Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
Ularga ta'zimlar qilay nega men?
Har kuni shoshaman yerosti tomon,
Faqat o'sha joyga boshim egaman.
Bugun seskantirdi, bir sovuq savol,
Tilimni tishladim, tishlarim sindi.
Nahot, yer ustida bizga yo'q visol,
Nahot, yer ostida ko'rishsak endi?!
1994
HOZIR
Hozir qo'lingiz yoysangiz qanot bo'lar,
Qadam tashlasangiz qorda qolmaydi iz.
Bilib qo'ying, har qanday qush bir kun qo'nar,
Qachonlardir biz albatta uchrashamiz.
Hozir imo aylasangiz, yulduz hozir,
Hilol qoshingizga qo'nar hozir, oy qiz.
Siz bilmaysiz, yuragimda nelar bordir,
Qachonlardir biz albatta uchrashamiz.
Hozir sizga simyog'och ham gullar tutar,
Balog'at bu sargasht xayol, betizgin his.
Men kutaman, erta o'tar, indin o'tar.
Qachonlardir biz albatta uchrashamiz.
Hozir meni mensimaysiz, lab burasiz,
Tushingizda shahzodalar cho'kadi tiz.
Meni izlab topib, yig'lab gapirasiz,
Qachonlardir biz albatta uchrashamiz.
Hozir bilmaysiz dunyoning yolg'onini,
Nazdingizda men yolg'onchi, men betamiz.
Qulog'ingizga aytaman qolganini,
Qachonlardir biz albatta uchrashamiz.
1994
Dostları ilə paylaş: