat bo‘lmish
isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilmaydi. Ularga ketadigan ortiqcha sarf–xarajatlar imkoni boricha qisqartirilib, asosiy
mablag‘ oilaning farovonligini, intellektual va maishiy darajasini yuksaltirishga yo‘naltiriladi. Bunday oilada
totuvlik, xotirjamlik qaror topadi, dasturxon ustidaga suhbatlar Yangi kitoblar, filmlar, ijtimoiy–siyosiy Yangiliklar,
inernet xabarlari ustida boradi, dam olish maskanlariga borish rejalari tuziladi; asosiy xatti–harakat farzandlarning
oliy ma‘lumotli bo‘lishiga, zamonaviy kasbiy mahoratni egallashiga, ularni halq va Vatan faxrlanadigan shaxslar
bo‘lib yetishishlariga qaratiladi.
Agar eskicha–an‘anaviy oilaviy muhit O‘zbekistonda erkin demokratik fuqarolik jamiyati qurilishiga
to‘sqinlik ko‘rsatsa, Yangi zamonaviy oila muhiti uning tezroq ro‘yobga chiqishi uchun muhim omil bo‘lib xizmat
qiladi.
Oilaviy mulk, farzand tarbiyasi va oilaning tarqalishi. Oilaning yana bir jihati – uning o‘z mulkiga
egaligi. Agar nikoh oilaning botiniy ko‘rinishi bo‘lsa, oilaviy mulkni uning tashqi ko‘rinishi deyish mumkin.
Oilaning mavjud bo‘lishi uchun ishlab topiladigan mablag‘ ham zarur. Oila uchun topiladigan ana shu mablag‘,
shubhasiz, axloqiy tabiatga ega: oila boshlig‘i oila a‘zolarini halol yedirib–ichirishi, kiydirishi lozim. Oilani odatda
erkak kishi boshqaradi. U nafaqat «topib keladi», balki oilaviy mulkka xo‘jayinchilik qilish, uni taqsimlash
huquqiga ham ega.
Yuqorida aytganimizdek, nikoh ezgu maqsadga yo‘naltirilgan, zimmasiga zurriyot qoldirishdek yuksak
mas‘uliyat yuklangan, axloq bilan chegaralangan qo‘shiluv, birlashuv; bu birlashuvdan maqsad – hayotda o‘zlaridan
yaxshiroq, mukammalroq bo‘lgan, o‘zlari erisholmagan orzularni ro‘yobga chiqaradigan odam nusxalarini yaratish.
Bunday odamlar farzandlardir. SHu munosabat bilan SHimmel xonim o‘zining avvalgi boblarda tilga olingan
kitobida ba‘zi mutasavviflar uchun umumiylik tabiatiga ega bo‘lgan qiziq bir fikrni keltiradi: «Ba‘zi so‘fiy–teosofik
oqimlarning tarafdorlarida mahsulot beradigan har bir xatti–harakatni «nikoh» deb atashga moyillik bor. Ularning
fikricha, po‘lat bilan chaqmoqtosh birlashsa, bu nikohdan yanada yetukroq farzand, ya‘ni olov dunyoga keladi.
Erkaklik va ayollik unsurlarining birlashuvi hayotni yanada yuqoriroq pog‘onaga chiqaruvchi omildir»
142
.
141
Byron. Don Juan. M., Foreign language publishing house, 1948. P. 124.
142
Шиммел А. Жонон менинг жонимда, 44 – 45-б.
SHu bois oilada bolaning ahamiyati nihoyatda katta. Ota bolada o‘z jufti halolini, ona esa sevimli erini
ko‘radi: bolada er–xotinning muhabbati predmetlashadi, jonlanadi. Bola – oilani tutib turuvchi jonli muhabbat.
Bolalar oilada umumiy oilaviy mulk hisobiga yeb–ichadilar, tarbiya oladilar.
Oilada bolalar intizomli bo‘lib o‘smoqlari, ota–onaga bo‘ysunishlari lozim. Lekin bu intizom erkin o‘sib
kelayotgan go‘dakni qullikka o‘rgatish emas, balki bolalarga xos erka–tantiqlik, o‘zboshimchalik singari salbiy
xususiyatlarni yo‘qotishga xizmat qilishi kerak. Ota–onaga bo‘ysunishdan bosh tortishga yo‘l qo‘yish bolaning
kelajakda qo‘pol, badxulq, nokamtarin bo‘lib yetishuviga olib keladi. SHu bois oila ilk axloqiy tarbiya o‘chog‘i
sifatida katta ahamiyatga ega.
Oila tarqalishi ham mumkin. Buning turli sabablari bor. Biri – oilaning axloqiylik nuqtayi nazaridan
tarqalishi. Bunda bolalar balog‘atga yetgach, erkin shaxs sifatida Yangi oilaga asos bo‘lishlari – o‘g‘il bolalarning
uylantirilishi, qizlarning erga berilishi nazarda tutiladi. Uylantirilgan o‘g‘illarga ham, erga berilgan qizlarga ham
Yangi oila qurish va uni moddiy jihatdan dastlabki paytlarda muhtojlikdan saqlab turish uchun yetarli bo‘lgan uy–
ro‘zg‘or ashyolari ajratiladi.
SHuningdek, oilaning tabiiy tarqalishi ham mavjud. Unda ota–onaning yoki otaning vafoti tufayli oila
mulkining meros tarzida bir yoki bir necha farzandga o‘tishi munosabati bilan oila tarqalishi mumkin.
Bundan tashqari, nikoh bekor qilinishi munosabati bilan oila tarqaladi. Aslida nikoh ham diniy, ham
dunyoviy nuqtayi nazardan buzilmasligi kerak. Lekin o‘rtada xiyonat sodir bo‘lishi yoki yana boshqa bir xil sabablar
tufayli nikohni faqat axloqiy obro‘ga ega, qonun bilan tan olingan idoralar, masalan, sud, vakolatli ruhoniy bekor
qilishi mumkin, zero u, aytganimizdek, axloqiy hodisa. Har bir jamiyat mana shu so‘nggi turdagi oila tarqalishiga
qarshi kurashadi. Bunday oila buzilishi qancha kamaysa, u o‘sha jamiyatning axloqiy jihatdan takomillashib
borayotganini anglatadi. «Muxtasar aytganda, hammamizga ayon bo‟lishi tabiiyki, oila sog‟lom ekan – jamiyat
mustahkam, jamiyat mustahkam ekan – mamlakat barqarordir»
143
.
Dastlabki axloq maskani bo‘lmish oilalar yig‘indisi fuqarolik jamiyatini, millatni tashkil etadi. Fuqarolik
jamiyati mohiyatan oila bilan davlat o‘rtasidagi daraja. Garchand, uning taraqqiyoti davlat taraqqiyotidan keyinroq
ro‘y bersa ham, u albatta davlatni taqozo etadi, ya‘ni fuqarolik jamiyatining yashashi uchun uning oldida mustaqil
nimadir – rasmiy, tizimli boshqaruv bo‘lishi kerak.
Fuqarolik jamiyati zamonaviy dunyomizda vujudga keladi, zero, hozirgi paytdagina fuqarolar huquqi
haqiqatan ham inobatga olinadi. Fuqarolik jamiyatida har bir odam o‘zi uchun maqsad. Biroq, u boshqalar bilan
munosabatga kirishmasdan turib, o‘z maqsadiga to‘la erisha olmaydi: boshqalar uning maqsadga yetishishi yo‘lidagi
vositadir. Natijada har bir alohida maqsad boshqalar bilan o‘zaro munosabatlar vositasida, ularning farovonlikka
intilishini qanoatlantirgani holda, o‘zi ham qanoatlanadi. Boshqacharoq qilib aytganda, fuqarolik jamiyatida yaxshi,
badavlat, baxtli, huquqiy yashash uchun bo‘lgan har bir fuqaroning intilishi pirovard natijada butun jamiyatning
o‘shanday yashashiga olib keladi.
Fuqarolik jamiyati, shunday qilib, bir kishining ehtiyojini uning mehnati vositasida qondirishi barobarida, shu
mehnat vositasida barcha qolganlarning ham ehtiyojini qondiradi. U o‘z a‘zolarining shaxsiy erkinliklari va
huquqlarini himoya qiladi, odil sud vositasida ular mulkiga daxl qilinishiga yo‘l qo‘ymaydi. Fuqarolik jamiyati turli
tabaqalardan tashkil topadi. Ular orasida tabaqaviy yoki sinfiy ziddiyat singari hodisalar ro‘y berishi mumkin emas.
CHunki bunda shaxs – davlat fuqarosi, muayyan inson manfaatlari birinchi o‘rinda turadi va bu manfaatlar,
aytganimizdek, ham axloqiy, ham qonuniy jihatdan himoya qilinadi. Zotan, «Biz uchun fuqarolik jamiyati – ijtimoiy
makon. Bu makonda qonun ustuvor bo‘lib, u insonning o‘z–o‘zini kamol toptirishiga monelik qilmaydi, aksincha,
yordam deradi. SHaxs manfaatlari, uning huquq va erkinliklari to‘la darajada ro‘yobga chiqishiga
ko‘maklashadi»
144
.
Fuqarolik jamiyatining yashash sharti – erkinlik. SHaxsning qonun doirasidagi so‘z erkinligi, fikr erkinligi va
faoliyat erkinligiga to‘la yo‘l qo‘yilmas ekan, fuqarolik jamiyati amalda mavjud bo‘la olmaydi. Bu jamiyatning yana
bir muhim tomoni shundaki, unda qarindoshlik, urug‘doshlik, elatdoshlik singari hissiyotlardan kasbdoshlik,
mahalladoshlik hissiyotlari ustun maqomga ega bo‘ladi; yonma–yon ishlayotgan va yashayotgan jamiyat a‘zolari,
«begonalar» – umumiy maqsad uchun kurashayotgan hamma yelkadoshlar o‘zlarining uzoq qarindoshlaridan ko‘ra
bir–birlariga yaqinroq ekanliklarini anglab yetadilar. Undagi boshqaruv esa erkin tanlov va erkin saylov asosida,
hokimiyat idoralari tazyiqidan qonun bilan himoyalangan ixtiyoriy tuzilmalar ko‘magida ish olib boradi. SHu bois
davlatimiz rahbari Islom Karimov fuqarolik jamiyatini mamlakatimiz siyosiy va davlat qurilishining asosiy
xususiyatlaridan biri sifatida ta‘kidlaydi va bu xususiyatning mohiyatini mahalliy hokimiyat va fuqarolarning
o‘zini–o‘zi boshqarish organlari vazifalarini kengaytirish, ularga davlat vakolatlarining bir qismini bosqichma–
bosqich o‘tkazib borish, nodavlat va jamoat tuzilmalari huquqi va mavqeini oshirishni ko‘zda tutadigan «Kuchli
davlatdan – kuchli jamiyat sari» konsepsiyasini amalga oshirishdan iborat» deb ta‘riflaydi
145
.
Mamlakatimizda hozir erkin, demokratik fuqarolik jamiyatini tuzishga kirishganmiz. Bu jamiyat, ma‘lum
ma‘noda, g‘arbliklar tasavvuridagi fuqarolik jamiyatlaridan farq qiladi. G‘arbda bu borada e‘tibor asosan huquqiy
yo‘nalishning ustuvorligiga qaratilsa, bizda axloqiy–ma‘naviy yo‘nalishning ustuvorligini ko‘rish mumkin. SHu
nuqtayi nazardan olib qaraganda, biz qurayotgan fuqarolik jamiyati G‘arb dunyosi uchun o‘rnak bo‘lishi mumkin.
143
Каримов И.А. Юксак маънавият – енгилмас куч. Т., «Маънавият», 2008, 58-б.
144
Каримов И.А. Хавфсизлик ва барқарор тараққиѐт йўлида. Т., «Ўзбекистон», 1998, 127-б.
145
Каримов И.А. Донишманд халқимизнинг мустаҳкам иродасига ишонаман. «Фидокор» газетаси, 2000 йил,
8 июн.
Bu faxrlanish hissidan kelib chiqqan balandparvoz gap emas. Masala shundaki, G‘arb jamiyatlari hozirgi paytda
axloqiylikni huquqiylikning yuqori bosqichi sifatida qabul qilmoqdalar. Lekin ular uchun «axloqiy o‘rin
bo‘shatishdan» ko‘ra «huquqiy o‘rinni egallab turish» nafaqat qonuniy, balki zavqliroq tuyuladi. Bizning
mentalitetimizda esa buning aksi – har bir «axloqiy o‘rin bo‘shatish» o‘zbek qalbiga quvonch, o‘z insonlik burchini
bajarganlik hissini to‘ldiradi.
Bundan tashqari, bizda fuqarolik jamiyati qurishni ma‘lum ma‘noda tezlashtiradigan, G‘arb mentalitetiga xos
bo‘lmagan mahallalar bor. O‘zbek mahallalari tom ma‘noda axloqiy tarbiyaning maskani; oila kattalari bolaga
qanchalik tarbiya bera olsa, o‘sha oila yashayotgan mahallaning tarbiya borasidagi hissasi ham shuncha bo‘ladi,
desak xato qilmaymiz. Buning ustiga, mahallada xalqimizning qadimiy demokratik an‘analari hozir ham o‘z kuchini
yo‘qotgan emas. Mahallada yashayotgan hukumat a‘zosi ham, millioner tijoratchi ham, farrosh ham, oddiy
o‘qituvchi ham bir xildagi mahalladoshlik huquqiga ega. CHunonchi, mahallaning oqsoqoli oddiy o‘qituvchi
bo‘lishi mumkin va ko‘p hollarda shunday ham. Hukumat a‘zosi yoki millioner esa, mahallada faqat mahalladoshlik
«lavozimi»da bo‘ladi. Ularning farqlanishi faqat axloqiy jihatlari bilangina belgilanadi. Ana shu xususiyatlari bilan
mahalla o‘z–o‘zini boshqarish tuzilmasi sifatida oiladan fuqarolik jamiyatiga o‘tish uchun axloqiy ko‘prik bo‘lib
xizmat qiladi. Bunday oraliq bog‘lovchi tuzilma, yuqorida aytganimizdek, G‘arb olamida yo‘q. Demak, shunga
ko‘ra ham, bizda fuqarolik jamiyatiga o‘tish nisbatan osonroq kechadi, degan fikrni bildirish mumkin. Bu borada
Respublikamiz Prezidenti Islom Karimovning: «SHu ma‘noda mahallani o‘z–o‘zini boshqarish maktabi, ta‘bir joiz
bo‘lsa, demokratiya darsxonasi, deb atash mumkin», – degan so‘zlari ayni haqiqatdir.
146
Shunday qilib, fuqarolik jamiyati muayyan xalq uchun jam bo‘lib, jamoat tarzda yashashning eng oliy shakli
hisoblanadi va nosiyosiy bo‘lgan barcha munosabatlarni o‘z ichiga oladi. Unda shaxs erkinligi «individning
ochilishi» ixtiyoriy tarzda tuzilgan fuqarolar uyushmalari, tashkilotlari va birlashmalari doirasida o‘zini namoyon
qiladi; iqtisodiy, diniy, ma‘naviy, axloqiy–estetik milliy, oilaviy v.b. munosabatlar davlat idoralarining
aralashuvisiz, o‘z–o‘zini boshqarish asosida amalga oshiriladi.
15-mavzu: Axloqiy madaniyat va qadriyatlar
Reja:
1. Muomala madaniyati – axloqiy madaniyatning tarkibiy qismi va uning ijtimoiy-tarixiy ahamiyati.
2. Kasbiy odobning axloqiy madaniyat bilan uyg'unligi.
3. San'atning shaxs axloqiy tarbiyasiga ta'siri.
4. ―Ommaviy madaniyat‖ning yoshlar dunyoqarashiga ta'siri.
Axloqiy madaniyatning eng muhim unsurlaridan biri – muomala odobi. U, mohiyatan, o‘zaro hamkorlikning
shakllaridan biri. Inson zoti bir–biri bilan hamkorlik qilmasdan, o‘zaro tajriba almashmasdan, bir–biriga ta‘sir
ko‘rsatmasdan rasmana yashashi mumkin emas. Muomala odam uchun ehtiyoj, zarurat, sog‘lom kishi usiz ruhan
qiynaladi, kayfiyati tushib boradi. Bu o‘rinda buyuk ingliz yozuvchisi Daniel Defo qalamiga mansub mashhur
«Robinzon Kruzoning sarguzashtlari» asarini eslashning o‘ziyoq kifoya: Jumaboyni topib olgan Robinzonning
naqadar quvonishiga ham sabab ana shunda.
Muomala odobi boshqa kishilar qadr–qimmatini, izzatini joyiga qo‘yishni, an‘anaviy axloqiy–me‘yoriy
talablarni bajarishni taqozo etadi. SHuning barobarida, u insondagi yaxshi jihatlarni namoyon etishi, ko‘zga
ko‘rsatishi bilan ham ajralib turadi. Uning eng yorqin, eng sermazmun va eng ifodali namoyon bo‘lishi so‘z, nutq
vositasida ro‘y beradi. So‘zlash va tinglay bilish, suhbatlashish madaniyati muomalaning muhim jihatlarini tashkil
etadi. SHu bois muomala odobi o‘zini, eng avvalo, shirinsuxanlilik, kamsuqumlik, bosiqlik, xushfe‘llilik singari
axloqiy me‘yorlarda namoyon qiladi.
Darhaqiqat, muomala odobida muloqotning asosi bo‘lmish til katta ahamiyatga ega. Zero, odamlar bir–
birlarini til orqali tushunadilar, til vositasida o‘z fikrini o‘zgaga yetkazish ma‘lum ma‘noda san‘at. Zarur so‘zni
topish, muayyan holatga mos keladigan ifodaviy vositalarni qo‘llash, fikrni jumlaviy jihatdan to‘g‘ri ifodalash, aniq,
bosiq, salobat bilan so‘zlash hamsuhbatingiz yoki tinglovchining diqqatini tortishda muhim rol o‘ynaydi,
so‘zlovchining nutq madaniyati darajasini ko‘taradi. Muomala odobida tilning sofligi masalasi ham muhim. Til
sofligi buzilishining asosiy uch xil ko‘rinishi mavjud: birinchisi – bir tilda so‘zlashayotib, ikkinchi tilga o‘tib ketish,
to‘g‘rirog‘i, birvarakay «ikki tilda» so‘zlashish, misol qilib, ikki talabaning so‘zlashayotganda o‘zbek tilida rus
tiliga, rus tilidan o‘zbekchaga muntazam o‘tib turishini olish mumkin, bu ba‘zilar uchun odatiy hol bo‘lib qolgan.
Ikkinchisi – bir tilda so‘zlashayotib, ikkinchi tildagi so‘zlarni, ayniqsa jargonlarni ishlatish. M., «davay», «koroche»,
v.h. Til sofligining uchinchi buzilishi esa bir tilda so‘zlashgan holda o‘sha tildagi «parazit» so‘zlarni qo‘llashda
ko‘rinadi. M., «anaqa» «haliginday» v.h. Muomaladagi bunday til sofligining buzilishlari hamsuhbatlarga bilinmasa
ham, chetdan kuzatgan odamga nihoyatda xunuk ko‘rinadi.
Muomala odobida «siz» va «sen»ning o‘z o‘rnida qo‘llanilishi ham ahamiyatga ega. Xususan, ota–ona, aka–
opa yoki boshqa yoshi katta odamlar uchinchi shaxs bo‘lganida ularga nisban birlikdagi «u» olmoshini emas,
hurmatni anglatuvchi «ular» yoki «u kishi» shaklini qo‘llash odobdan. M., «Otam shunday dedi» emas, «Otam
shunday dedilar», «U kishi shuni xohlayaptilar» v.h.
146
Ўша манба.
Suhbat paytida tinimsiz harakatda bo‘lib turish, qo‘lni paxsa qilib gapirish yoki suxbatdoshining yoshini
nazarga olmay, uni oyoqni chalkashtirib o‘tirgan holda tinglash, birov jon kuydirib so‘zlayotganda esnash v.b.
shunga o‘xshash holatlar ham muomaladagi odobsizlikni bildiradi.
Muomala odobining yana bir «ko‘zgusi», bu – insoniy qarash, nigoh, so‘zsiz – noverbal harakatlar.
Ma‘lumki, odamning qarashida, yuz ifodasida, qo‘l harakatlarida uning qay sabablardandir tilga chiqmagan, so‘zga
aylanmagan hissiyoti, talablari o‘z aksini topadi. CHunonchi, suhbatdoshining gapini oxirigacha eshitmay, qo‘l
siltab ketish – muomaladagi madaniyatsizlikni anglatadi. Ba‘zan qarab qo‘yishning o‘zi so‘zdan ham kuchliroq
ta‘sir ko‘rsatadi. Deylik, bir quruvchi usta o‘z shogirdining xatti–harakatlaridan noroziligini bildirish uchun bosh
chayqab, jilmayib qo‘yishi mumkin. Ikkinchi usta esa, bir lahza o‘qrayib qarash bilan munosabatini ifodalaydi.
Birinchi usta yuz ifodasi va xatti–harakati bilan: «Obbo shovvoz–ey, sal shoshilibsan–da, ha, mayli, zarari yo‘q,
shunaqasi ham bo‘ladi», degan ma‘noni anglatsa, ikkinchi ustaning qarashidan: «Yana ishni rasvo qilibsan–ku,
padarla‘nat, qachon odam bo‘lasan?!», degan so‘zlarni uqish mumkin. SHubhasiz, birinchi usta muomalada odobga
rioya qilgan bo‘lsa, ikkinchisi uning aksi – shogirdining emas, o‘zining odobsizligini ko‘rsatmoqda.
Umuman olganda, muomala odobi kishilarning nasihat qilmasdan va odob o‘rgatmasdan bir–biriga ta‘siri,
tarbiya va o‘z–o‘zini tarbiya vositasi sifatida diqqatga sazovor. SHu sababli yoshlarimizda muomala odobini
shakllantirish hozirgi kunda jamiyatimiz oldida turgan muhim vazifalardan. Bunda ota–onaning, mahalla–ko‘yning
ta‘siri katta. Undan foydalana bilish kerak. Zero, axloqiy komillikka erishish muomala odobini egallashdan
boshlanadi.
Axloqiy madaniyat kasbiy odobda ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. CHunki inson voyaga yetib, bir kasbning
boshini tutgach, o‘z kasbi doirasida odamlar bilan muntazam munosabatda bo‘ladi. Bu munosabat, bir tomondan,
hamkasabalar davrasida ro‘y bersa, ikkinchi jihatdan, u kasb talabiga binoan uchrashadigan turli toifadagi odamlar
bilan yuzaga keladi. Ayni paytda, kasbiy odob axloqiy madaniyatning eng yuksak shakllaridan biri; uning jamiyat
axloqiy hayotidagi o‘rni yuksak. SHu bois kasbiy odobga bafurjaroq to‘xtalish joiz.
Har bir jamiyatda muayyan guruhlar borki, egallagan kasblari ularni boshqa jamiyatdoshlariga nisbatan
imtiyozli darajaga olib chiqadi. Ko‘pchilik jamiyat a‘zolarining hayot–mamotlari, sog‘ligi, ma‘naviy sog‘lomligi,
huquqiy himoyasi, ilmiy salohiyatining namoyon bo‘lishi kabi omillar o‘shanday imtiyozli kasb egalarining o‘z
kasbiy burch mas‘uliyatini qay darajada his etishlariga, halollik va vijdon yuzasidan ish ko‘rishlariga bog‘liqligi
hammaga ma‘lum. CHunonchi, tabobat xodimini, jarrohni olaylik. Deylik, u har bir operatsiya kunida bir necha
kishini hayotga qaytaradi; yuzlab odamlar uning yordamiga muhtoj, unga umid va ishonch, ilinj bilan qaraydilar.
Bordi–yu, shaxsiy manfaat yo‘lida jarroh o‘z bemoriga xiyonat qilsa–chi, ya‘ni, uni qasddan halok etsa–chi? Kim
uni shunday qilmasligini kafolatlaydi? Yoki jurnalistni olaylik. U shaxsiy manfaati yo‘lida, kasbining
kamyobligidan foydalanib, begunoh kishilarni ma‘naviy azobga qo‘yishi, atayin jamiyat oldida sharmanda qilishi va
shuning hisobiga o‘zining ba‘zi bir muammolarini hal qilib olishi mumkin emasmi? Mumkin. Zero, to haqiqat
yuzaga chiqquncha nohaq tanqidga uchragan shaxsning adoi tamom bo‘lishi hech gap emas. Xo‘sh, jurnalistning
shunday qilmasligini kim kafolatlaydi?
SHu bois boshqalarning qo‘lidan kelmaydigan ishlarni bajara oladiganlar faoliyatida o‘zboshimchalik,
manfaatparastlik, xudbinlik va kasbni suiiste‘mol qilish singari illatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun, shuningdek, ular
axloqiy darajasini yuksak bosqichda turishini ta‘minlash maqsadida ko‘p hollarda o‘zaro qoidalar majmui
yaratilgan. Bu qoidalar majmui, odatda, qasamyod yoki me‘yorlar ko‘rinishini olgan. Uni buzish o‘ta odobsizlik va
axloqsizlik, hatto jamiyatga xiyonat tarzida baholanadi. Bunday qasamyodlar juda uzoq tarixga ega. Misol tariqasida
hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan Qadimgi Yunon hakimi Hippokrat (milodgacha V–IV asrlar)
tomonidan qisqa va lo‘nda shaklda tuzilgan, tabobat xodimlari kasbiy odobi qonun–qoidalari jamlangan mashhur
«Hippokrat qasami»ni keltirish mumkin.
Tarixda o‘z dushmanini davolagan tabiblar ham ko‘p uchraydi. CHunonchi, qadimgi hind eposi
«Ramayana»da (II asr) behush yotgan Lakshman boshida turgan devlar shohining xos tabibi kechinmalari shu
jihatdan muhim. Tabib oldida ikki yo‘l bor edi: biri – saltanat dushmanini muhtoj bemor sifatida davolash, ikkinchi
yo‘l davolashdan bosh tortish bilan uni o‘limga mahkum etish. Tabib uzoq mulohazadan so‘ng tabiblik odobi
qoidalariga bo‘ysunishni – Lakshmanni davolashni afzal ko‘radi. Zero, kasbiy odob qonun–qoidalari talabiga ko‘ra,
bemor to‘shagi ustidagi tabib uchun do‘st yoki dushman degan tushunchalar o‘z ma‘nosini yo‘qotadi, uning qoshida
faqat tibbiy yordamga intizor, shafqatga muhtoj, zaif inson yotadi. Davolanib hayotga qaytgan Lakshman devlar
mamlakatining tengsiz buyuk jangchisi va saltanat valiahdi Indirjidni jangda halok etadi hamda tabib fuqaro bo‘lgan
Lanka davlatining tanazzuliga yo‘l ochadi. Lekin, kitobxon tabibni xiyonatkor yoki sotqin demaydi, aksincha, uning
ma‘naviy jasoratiga, halolligiga, kasbiy burchiga sodiqligiga hayrat bilan tasannolar o‘qiydi.
Yoki mashhur rus olimi akademik Andrey Saxarovning taqdirini olaylik. Buyuk nazariyotchi, fizik,
termoyadro sohasida tengi yo‘q mutaxassis, vodorod bombasining asosiy kashfiyotchisi, Vatan mudofaasini
mustahkamlashdagi xizmatlari uchun o‘nlab orden va medallar sohibi, ikki marta Sotsialistik Mehnat Qahramoni,
obro‘li, badavlat bu insonga nima yetishmasdi? Nega u hammasidan kechishga – ommaviy qirg‘in qurollari,
jumladan, o‘zi yaratgan vodorod bombasi sinovlariga ochiq bayonotlar bilan qarshi chiqishga ahd qildi? Natijada
qatag‘onlarga asoslangan sho‘rolar tuzumi uni ilmiy jamoatchilikdan ajratib, poytaxtdan olisdagi Rossiya
shaharlaridan biriga badarg‘a qildi, uning nomini matbuotda yoki kitoblarda qayd etilishini taqiqladi. Vaholanki, u
hammadan izzatliroq yashay olishi mumkin edi. Saxarov yuksak axloq yo‘lini tanladi – olimlik burchi, odobi
talablarini bajarishni har qanday boylik, izzat–ikromdan baland qo‘ydi. Buyuk olim o‘z kashfiyoti insonning eng
oliy huquqi bo‘lmish – yashash huquqiga rahna solishi mumkinligi va qisman solayotgani uchun uni amalda
qo‘llanilishiga qarshi kurashdi. U sho‘rolar hukumati va mafkurachilari tomonidan o‘zining Vatan mudofaasi
quvvatini susaytirishga harakat qilgan salkam xiyonatkor fuqaro deb e‘lon etilishiga, boshiga behisob tuhmatlar,
ta‘na–dashnomlar yog‘dirilishiga sabot bilan chidadi, ahdidan qaytmadi, yovuzlik saltanati qo‘lida o‘z olimlik
iste‘dodining qo‘g‘irchoq bo‘lishiga, harbiy murvatga aylanishiga yo‘l qo‘ymadi. Oxir–oqibatda u inson
huquqlarining jahon tan olgan eng buyuk himoyachilaridan biri sifatida butun insoniyat tahsiniga sazovor bo‘ldi.
Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
Bulardan tashqari, muallimlik odobi, huquq–tartibot xodimlari odobi, muhandis odobi singari birqancha
kasbiy odob turlari borki, ular ham jamiyatda axloqiy munosabatlar silsilasida muhim ahamiyatga ega. SHuni aytish
kerakki, barcha kasbiy odob qonun–qoidalarining ta‘sir doirasi, miqyosi bir xil emas. Ba‘zi bir kasbiy odobning
buzilishi oddiy odobsizlik doirasidan chiqib, axloqsizlikka aylanib ketadi. Masalan, rahbarlik odobidagi ba‘zi
nuqtalarga to‘xtalaylik. Rahbar quyi lavozimdagilarga mensimay, qo‘pol munosabatda bo‘lishi, o‘ziga ishonib
topshirilgan hudud yoki tashkilotdagi oddiy odamlar arz–dodiga, orzu–istaklariga to‘ralarcha qarashi odobsizlikka
kirsa, uning shaxsiy boylik orttirishi yo‘lida korruptsiya vositasida mamlakat, viloyat yoki tashkilot manfaatlarini
qurbon qilishi axloqsizlik, nafaqat rahbarlik kasbiga, balki Vatanga ham xiyonat tarzida baholanishi mumkin.
Ba‘zan kasbiy odobning kasbiy axloq deb atalishi ham ana shundan.
Rahbarlikning axloqiy jihatlari, rahbar borasida Islom Karimovning mana bu fikrlari bag‘oyat ibratlidir:
«Oddiy odamlarning rahbarlarga munosabati ikki fuqaro o‘rtasidagi munosabatgina emas. Ayni paytda u jamiyatda
qaror topadigan ma‘naviy–ruhiy, siyosiy–axloqiy muhitni ham yaratadi… Haqiqiy rahbar odamlarning ko‘ngliga
yo‘l topib, ularni ezgulikka, yaxshilikka, yaratishga da‘vat etadi»
147
.
Yuqorida keltirilganlardan ko‘rinib turibdiki, kasbiy odob muammosi, ba‘zilar o‘ylaganidek,
axloqshunoslikning mayda masalalaridan emas. Uni har tomonlama o‘rganish, kasbiy erkinlik va kasbiy burch
munosabatini tadqiq etish XXI asr axloqshunosligida muhim o‘rin egallayajak. Zero, kasbiy odob shaxs va jamiyat
axloqiy hayotida o‘zini amaliy axloq tarzida namoyon etuvchi ma‘naviy hodisa sifatida baholanishi lozim.
Insonning axloqiy hayoti uning axloqiy tarbiyasi bilan chambarchas bog‘liq. Zero, axloqiy tarbiya insonning
shaxs bo‘lib yetishuvini ta‘minlaydigan uzluksiz jarayonlaridan biri. Unda individ axloqiy qadriyatlarni anglab
yetadi, o‘zida axloqiy fazilatlarni barqaror etadi, axloqiy tamoyillar va me‘yorlar asosida yashashga o‘rganadi.
Axloqiy tarbiya insoniyat tarixi mobaynida ikki muhim masalaga javob izlaydi: bulardan biri – qanday
yashamoq kerak, ikkinchisi – nima qilmog‘–u, nima qilmaslik lozim. Ana shu savollarga javob izlash jarayoni
axloqiy tarbiyaning amaliy ko‘rinishidir.
Tarbiya ona qornidan boshlanadi degan gap bor. Uning asl ma‘nosi, avvalo, ota–onaning o‘zi axloqiy tarbiya
ko‘rgan bo‘lishi kerak degani. Zero, qush inida ko‘rganini qiladi: ota–ona oilada yuksak axloq namunasini
ko‘rsatishi lozim.
SHuni ham alohida ta‘kidlash joizki, axloqiylik insonda faqat axloqiy tarbiya vositasidagina vujudga keladi,
degan moddiyatchilik qarashlari ko‘p yillar mobaynida hukmronlik qilib keldi. To‘g‘ri, axloqiy tarbiyaning
ahamiyati nihoyatda katta. Lekin axloqiylik insonga uning insoniylik belgilaridan eng muhimi sifatida ato etilgan
ilohiy ne‘mat. SHu ma‘naviy ne‘mat–asosni axloqiy tarbiya yordamida takomillashtiramiz. Aks holda maymun va
itlardan ham axloqiy mavjudot tarbiyalab yetkazishimiz mumkin bo‘lur edi.
SHunday qilib, axloqiy tarbiya inson farzandini takomilga, komillikka yetkazish yo‘llaridan biri. Uning
vositalari ko‘p. Ularning bir qismi an‘anaviy tarbiya vositalari bo‘lsa, yana bir qismi zamonaviy vositalar. Odatda,
har ikki turdagi vositalardan foydalaniladi. CHunonchi, maktabgacha bo‘lgan axloqiy tarbiyada ertak va rivoyatlar
vositasidagi an‘anaviy tarbiya bilan o‘yinchoqlar va o‘yinlar vositasidagi zamonaviy tarbiya muvaffaqiyatli
qo‘llaniladi; bunda bola qizg‘anchiqlik, g‘irromlik qilmaslikka, halol bo‘lishga o‘yinlar yordamida da‘vat etiladi.
Bolalar axloqiy tarbiyasida televidenie, radio, qo‘g‘irchoq teatri, kino san‘ati katta rol o‘ynaydi.
Umuman, axloqiy tarbiyaning eng kuchli vositasi – san‘at. Bu vosita aholining barcha tabaqasini, turli
yoshdagi shaxslarni qamrab oladi. Ayniqsa, san‘atning badiiy adabiyot turi keng qamrovli. Ertakdan tortib
romangacha bo‘lgan janrlarda chop etilgan asarlar shaxsning axloqiy shakllanishida ulkan xizmat ko‘rsatadilar. Ular
orqali kitobxon tarbiyalanuvchi sifatida ezgulik va yovuzlik nimaligini badiiy idrok etadi; ideal tanlashda ham
ularning ahamiyati katta. Bundan tashqari, badiiy adabiyotning bevosita axloqiy tarbiyaga mo‘ljallangan hikoyatlar,
rivoyatlar va nasihatlar majmualari borki, biz ularni, avval aytganimizdek, pandnomalar deb ataymiz: «Kalila va
Dimna», «Qobusnoma», «Guliston», «Zarbulmasal» singari bunday mumtoz asarlar an‘anaviy axloqiy tarbiya
vositasi sifatida necha asrlardan buyon qanchadan–qancha avlodlarga xizmat qilib keldi, bundan buyon ham
shunday bo‘lib qolajak.
Axloqiy tarbiyaning barcha zamonlar uchun dolzarb bo‘lgan yo‘li, bu – namunaviylik tamoyili. Oilada,
avvalo, yuqorida aytilganidek, ota–ona bolaga axloqiy namuna bo‘lishi kerak. Maktabda va oliy o‘quv yurtida
muallimlarning ta‘lim berish usullaridan tortib, to «mayda–chuyda» xatti–harakatlarigacha o‘z shogirdlari
tomonidan shaxsiy namuna tarzida qabul qilinishini nazardan qochirmaslik lozim. Ustoz–shogirdlik
munosabatlaridagi muomala odobi, halollik, rostgo‘ylik yoshlar axloqiy tarbiyasi shakllanishini ta‘minlovchi
omillardandir.
Hozirgi paytda axloqiy tarbiyaning eng kuchli zamonaviy vositasi sifatida televidenieni keltirish mumkin. U
deyarli barcha san‘at turlarida yaratilgan asarlarni ekranlashtirish va ekranda ko‘rsatish imkoniga ega. Bundan
tashqari, unda maxsus axloqiy tarbiyaga bag‘ishlangan muntazam ko‘rsatuvlar ham berib boriladi. O‘zbek tilidagi
147
Каримов И.А. Биз келажагимизни ўз қўлимиз билан қурамиз. Т., «Ўзбекистон», 1999, 77-б.
«Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi», «Rivoyat», «Oqshom ertaklari» singari ko‘rsatuvlar bunga misol bo‘la oladi. SHu
bois televidenie hech qachon yengiltaklikni targ‘ib etuvchi qo‘shiqlar, salkam pornografik reklamalar, inson qalbini
qattiqlashtiradigan «o‘ldir–o‘ldir»lardan iborat seriallar korxonasi bo‘lib qolmasligi kerak.
Axloqiy tarbiya aslida axloqiy madaniyatning o‘zagini tashkil etadi, biz ko‘rib o‘tgan muomala odobi, etiket,
kasbiy odob singari axloqiy xatti–harakatlar uchun asos vazifasini o‘taydi. Biroq u o‘zini yetarli namoyon qilishi
uchun ta‘lim bilan doimiy aloqada bo‘lishi shart. SHuning uchun biz ko‘pincha «ta‘lim–tarbiya» degan qo‘shaloq
atamani qo‘llaymiz. Ta‘lim–tarbiyada tarbiyalanuvchiga bola deb emas, bo‘lajak komil inson deb qarash muhim.
SHu o‘rinda Prezident Islom Karimovning quyidagi gaplari bag‘oyat diqqatga sazovor:
«Buning uchun har qaysi ota–ona, ustoz va murabbiy har bir bola timsolida avvalo shaxsni ko‘rishi zarur.
Ana shu oddiy talabdan kelib chiqqan holda, farzandlarimizni mustaqil va keng fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lgan,
ongli yashaydigan komil insonlar etib voyaga yetkazish – ta‘lim–tarbiya sohasining asosiy maqsadi va vazifasi
bo‘lishi lozim, deb qabul qilishimiz kerak. Bu esa ta‘lim va tarbiya ishini uyg‘un holda olib borishni talab etadi»
148
.
SHunday qilib axloqiy tarbiyaning aqliy–ma‘naviy va jismoniy tarbiya bilan qo‘shib olib borilishi maqsadga
muvofiq. O‘shanda jamiyatimiz har jihatdan kamol topgan fuqarolik jamiyatiga aylanadi. Mamlakatimizda buning
uchun barcha huquqiy–ijtimoiy shart–sharoitlar yaratilgan.
Yana bir muhim muammo, bu – biologik axloq. Mazkur hodisa so‘nggi bir necha o‘n yillik ichida sof tabobat
muammosidan axloqiy muammoga aylandi: endilikda, birovning muayyan a‘zosini boshqa bemorga jarrohlik
operatsiyasi yo‘li bilan o‘tkazish orqali kishi hayotini saqlab qolish axloqiy nuqtayi nazardan qanday baholanadi,
degan savol kun tartibida dolzarb bo‘lib turibdi.
Biologik axloq deganda, odatda, bizda ham, jahon axloqshunosligida ham asosan tibbiy axloq, tabobat
muammolariga doir axloqiy yondashuvlar tushuniladi, xolos. Bu unchalik to‘g‘ri emas. Bizningcha, biologik axloq
muammolari ikki yo‘nalishdan iborat: biri – insonlarning kichik biologik olam sifatidagi katta biologik olamga
bo‘lgan munosabatlari bilan bog‘liq «tashqi», ikkinchisi – insonlarning o‘z–o‘ziga va o‘zaro munosabatlaridagi
tibbiyot bilan bog‘liq «ichki» axloqiy masalalar.
Biz odatda «ekologik axloqshunoslik» deganimizda aynan birinchi hodisani nazarda tutamiz. Ikki biologik
olamning munosabatlarini, ya‘ni ekologik axloqiy muammolarni biologik axloq doirasida o‘rganish maqsadga
muvofiqdir.
Hozirgi paytda ekologik axloqning insoniyat uchun naqadar muhimligini hamma biladi, lekin o‘z bilganidan
qolmaydi – muammoning murakkabligi shunda. Biz yuqorida noosfera, tafakkur borasidagi mulohazalarimizda
ekologik buhronilarning ba‘zi ko‘rinishlariga to‘xtalib o‘tdik. Biroq, yana undan tashqari so‘nggi paytlarda jahon
bo‘ylab sintetik jismlar ishlab chiqarish keng yo‘lga qo‘yilganligi, gibrid usulida hayvonot va ayniqsa o‘simliklar
Yangi turlarining vujudga keltirilishi singari hodisalar ham ekologik ahamiyatga ega. Xo‘sh, ular tabiat bilan
singishib, uyg‘unlashib keta oladimi, tabiat ularni o‘ziniki qila biladimi? Bunga hozir javob topish qiyin, ehtimol
kashfiyotlarimizning oqibatlari, yuqorida aytib o‘tganimiz – muayyan tafakkur bilan inson orasidagi «masofaning
uzoqlashib» borishi natijasida ayon bo‘lar?...
Biologik axloqning ikkinchi yo‘nalishi tibbiyot ilmi va amaliyotining tobora taraqqiy topib borishi bilan
bog‘liq.
Biz XII bobda to‘xtalib o‘tganimiz: totli o‘lim – evtanaziya ham biotibbiy axloqning global muammolaridan.
Xudoning ixtiyoridan tashqari o‘limni ixtiyor qilgan kishi diniy nuqtayi nazardan kechirilmaydi. CHunki sabrli,
bardoshli bo‘lish, bu dunyo iztiroblarini toqat bilan boshdan kechirish insonning vazifasi. Lekin axloqiy jihatdan
olib qaraganda masala qanday baholanadi? Deylik, muayyan inson, bemor o‘z kunlarining sanoqli ekanini, lekin bu
kunlar sanoqsiz azoblar ichida o‘tishini biladi. SHu bois u o‘zining ana shu holatini juda yaxshi biladigan boshqa bir
odam – shifokordan azoblariga chek qo‘yishni so‘raydi. Uning iltimosi va shu iltimosni bajarish uchun shifokor
tomonidan qilingan xatti–harakatlarni qanday, baholash mumkin? Bu xatti–harakatlarni insoniylik va
insonparvarlikning ko‘rinishi sifatida qabul qilish to‘g‘rimi? Umuman, evtanaziya axloqiylikmi, axloqsizlikmi? Bu
muammo ham umumjahoniy miqyosda o‘z yechimini kutmoqda.
CHunki tabobat borasidagi so‘nggi tadqiqotlar inson o‘limi bir lahzada ro‘y bermasligini, yurak urishi va
nafas olish to‘xtaganda ham, miya o‘lmasa insonni o‘ldi deyish mumkin emasligini isbotlab berdi. Dastlab miya
qobig‘i, undan keyin miya tanasi halok bo‘ladi. SHundan keyingina insonni o‘lgan deb hisoblash mumkin. Zero,
hozirgi kunda toki miya o‘lmas ekan, ko‘pgina ichki a‘zolarning Yangi tabobat texnikasi vositasida ishlashda davom
etishini ta‘minlash va shu orqali muayyan muddatgacha insonda tiriklikning minimal darajasini saqlab turish
mumkin. Demak, yurak yoki buyrakning ko‘chirib o‘tkazilishi hali o‘lmagan odamning minimal tiriklikka bo‘lgan
huquqini poymol qilishdir. Buning ustiga, amerikalik neyroxirurg Pol Pirson o‘z tajribalariga asoslanib, yurak
ko‘chirib o‘tkazilganda ruh ham ko‘chib o‘tadi, degan fikrni bildiradi. CHunonchi, 19 yashar qizning yuragi 40
yashar erkakka o‘tkazilganida, uning fe‘l–atvorida juda katta o‘zgarishlar ro‘y bergan. Yoki 20 yashar qizning
yuragi va o‘pkasi 36 yashar ayolga o‘tkazilganda ham shunga o‘xshash o‘zgarishlar yuzaga kelgan: ayolning
kulishigacha o‘zgarib ketgan. Axloqiy nuqtayi nazardan buni qanday izohlash mumkin?
Biologik axloqshunoslikning anchadan buyon ko‘pchilikka ma‘lum muammosi, bu – abort. Ma‘lumki,
to‘rtinchi haftaning oxirida homilada dastlabki yurak urishi paydo bo‘ladi. Sakkizinchi haftaning oxirida esa miya
tanasining elektrofiziologik faolligini kuzatish mumkin. Demak, har qanday abort, xalq ta‘biri bilan aytganda,
148
Каримов И.А. Юксак маънавият – енгилмас куч. Т., «Маънавият», 2008, 61-б.
jonlini jonsiz qilish, tirik organizmni tiriklikka bo‘lgan huquqdan mahrum etishdir. Xo‘sh, abortni axloqsizlik
tarzida baholash kerakmi yo yo‘qmi? Yoki AQSH olimlari tomonidan «inson zotini yaxshilashga» qaratilgan
tadqiqotlarni olib ko‘raylik. Ularda «yaxshilangan» – sog‘lom, kuchli intellekt egasi bo‘lgan odamlar hujayrasini
ayol organizmidagi endi rivojlanishga kirishgan nisbatan «oddiy odam» hujayrasi o‘rniga ko‘chirib o‘tkazish
tajribalarini olib borish mo‘ljallangan. Ular amalda tatbiq etilsa, asta–sekinlik bilan insoniyat irsiyat
jamg‘armasining (genofondining) bir yoqlama o‘zgarishiga olib kelishi shubhasiz. Rumo papasi buni inson zotiga,
insoniy tabiatga aralashuv, uni zo‘rlik yo‘li bilan o‘zgartirish, na faqat katta gunoh, balki o‘ta axloqsizlik deb atadi.
Xo‘sh, bunday tajribalarni qanday baholash kerak? Bu savollarga ham axloqshunoslik javob topmog‘i lozim.
O‘lim, ma‘lumki, axloqiy nuqtayi nazardan eng ulkan yovuzlik hisoblanadi. Ayniqsa majburiy o‘lim.
SHunga ko‘ra, o‘lim jazosining huquqiy jihatdan qo‘llanilishi mohiyatan jamiyat tomonidan yovuzlikka qarshi
yovuzlik bilan javob berishdir.
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom islom dinining uch asosi borligini aytib, ularning birinchisi odam
o‘ldirmaslik ekanini ta‘kidlaydilar. Buni imom G‘azzoliy «Mukoshafaat ul–qulub»da shunday keltiradi:
«Termiziy va boshqa hadischilar rivoyat qiladilar:
Rasulluloh buyurdilarki:
… Islomning uch dasturi bor. Dinning tamoyili shular ustiga qurilgan. Kim shu asoslardan tashqari chiqsa, bu
bilan u kofirlikka qarab ketgan bo‘ladi:
1 – Qonni (odam o‘ldirishni) halol hisoblasa;
2 – Ollohdan boshqa iloh yo‘qligiga guvohlik (shahodat) bermasa;
3 – Farz bo‘lgan namozni va ro‘zani inkor etsa».
149
Demak, inson hayoti eng oliy qadriyat ekani diniy nuqtayi nazardan ham na faqat tan olinadi, balki birinchi
o‘ringa qo‘yiladi.
O‘lim jazosini kimlar qanchalik oqlashga harakat qilmasin, u – jinoyatchini jazolashdan ko‘ra, undan o‘ch
olishga qaratilgan, qadim–qadimlardan kelayotgan xun olish tamoyilining «demokratlashgan», Yangilangan shakli
sifatida namoyon bo‘ladi. Aslida esa insonning muayyan jinoyatni sodir etgan hatti–xarakatlari qoralanishi kerak,
uning o‘zi emas, u qilgan yovuzlik o‘limga mahkum etilishi lozim – odamni emas, yovuzlikni o‘ldirish oqilona ish
emasmi?! Yovuzlikni o‘ldirish, yovuzlik sodir etgan kishining uzoq muddatli yoki bir umrlik qamoqdagi vijdon
azobi va tazarrusi bilan amalga oshirilgani durustmasmi?!
Bu masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni shundaki, nodemokratik tuzumlarda belgilangan o‘lim jazosi
kamdan–kam hollarda adolatli hukm bo‘lib chiqadi. CHunonchi, Lenin, Stalin, Franko, Hitler, Pol Potlar
hukmronligida millionlab odamlarning qatl etilishi yoki shu yaqin–yaqinlarda, sho‘rolar tuzumi davrida
O‘zbekistonda o‘tkazilgan «Paxta ishi» deb nomlangan qatag‘on paytida otishga hukm qilinganlarning taqdiri bunga
yaqqol misol bo‘la oladi. Ana shu davrlarda o‘limga hukm qilinganlarning juda ko‘pchiligi ke–yinchalik oqlandi,
ular gunohsiz deb topildi. Lekin hukm ijro qilib bo‘lingan: nohaq jazolangan – qatl etilgan insonlar adolat
tantanasini ko‘rolmaydilar.
Uchinchidan, hatto demokratik jamiyatlarda sudlarning hamma vaqt ham yuz foiz to‘g‘ri va adolatli hukm
chiqarishiga kim kafolat beradi – hakamlar ham inson, hamma qatori xato qilishi mumkin. Jamiyatning keyingi
pushaymonidan qatl etilgan odamga nima foyda?
Bu misollarning hammasida o‘lim – tor huquqiy jazo doirasidan chiqib ketadi hamda tarixda aldangan,
adashgan insoniyatning, jamiyatning va shaxsning axloqsizligi sifatida baholanadi. SHu jihatdan qaraganda, hozirgi
paytdagi ko‘pgina demokratik mamlakatlarda o‘lim jazosining bekor qilinishini o‘sha jamiyatlar axloqiy darajasi
bilan bog‘liq ijobiy hodisa deyish mumkin. Bizning mamlakatimizda ham bu borada dadil qadamlar qo‘yilganligi –
avval yosh nuqtayi nazaridan o‘lim jazosini qo‘llashning chegaralanganligi (60 yoshgacha), keyinroq esa uni
butunlay bekor qilishga qaratilgan insonparvarlik harakatlari quvonarli voqea. Bu nafaqat bizga, balki Yyer yuzidagi
barcha mamlakatlarga taalluqli muhim, umumjahoniy muammo.
SHunday qilib, axloqshunoslik oldida ana shunday, tobora globallashib borayotgan axloqiy muammolarni
hal etishda yetakchilik qilish vazifasi turibdi. Zero mazkur global muammolarni bugungi kunda axloqshunoslikning
ahamiyatini belgilab beruvchi barometrlar, deyishimiz mumkin. CHunki ular faqat milliy–mintaqaviy muammolar
bilan dialektik aloqada hal etilishi mumkin. Ya‘ni, axloqiy insondan, axloqiy insoniyatga o‘tish qanchalik tez va
samarali amalga oshsa, odamzod uchun o‘zini ham o‘z sayyorasini ham asrab qolish imkoni shuncha oson
reallashadi.
Dostları ilə paylaş: |