www.ziyouz.com kutubxonasi
367
Payg‘ambarlar ortig‘i bizning Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi
vasallamdurlar.
Payg‘ambarlarning hammalari zohiriy ko‘rinishlarida husn-jamolga, botiniy
yaratilishlarida oliy axloqqa ega edilar. Payg‘ambarimizning jismoniy tuzilishlari ersa
hammadan kelishimroq va ham sog‘lom edi.
Alloh yuborgan barcha payg‘ambarlarning yuzlari chiroylik, qaddi-bastlari ko‘rkam,
tovushlari yoqimlik edi. Ayniqsa, bizning Payg‘ambarimiz hammalaridan ham chiroylik,
yaxshi unlik edilar. Bo‘ylari ersa o‘rtachadan ozgina uzunroq edi. Lekin har qanday
novcha odamlar bilan birga yurganlarida, boshqalar ko‘ziga ulardan egizroq ko‘rinar
edilar. Yolg‘iz yurganlarida o‘rta bo‘ylik ekanliklari bilinur edi. Boshlari katta, ikki yelka
oralari va ko‘krak-ko‘ksilari kengroq bo‘lib, sochlari o‘sganda yelkalariga, o‘smaganda
quloq yumshoqlariga tushar edi. Umrlari ichida to‘rt marta soch oldirib, sochlarini
sahobalar tabarruk qilib, o‘rtalarida bo‘lishib olganlar. Muborak yuzlari oq bo‘lib, qizil
bilan sug‘orilgan edi. Manglaylari (peshonalari) keng, qoshlari egilgan, ingichka, orasi
qo‘shilmagan, burun ustilari egizroq, ham ozgina qangsharlik edi. Muborak yuzlari tekis,
yuz suyaklarida do‘mboqlik yo‘q edi. Tishlari injudek tizilgan, yaltiroq, soqollari siyrak
emas, qalinroq, ko‘zlari qora, ham kattaroq edi. Yuzlari kulcha yuzlik, tegarakroq edi.
Ko‘krak oldilari tekis, qursoqlik (qorinlik) emas, bo‘yinlari uncha uzun emas, o‘rta
bo‘yinlik edi.
Abu Hurayra aytdi:
— Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ko‘rkam, chiroylik kishini men hech
ko‘rmadim. Yuzlari to‘lin oydek yo quyoshdek, agar kulsalar, tishlaridan chiqqan nur
shu’lasi devorga tushar edi. Rasulullohni birinchi ko‘rishda har qanday odamni haybatlari
bosar edi. Ulfat olib o‘rganishgandan so‘ngra Rasulullohga jonfido bo‘lib, muhabbat bilan
ko‘ngli bog‘lanur edi. Qisqasi shulki, u zotni ko‘rib sifatlarini bilgan kishilar husn-
jamollarining ko‘rkamligida, fe’li-xuylarining yaxshiligida bu zotga o‘xshagan kishini hech
ko‘rmaganmiz, — der edilar.
Alloh taolo Rasulullohning ruhlarini qanday pok yaratgan bo‘lsa, tanlarini ham shunday
yaratmish edi. Payg‘ambarimizning o‘zlariga xoslagan, boshqalarda bo‘lmagan bir necha
xislatlar bor edi. Shulardan biri, muborak tanlariga kir yuqmas, engil-boshlari kirlamas,
burga-bitga o‘xshash jonivorlar yaqinlariga kelmas edi. O‘zlari doim tozalik, pokizalikni
sevar edilar. Bu tabiiy tozalikni shariat pokligi bilan quvvatlab, «Islom dini poklik uzra
qurilmishdur», deb musulmonlarni tozalikka undar edilar.
Xush islik narsalardan surtilsin-surtilmasin, doim o‘zlaridan yaxshi hid chiqib turardi.
Rasulullohning xos xodimlari hazrati Anasning aytishlaricha, mushku anbar, atir-
iyporning isidan Rasulullohning islari yaxshiroq edi.
Hazrati Jobir ibn Abdulloh:
— Rasululloh menga muhabbat qilib, yuzimni silab qo‘yib edilar, iypor solgan xaltadan
qo‘llarini yangi chiqargandek bo‘lib, shundoqqina hamma yog‘im iypor hididan hidlanib
ketdi.
Agar Rasululloh biror kishi bilan qo‘l ushlashib ko‘rishgan bo‘lsalar, shu kishining qo‘lidan
bir kun atir isi ketmas edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yosh bolalarni bek sevar
edilar. Ayniqsa, yetim bolani ko‘rib qolsalar, uni erkalatib:
— Men ham yetim edim, yetimni ko‘rsanglar, meni yetimligimni esga olib boshini
silanglar, ko‘ngillaring yumshaydi, — deb boshini silar edilar. Anda ul bolaning necha
kungacha boshidan atir hidi ketmas edi. Ko‘p bolalar ichida tursa ham «Muning boshiga
Rasulullohning qo‘llari tekkan ekan», deb hammalari bilar edilar.
Agar Rasululloh bir ko‘chadan o‘tib ketgan bo‘lsalar, u ko‘cha atir hidlariga burkanib,
Rasulullohning o‘tganliklari ma’lum bo‘lur edi. Bu kitobda bizning yozganlarimiz