Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
Uzr, oldim vaqtingizni,
Koshki, gapdan foyda bo'lsa.
Nima qilay, o'sha qizni
Sog'inaman qayda bo'lsa.
2002
ONAJON
Goho sizning borligingiz unutdim,
Yo'llarimda zorligingiz unutdim.
Umidlari kesilgan bu dunyoda
Yolg'iz umidvorligingiz unutdim.
G'animatim, omonatim - onajon.
Oshno topdim, valekin do'st topmadim,
Oqko'ngilli bir qorako'z topmadim.
Shamollarga sovurdim gul so'zlarni,
Lekin Sizga bir shirin so'z topmadim.
G'animatim, omonatim - onajon.
Ba'zan falak menga bag'ritosh keldi,
Ishonganim g'animga yo'ldosh keldi.
Omad ketsa, hamma kuldi ustimdan,
Faqat Sizning ko'zingizga yosh keldi.
G'animatim, omonatim - onajon.
Fursat o'tib, sochga qirov qo'narkan,
Sevgi otashlari asta so'narkan.
Barcha tuyg'u aldamchi va o'tkinchi,
Ona mehri yolg'iz sobit qolarkan.
G'animatim, omonatim - onajon.
Hoki poyingizni ko'zimga suray,
O'zim yarim ko'nglingizni to'ldiray.
Bir chekkaga surib qo'yib dunyoni,
O'g'il bo'lib, yoningizda o'ltiray.
G'animatim, omonatim - onajon.
2000
Dostları ilə paylaş: