www.ziyouz.com kutubxonasi
281
ishlarga buyurg‘ay, barcha yomon narsalardan qaytargay. Yolg‘iz Allohgagina ibodat
qilmoqqa amr qilur. Nafs, shayton yo‘li, buzuqchilik ishlardan seni qaytarur. Alloh amrini
qilar ersang, jannatga kirarsan; shayton buyrug‘ida bo‘lsang, do‘zax azobida qolursan.
Agar bu so‘zni qabul qilsang, barcha yaxshiliklarni ko‘rgaysan, umidlik ishlaringga
erishib, qo‘rqinchlik ishlardan qutulgaysan. Yo‘q esa bir kuni kelur, o‘rtadan parda
ko‘tarilur, o‘shanda haqiqat ko‘z bilan ko‘rilur, — dedi.
Shunda Havza:
— Ey Salit, har kimsaning o‘ziga yarasha aqli bordur. O‘zimga yarashur menim ham
aqlim bordur. Butun ishlarimni u bilan o‘lchab ko‘rarman. Lekin shu to‘g‘rida aqlim
boshimdan uchdi, bir ozgina vaqt bergil, aqlimni yig‘ib olib, so‘ngra bu so‘zga javob
berurman,— dedi.
Noma javobining mazmuni ushbudir: «Yuborgan nomangni oldim, da’vat qilgan narsang
ersa na yaxshi ishdur! Men ersam arablar ichida atoqlik shoir, ham xatib erurman. Alar
oldida haybatim bordur. Uzoq-yaqindagi arablar mendan hayiqqaylar. Agar shu ishingda
meni sherik qilur bo‘lsang, ul chog‘da senga tobe bo‘lurman» demishdur.
Shu bilan noma eltgan hazrat Salitga bir qancha sovg‘a-tortiqlar berib qaytardi. Noma
javobini anglagach, Rasululloh:
— Ul o‘zini menga sherik qilishni so‘rabdur. U bir parcha yer so‘rasa ham endi
bermagayman. O‘zi xalok bo‘lur, qo‘lidan davlati ketar, — dedilar.
Makka shahri fath bo‘lgandan so‘ngra, Jabroil alayhissalom vahiy keltirib, aning kofirlik
holida o‘lganligidan xabar berdilar. Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Mendan keyin u joydan yana bir kazzob chiqur. Payg‘ambarlik da’vosini qilg‘ay, ani
Islom askari o‘ldirgay, — dedilar.
Rasululloh deganlaridek, hazrati Abu Bakr Siddiq xalifalik davrlarida u joydan Musaylama
kazzob chiqib payg‘ambarlik da’vosini qildi. Buni anglab hazrati Abu Bakr Siddiq Xolid
ibn Valid qo‘mondasida askar yubordilar. Shu urushda o‘zi o‘ldirilib, askari tarqatildi.
Hozirgi zamonimizda ikki Haramda hukmron bo‘lib turgan saudiylar ham shu joydan
chiqdilar, o‘shal Musaylama kazzob qavmidan erurlar.