Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
HUZUR
Qalampirga qo'shib eyman holvani,
Ajrata bilmayman misni tilladan.
Qo'limga uraman doim bolg'ani,
Jonimni og'ritib huzur qilaman.
Suv ichsam ko'zimdan toshadi darrov,
Yig'lasam, holimga o'zim kulaman.
Yo'q joydan yo'limda yarataman g'ov,
Jonimni og'ritib huzur qilaman.
Yayrayman tepkilab, toptab dilimni,
Siz bog'dan kelsangiz, chohdan kelaman.
Eng zarur pallada tishlab tilimni,
Jonimni og'ritib huzur qilaman.
Yaramni ko'chirib sepaman tuzni,
Eng ko'rimli joyga surat ilaman.
Kun bo'yi ataylab o'ylayman sizni,
Jonimni og'ritib huzur qilaman.
Bir so'zning quliman, bir kalomga zor,
Siz menga achinmang, shafqat tilamang.
Menga ozor bering, azizim, ozor,
Jonimni og'ritib huzur qilaman.
1998
Dostları ilə paylaş: