www.ziyouz.com kutubxonasi
85
G'AZOTNING BOSHLANISHI G‘AZOTNING BOSHLANISHI Makka shahridagi Quraysh qabilasining odatlari har yili yoz kunida ularning savdogarlari
katta bir karvon bo‘lishib, tijorat uchun Shom shahriga kelishur edi. Bu safarlarida
Madinaga qarashlik yerlarni bosib o‘tishga to‘g‘ri kelur edi. Bunday karvon eng oz
deganda ikki ming tuyadan kam bo‘lmas edi. Quraysh raislaridan bir qanchasi karvon
kuzatuvchisi bo‘lib, dushmandan saqlanish uchun birga chiqishur edi. Shu odatlaricha
Makkadan chiqqan Quraysh karvonidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xabar
topdilar. Quraysh mushriklari bo‘lsa, butun arab mushriklarining yo‘lboshchilari edi.
Alarning kuch-quvvatlarini sindirib, mol-boshlarini o‘lja olishni maslahat ko‘rdilar. Shu
maqsad ila Rasululloh yalang muhojirlardan yetmish kishilik askar bilan karvon yo‘lini
to‘sgani chiqdilar. Madinaga ansorlardan Sa’d ibn Ubodani o‘z o‘rnilarida xalifa qo‘ydilar.
Dushmanga qarshi birinchi ko‘tarilgan shu safarlaridagi tug‘lari oq o‘nglik (ranglik) edi.
Ani ko‘tarish sharafi Payg‘ambarimizning amakilari Amir Hamzaga topshirildi. Shu
yurganlaricha Makka bilan Madina orasidagi Vaddon degan bir qishloqqa yetdilar. Shu
yerdan uchir (xabar) oldilarkim, Quraysh karvonlari bulardin bir kun ilgariroq o‘tib
ketgan ekanlar. Shundoq bo‘lib, bu chiqishlarida dushmanga yo‘liqmasdan qaytdilar.
Lekin shu safarlarida o‘shal yerlik arablardin — Bani Zomra qabilasining raisi Majd ibn
Amr degan kishi kelib, Rasululloh bilan ko‘rishdi. U chog‘da arab qabilalaridan hech
birlari dinga kirmagan edilar. Qabila raisi, Rasululloh dinga da’vat qilganlarida, qabul
qilishdan bosh tortgan bo‘lsa ham, ikki orada bir sulhnoma tuzilishini Rasulullohdan talab
qildi. Payg‘ambarimiz bu ishga rozilik ko‘rsatib, bir necha shartlar qo‘yilgan bir sulhnoma
yozishga buyurdilar. Shuning bilan bu safar ustida o‘n besh kun yurib, Madinaga
qaytdilar. Bu esa hijratning ikkinchi yili boshlarida bo‘lib, g‘azot safarlarining birinchisi
edi.
«BUVOT» G‘AZOTI Rasululloh Madinaga kelganlaridan keyin ko‘p kun o‘tmay, Quraysh karvonlarining
Shomdin qaytgan xabarini angladilar. Bu karvonda Umayya ibn Xalaf boshliq quraysh
qabilasidan yuz kishicha bo‘lib, alarning ikki ming besh yuz tuyalari bor edi. Rasululloh
buni eshitib, muhojir sahobalardin ikki yuz kishi bilan karvon yo‘lini to‘sgani chiqdilar. Bu
safar g‘azot tug‘ini Sa’d ibn Abu Vaqqos ko‘targan edi. Arablar odatlaricha, tug‘ni kim
ko‘tarsa, shu kishi askar boshlig‘i bo‘lar edi. Rasululloh shu yurganlaricha, Yanbu
yaqinidagi Buvot tog‘iga kelib yetdilar. Qarasalar, Quraysh karvoni iz yashirib, boshqa
yo‘l bilan bularga yetkuzmasdin ketibdurlar. Bu chiqishlarida ham hech qanday hodisa
bo‘lmay, salomat Madinaga yondilar. Bu safarlari hijratning ikkinchi yili Rabiul-avval
oyida yuz berdi.