ABDULQAYS ELCHILARI Abdulqays qabilasidan kelgan elchilarning soni o‘n olti kishidan iborat edi. Bular ichida
Jorud nomli bir kishi bo‘lib, nasoro dinida edi. Tavrot, Injil o‘qib Rasulullohning sifatlarini
ko‘rmish edi. Bu elchilar kelmasidan burun Rasululloh bulardan xabar bergan edilar.
Shundoqkim, bir kuni sahobalar bilan Madina masjidida o‘ltirgan chog‘larida shunday
marhamat qildilar:
— Mana shu hozirda shu tomondan bir qancha tuya mingan kishilar chiqqaylar. Bular
esa sharqdan kelgan kishilarning eng yaxshilaridur. Dinga kirmakka majbur emaslar,
haqiqatni izlab yiroq yo‘ldan kelurlar. Ot-ulovlari oriqlamish, oziq-ovqatlari
tovsilmishdur. Ular esa Abdulqays qabilasining elchilaridurlar. Ey bor Xudoyo, bu qabilani
mag‘firat qil,— deb duo qildilar.
So‘ngra xiyol o‘tmasdan Rasululloh aytgan tomonlaridan bir qancha kishilar ko‘rina
boshladi. Rasulullohga ko‘zlari tushishi bilan o‘zlarini tuyadan tashlab yugurishdilar.
Rasulullohni qo‘l va oyoqlariga yuz-ko‘zlarini surtishib, yig‘lashgan holda ko‘rishdilar.
Bular ichida Abdulloh ibn Avf ismli bir kishi bor edi. Barchalaridan ul yoshroq bo‘lsa ham,
ularning raislari edi. Yo‘ldoshlaridan ajrab qolib, shoshilmay tuyasidan tushib uni
cho‘ktirdi. So‘ngra xurjunidan ikki dona oq libos olib kiydi. Bu ishlarni Rasululloh
yiroqdan ko‘rib turdilar. So‘ngra o‘z yurishida, boshqalardek yugurmay, to‘g‘ri yurib kelib
Rasululloh bilan ko‘rishdi. Qutlug‘ qo‘llarini o‘pib, yuz-ko‘zlariga surtdi. Abdulloh o‘zi
xunuk yuzli, ko‘rimsiz, kishi edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga uzoqroq
qarab qoldilar.
Anda ul:
— Yo Rasulalloh, inson terisi osh ichgudek idish bo‘lmas, insonning qiymati ersa, ikki
kichik narsasi bilan bo‘lur. Birisi, tili, ikkinchisi aning dilidur,— deb aytdi.