Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
Ayollar munis va mushfiq yanada,
Nenidir sarhisob qilar erkaklar.
Dunyodan uzilgan sirli xonada
G'o'jaloq bolalar tinglar ertaklar.
Nam tortgan devorlar qulaydi guppa,
O'qildizi kalta daraxtlar qular.
Qurtlagan mevalar yer bilan bitta,
Tegmanozik gullar, zaifa gullar...
Buyuk imtihon bu! Buyuk sinov bu!
Borni bor, yo'qni yo'q qilib berguvchi.
Boshingga zo'r savdo tushmasdan burun
Kimning kimligini bilib berguvchi!
Yashash qanday engil - shamoldan keyin
Ajib bir xushhollik, bir ajib surur.
G'uborsiz havolar ipakdek mayin...
Shamol, senga qulluq, senga tashakkur!
...Bitta gap esimdan ketmaydi hamon:
Bir sayyoh - el kezib rizqini tergan,
Shamol mavsumiga tushib nogahon,
Ko'chib ketmaysizmi, degan, bu yerdan?
Banda tadbir qilar, YAratgan - taqdir,
Qismat quyunida chirpirab uchdim.
Sayyohning so'zidan kulgandim, oxir -
She'rimga ergashib poytaxtga ko'chdim...
Qarayman, qurtlagan yuraklar to'p-to'p,
Ildizsiz og'ochlar tegar g'ashimga.
Ahyonda ko'tarib suron, taloto'p,
Tentak shamollarim kirar tushimga.
Nozik nihollari bo'lsalar paymol,
Roziman, bo'ynimga barin uvoli.
Bir marta teskari yursang, yuraqol,
Toshkentda kutaman, Qo'qon shamoli!
2002
Dostları ilə paylaş: