www.ziyouz.com kutubxonasi
365
yalang‘och qilishmi yoki ko‘ylak-ishtonlari ustidan yuvish lozimmi, deyishib maslahat
qilishganlarida, uy burchagidan: «Rasululloh pokdur, yuvmanglar» degan tovush eshitildi
ersa, onalarimiz: «Bu so‘z to‘g‘ridur, Rasululloh pok bo‘lgach yuvdirmaymiz», — degan
so‘zga keldilar.
Hazrati Abbos: «Nima ekanligi bizga ma’lum bo‘lmagan ovozga ishonib, Islom odatini
qanday tashlaymiz?», deb turganlarida, g‘oyibdan yana bir tovush kelib: «Libos ustidan
yuvinglar, men Xizrdurman», dedi.
Qandoq bo‘lsa ham ko‘ylak-ishton ustidan suvga oldilar. Bu muborak xizmatga
kirganlarning hammalari qarindoshlaridan: amakilari hazrati Abbos, Hazrati Ali, hazrati
Abbosning o‘g‘illari Fazl va Qusam, yana Rasulullohning ikki ozod qilgan qullaridan biri
Usoma ibn Zayd va Shaqron edi. Mana shu nomlari yozilgan olti odam muborak
xizmatga kirishdilar. Lekin Rasulullohning qutlug‘ jasadlariga qo‘l urgan kishi Hazrati Ali
edi.
Rasululloh vasiyat qilib:
— Meni Ali yuvsin, o‘zga odam yuvmasinkim, undan boshqa kishining ko‘zi avratimga
tushib qolsa ko‘r bo‘lib qolgay, — degan edilar.
Usoma bilan Fazl ko‘zlari bog‘liq parda orqasidan turib hazrati Aliga suv uzatib turdilar.
Hazrati Abbos va Qusam suv quyishib, o‘ngga-so‘lga ag‘darishib Aliga yordamlashdilar.
Hujra ichiga Rasulullohni yuvish uchun bir chodir tikilgan edi. Shu chodir ichida yuvdilar.
Birinchi hijratlarida kelib tushgan Qubo qishlog‘idagi G‘aras qudug‘idan suv olib keldilar.
Rasululloh hayotlarida ko‘proq shu quduq suvidan ichardilar. Bu quduq yaxshi, buning
suvi jannat bulog‘idan keladi, degan rivoyat ham bordur.
Shundoq qilib, Rasulullohni uch marta yuvdilar. Birinchi, quruq suv bilan, ikkinchisi sidr
qo‘shilgan suvda, uchinchisi kofur qo‘shilgan hidlik suv bilan yuvdilar. Sajda qilganda
yerga tegadirgan joylariga kofur surtdilar. So‘ngra uch qavat oq bo‘zdan tikilgan kafan
qildilar. Yuvishda, kafan qilishda Rasulullohga qanday qilingan bo‘lsa, ummatlariga ham
shunday qilish sunnat bo‘ldi.
Rasulullohni qaysi joyda dafn qilish maslahati bo‘lib, ba’zilari masjid minbari oldiga,
ba’zilari Baqi’ go‘ristoniga deyishdi.
Anda hazrati Abu Bakr Siddiq:
— Payg‘ambarlar qaysi joyda vafot topsalar, shul joyda dafn bo‘ladilar, degan so‘zni
Rasulullohdan eshitgan edim, — deb onamiz Oishaning uyida o‘zlari yotgan to‘shaklari
tagidan qabr qazishdilar. Yuvib bo‘lgandan so‘ngra sarirga solib, ustilarini o‘rab qabr
og‘ziga keltirib qo‘ydilar. Hozir bizning janoza o‘qishimizdek, Rasulullohga janoza
o‘qilmadi. Balki to‘rt to‘p bo‘lishib, kirib har qaysilari imomsiz o‘zlari takbir aytib, salovot
o‘qib chiqar edilar. Eng avval Rasulullohning yaqinlaridan amakilari Abbos, Hazrati Ali
boshliq Bani Hoshimning erkaklari janoza ustiga kirib takbir aytib, duo qilib chiqdilar.
So‘ngra xotinlar, qullar, cho‘rilar, bolalar, har qaysilari o‘z to‘plari bilan kirishib duo qilib,
takbir aytishib, yig‘lashib chiqar edilar. Har kim o‘z bilganicha so‘z aytib, duo qilar edi.
Ba’zi birlari:
— Rasululloh, siz Xudo amrini bizga yetkazdingiz, haq yo‘lni ko‘rsatib, haq dinni bizga
o‘rgatdingiz, Xudo oldida guvohlik beramiz, — der edilar.
Shu tartib ila janoza o‘qilgach, qabrga o‘z urug‘laridan hazrati Abbos va o‘g‘illari Fazl va
Qusamlar tushdilar. O‘rinlariga qo‘yib chiqishlarida Qusam ibn Abbos hammalaridan
keyin chiqdi. To‘qqiz dona xom g‘isht bilan qabr og‘zini berkitdilar. Tuproq solish vaqtida
hazrati Fotima Rasululloh ustlariga kelib: «Tuproq tashlashga qanday ko‘nglinglar
chidaydi?» deb o‘zi yig‘lab, hammani yig‘latdi. So‘ngra qabr tuprog‘idan bir siqim olib
ko‘ziga qo‘yib, ushbu she’rni o‘qib yig‘ladi: