Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
Bir ariqdan suv ichib, birga o'sib,
Ko'p ekan-da joningga ko'zin tikkan...
Shavkat Rahmon, Oxun, Muhammad Yusuf.
Ortiqcha harorat gulni so'ldirar,
Ortiqcha suv buzar daryo qirg'og'in.
El sevgisi asta-sekin o'ldirar,
Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf, Oxun.
Qulog'imda har birining so'zi, ohangi,
Tobora bu olam qor kabi to'zib,
Narigi dunyoga bosar posangi,
Shavkat Rahmon, Oxun, Muhammad Yusuf.
2001
DADAM
Oyday yuragimda dog'im bor endi,
Kulfat o'zimniki, taskin-daldam yo'q.
Uzoqda ishongan bog'im bor edi,
Suyangan tog'im yo'q - endi dadam yo'q.
Ishim yurishmaydi, yo'lim unmaydi,
Duo beradigan toza odam yo'q.
Gugurtcho'p sinadi, shamim yonmaydi,
Nuri ilohim yo'q - endi dadam yo'q.
Uyga kirsam o'ksib beradi ko'nglim,
Ko'chada yuzimda dardu alam yo'q.
Dada, deb chaqirsam kuladi o'g'lim,
O'g'lim, panohim yo'q - endi dadam yo'q.
Yoningizda menga joy yo'qmi? Keldim.
Hammadan roziman o'ch va ta'nam yo'q.
Men juda olisni ko'zlagan edim,
Netay, hamrohim yo'q - endi dadam yo'q.
1998
Dostları ilə paylaş: