Mavsum-marosim qo‘shiqlari xalq poeziyasining tar
-
kibiy qismini tashkil etadi. Bu qo‘shiqlar xalqi
mi zning
qadimiy ommaviy bayramlari, oilaviy rasm-rusumlar bilan
bog‘liqdir. Mahmud Koshg‘ariy ning «Devonu lug‘otit turk»
asaridan ma’lum bo‘ladi-ki, mavsum va marosimlarga oid
xalq qo‘shiqlarining ta rixi qadim o‘tmish zamonlarga borib
taqalar ekan. Shu paytlardan buyon mavsumlar almashdi,
marosimlar muttasil o‘tkazildi. Bu maro simlarda qo‘shiqlar
aytildi.
Dunyoda birorta xalq yo‘qki, turli munosabatlar bilan
ommaviy bayramlarni nishonlamasin. Mavsum
lar, diniy
e’tiqodlar, tarixiy voqea-hodisalar, milliy udumlar xalq
bayramlari mazmunini tashkil etadi. Binobarin, bayram-
larning o‘tkazilishiga qarab, ulardagi so‘z bilan bog‘liq
lavhalar mundarijasiga qarab o‘sha xalqning tarixi, milliy
xususiyatlari haqida tasavvur hosil qilish mumkin. Chunki
bunday xalq shodiyonalarida raqsga tushiladi, qo‘shiqlar
aytiladi, milliy liboslar kiyiladi, turli o‘yinlar o‘ynaladi,
taomlar pishiriladi, tomoshalar uyushtiriladi.
Olimlarning ma’lumot berishlaricha, mavsum-marosim-
ga oid o‘zbek xalq bayramlarining tarixi minglab yillar bilan
o‘lchanar ekan. Ularning ayrimlari yil fasllarining qulay yoki
noqulay kelishi bilan ham bog‘liq bo‘lgan. Masalan, yil
quruq kelib, yomg‘ir yog‘masa «Yomg‘ir chaqirish» marosi-
mi («Sust xotin»); bug‘doy, sholi boshoqlari yetilgan paytda
shamol ularni payhon qilsa, shamol to‘xtatish («Choy
momo»); don mahsulotlarini shopirish paytida shamol
bo‘lmasa, shamol chaqirish («Yo, Haydar»); yil sovuq kelsa,
quyoshga topinish; umuman, omadsiz yilda qurbonlik
keltirish marosimlari o‘tkazilgan. Al Beruniyning «Qadimgi
xalqlardan qolgan yodgorliklar» kitobida «Navro‘z»,
«Ramush og‘am», «Bobo x vora» kabi o‘ndan ortiq mavsum-
marosim bayramlari xususida ma’lumot beriladi. Xalqimiz
tarixiy va keyinchalik paydo bo‘lgan bayramlardan hozirgi
paytda quyidagilarni nishonlayotganini qayd etish mumkin:
1. Mustaqillik bayrami — O‘zbekiston Respub likasining
mustaqil davlat deb e’lon qilinishi nishonlanadigan kun.
2. Mehrjon — quyosh ma’nosini anglatib, kun va tun-
ning kuz faslidagi teng kelishida nishonlanadi.
87
3. Iyd ramazon — ro‘za oyining tugallanish munosabati
bilan nishonlanadigan bayram.
4. Iyd qurbon — iyd ramazondan 70 kun keyin qur-
bonlik keltirish marosimi.
5. Navro‘z — yangi kun, ya’ni yangi yilning boshlanishi.
Yuqorida qayd etilganlardan tashqari xalq qalbidan
o‘rin olgan sumalak, qulupnay, gilos, qovun sayillarida ham
yurtdoshlarimiz guruh-guruh bo‘lib ko‘ngil ochish
yig‘inlarini o‘tkazganlar va o‘tkazmoqdalar.
Umumxalq bayramlari bilan bir qatorda oilaviy
marosimlar (to‘ylar va aza) ham o‘zbeklar maishiy hayoti-
da muhim o‘ringa ega. Oilaviy doirada o‘tkaziladigan bu
rasm-rusumlarning hammasida qo‘shiq jo‘rligi yonma-yon
turadi.
Sobiq sovet tuzumi davrida xalq qadriyatlari qatori
so‘zning mo‘jizaviy quvvatini inkor etish odati an’ana tusi-
ga kirgan edi. Ruhiy dunyoning murakkab sir-sinoatlari
mutlaq inkor etilar edi. Natijada xalqimizning asrlar bo‘yi
davom etib kelayotgan yomg‘ir chaqirish, shamol to‘xtatish,
shamol chaqirish, qurbonlik qilish orqali mushkul vaziyat-
ni yumshatish kabi mavsum va marosim amallariga
nopisandlik munosabati paydo bo‘lgandi. Ammo hamma
gap shundaki, yuqorida nomlari qayd etilgan marosimlar
-
ning urf-odatlar sifatida o‘tkazilishi xalq ha
yotida ijobiy
natijalar bergan. Shuning uchun ham xalqimiz mavsum va
marosim odatlariga katta hurmat bilan qaragan va ularni
muttasil ravishda o‘tkazib kelgan.
Yomg‘ir chaqirish marosimi odatda bahor faslida
o‘tkazilgan. Olimlarning ta’kidlashicha bu marosimlar
ayniqsa Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari hududla
-
rida ommaviy tus olgan. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda,
hatto yomg‘ir chaqirish odatimiz qadimgi «Avesto»da madh
etilgan, sharaflangan, osmon suvlari tangrisi Tishtriyaning
xalq o‘rtasidagi boshqacha nomlanishidan iborat ekan.
Dehqonchilik rivojlangan mahalliy joylarda yom g‘irning
o‘z vaqtida bo‘lishi juda muhim ahamiyatga egadir.
Qurg‘oqchilik dehqonchilik bilan shu g‘ul lanadigan aholiga
katta kulfat keltirgan. Shuning uchun odamlar sust xotin
mavsumiy odatni topishgan. Qizig‘i shundaki, bu joyda
istiqomat qiladigan yurtdoshlarimiz sust xotin marosimi
o‘tkazilgandan so‘ng haftalab yomg‘ir yoqqani haqida
o‘nlab misollar keltirishadi. Shuning uchun ham xalq bun-
day ma
rosimlarning o‘tkazilishiga puxta tayyorgarlik
88
ko‘rgan, har bir amallarga rioya qilishni odat tusiga kirit-
gan.
Sust xotin qo‘shig‘i shunday boshlanadi:
Sust xotin, suzma xotin,
Ko‘lankasi maydon xotin!
Yomg‘ir yog‘dir ho‘l bo‘lsin,
Yeru jahon ko‘l bo‘lsin.
Yuqoridagi misoldan ma’lum bo‘ladiki, qo‘shiqning
bosh maqsadi yomg‘ir yog‘dirish homiysi bo‘lgan Sust xotin-
ga murojaat qilish orqali dehqonchilik uchun qulay sharoit
yaratishdan iboratdir. Qo‘shiq davomida yomg‘ir yog‘ishi-
dan qurg‘oqchilikning yo‘q bo‘lishi, kuzda yerga sepilgan
bug‘doylarning bosh tortishi, ya’ni boshoq chiqa rishi kuy-
lanadi. Bu qo‘shiqda tabiat manzarasi bilan aloqador mis-
ralarni ko‘plab uchratamiz. Ko‘klamda odamlar
ning
o‘ynab-kulishi, shaftolilarning barg yozishi, atrof maysalar
bilan bezanishi, ajoyib gullarning ochilishi tasviri orqali
ajdodlarimiz ona yurtga bo‘lgan muhabbatini ifodalagan
bo‘lishlari ham ehtimoldan holi emas:
Yomg‘ir yog‘di, ho‘l bo‘ldi!
Yeru jahon ko‘l bo‘ldi!
Shaftolilar barg yozdi,
Sust xotin suzma xotin.
Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida yashov
chi
mahalliy aholi «Sust xotin» marosimiga asosan ayollar tay -
yorgarlik ko‘rishini va marosim ishtirokchilari ayollardan
iborat bo‘lishini alohida ta’kidlaydilar. Albatta, bu marosim-
ga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishda mahalla ayollarining
o‘zaro yanada yaqinlashuvini, bir-birlari bilan iliq muno
-
sabatda bo‘lishlarini ham e’tibordan soqit qilib bo‘lmaydi.
Mavsum-marosim qo‘shiqlaridan «Choy momo»
marosimida aytiladigan namunalar ham o‘zlarining
qadimiyligi bilan e’tiborga loyiqdir. «Choy momo» marosi-
mi dehqon yetishtirgan hosilga zarar yetkazuvchi tinimsiz
davom etayotgan qattiq shamolni to‘xtatish vaqtida o‘tkazi-
ladi. Bu marosimni «Sust xotin» kabi O‘zbekiston viloyat-
larida keng tarqalgan deya olmaymiz. Olimlar «Choy
momo» marosimini Chimkent viloyatining Sayram tumani-
da ko‘proq o‘tkazilib turilishini ta’kidlaydilar. «Choy
momo» marosimida asosan quyidagi qo‘shiq ijro etiladi:
89
Choy, choy, choy momo,
Choy momosi o‘libdi,
O‘g‘li yetim qolibdi,
Bosa-bosa beringlar.
Bosilib qolsin bu shamol,
Uga-uga beringlar,
Ugilib qolsin quv shamol,
Oblo-hu, oblo-hu,..
Shamol chaqirish marosimi ham ajdodlarimizning
qadim zamonlarda o‘tkazgan odati hisoblanadi. Bu
marosim haqida folklorchi olim B. Sarimsoqov faqat bitta
qo‘shiq saqlanganini ta’kidlaydi. Muhammad payg‘ambar -
ning kuyovi Hazrat Aliga Haydar nomi bilan murojaat qili-
nadi va shamolni qo‘yib yuborishi so‘raladi:
Haydar, ota-onang o‘libdir,
Moli senga qolibdir.
Bolang suvga oqibdir,
Shamolingni qo‘yvor.
Xullas, «Yomg‘ir chaqirish», «Shamol chaqirish»,
«Shamol to‘xtatish» kabi mavsumiy qo‘shiqlarning xalqimiz
orasida hozirgi paytgacha yashab kelayotgan dehqonchilik
kasbining o‘zbeklarda ham qadimiyligini, ham xalqimizning
ajdodlar yaratgan qadriyatlariga cheksiz hurmat bilan
qarashini isbotlaydi. Ajdodlar merosiga ehtirom bilan
munosabatda bo‘lish esa xalqimiz kelajagiga umid bilan
qarashimiz uchun ishonch hosil qiladi.
O‘zbek xalqining og‘zaki ijodida oilaviy marosimlarning
o‘tkazilishi ham nazarda tutilgan. Ayniqsa, to‘y marosimi,
to‘ylardagi o‘lan aytishlar, yor-yorlar, kelin salomlar poetik
ijodimizning mumtoz namunalari bo‘lib qolgan. Yor-yorlar
matni bilan tanishar ekanmiz, ularda yosh oilaning kelajak-
da baxtli bo‘lishi, oila qurayotgan yoshlarning bir-biriga
sadoqatliligi xususida umidlar bildirilganligiga amin
bo‘lamiz. Yor-yorlarda yosh yigit va qizning yangi hayot
bo‘sag‘asiga qadam qo‘yayotgani alohida ta’kidlanadi.
Hayot tajribasi oilaviy turmush totuvlikdan boshlansa, inoq -
lik yetakchi bo‘lsa, keyingi hayot ham yomon o‘tmasligini
ko‘rsatgan. Shuning uchun kuyov-kelinning inoq turmush
boshlashi bu tur qo‘shiqlarda qayta-qayta tilga olinadi:
Shoyi ko‘ylak yengiga
Tut qoqaylik yor-yor,
Kelin-kuyov ko‘ngliga
O‘t yoqaylik yor-yor.
90
Xalq qo‘shiqlarini yozib olish tajribasi shuni ko‘rsatadi-
ki, yor-yorlar xalq orasida boshqa mazmundagi qo‘shiqlar-
dan kengroq ommalashgan. Ma’lumki, xalq og‘zaki ijodida-
gi hamma janrlardan ko‘ra qo‘shiq o‘zining tez yarati lishi
bilan ajralib turadi. Bu fikr yor-yorlarga ham taalluqlidir. Bu
o‘rinda shuni ta’kidlash joizki, shoirlik iste’dodiga ega
bo‘lgan yor-yor ijrochisi to‘yning o‘tkazilish sharoitiga
qarab, yangi-yangi to‘rtliklarni to‘qib ketavergan. Natijada,
aynan to‘y o‘tkazilayotgan paytdagi vaziyatlar ham qo‘shiq
matnida o‘z ifodasini topgan:
Qish kunida sovuq yeb,
Horib keldik yor-yor,
Achchiq-tirsiq kerakmas,
Koyib keldik yor-yor.
Ammo yor-yorlarning ayrim-ayrim namunalari qanday
mazmunda bo‘lishidan qat’i nazar oxir-pirovardida yosh
oilaga baxt tilangan.
Taxta-taxta ko‘prik
Taxting bo‘lsin yor-yor,
Payg‘ambarning qizidek
Baxting bo‘lsin yor-yor.
To‘g‘ri, lirik janrga xos bo‘lgan his-tuyg‘ularni ifodalash
jarayonida qo‘shiq ijrochilari o‘zlarining hayotlaridan o‘rin
olgan ayrim noxush holatlarni ham ifodalashdan tortinma-
ganlar. Bunday qo‘shiq namunalarida qizning yoshi katta
odamga turmushga chiqayotgani, yashash jihatidan juda
uzoq manzilga uzatilayotgani kabi lavhalar ham o‘z aksini
topgan:
To‘yda qizlar o‘ynashib,
Ko‘ngli to‘lsa, yor-yor,
Yosh boshiga er qildi,
Chol ham bo‘lsa, yor-yor.
Yoki quyidagi to‘rtlikka e’tibor bering:
Uzoqqa borgan qizning
Rangi sariq, yor-yor,
Ko‘zidan oqqan yoshi
Misli ariq, yor-yor.
91
Ammo bevosita to‘yning o‘tkazilish sharoitini ko‘z
oldimizga keltirsak, chor-atrofda o‘yin-kulgilarga e’tibor
-
ning kuchliligini nazarda tutsak, yuqoridagi qo‘shiqlarda
aks ettirilgan qayg‘u-alamlar to‘y ishtirokchilariga u qadar
katta ta’sir ko‘rsatmasligi ham o‘z-o‘zidan ravshan bo‘ladi.
Marosim qo‘shiqlaridan yor-yorlar bir qator badiiy jihatdan
mukammalligi bilan ajralib turadi. Xususan, bu qo‘shiqlar-
da parallelizm tasvir san’atining namoyon bo‘lishi ko‘proq
uchraydi. Parallelizm deganda, tasvirlanayotgan bir voqea-
hodisani ikkinchi bir voqea-hodisaga qiyoslash nazarda
tutiladi.
Masalan:
Tokchadagi qaychini
Zang bosibdi yor-yor,
Yangi tushgan kelinni
G‘am bosibdi yor-yor.
Yoki:
Tog‘da toychoq kishnaydi,
Ot bo‘ldim deb, yor-yor
Uyda kelin yig‘laydi,
Yot bo‘ldim deb, yor-yor .
Yuqoridagi misollarda tokchadagi qaychining zang
bosishi bilan kelinning g‘am bosishi, toychoqning ot bo‘lib
kishnashi bilan qizning o‘z oilasidan yot bo‘lib ketishi
qiyoslangandir.
Bunday tasvir san’ati parallelizm hisoblanadi.
Yor-yor qo‘shiqlarining qofiyalanish tarzi ko‘pincha
(a-b-a-b), tarzda va ba’zan (a-b-v-b) tarzda bo‘ladi.
Yor-yorlar matnini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, bu
qo‘shiq turlari mehnat va mavsum-marosim qo‘shiqlaridan
qofiyalanishdagi mukammallik bilan ham ajralib turar ekan.
Jumladan, yor-yorlarda «baxt», «taxt», «somon», «omon»,
«alvon», «polvon» kabi chiroyli qofiya misollarini
uchratamiz. Bu qo‘shiq turlari misralararo olti-etti
bo‘g‘indan iborat bo‘lib, turoq tizimi 4+3, 5+2 tarzida bel-
gilangan, Masalan:
Qat-qat ko‘rpa ustida,
Piyolaman, yor-yor.
Yorga salom bergani,
Uyalaman, yor-yor.
92
Kelin salomlar ham marosim qo‘shiqlarining tarkibiy
qismini tashkil etadi. An’anaviy kelin salomlarning bosh-
lanish qismida Allohga, Muhammad payg‘am
barimiz
(s.a.v.)ga, Chahoryorlarga, avliyo va anbiyolarga murojaat
qilish alohida o‘rin tutadi. Agar umuman xalq qo‘shiqlarini
har bir qo‘shiqsevar shaxs ijro etaversa, hatto yor-yorlarni
ham to‘rt-besh odam aytishi mumkin bo‘lsa, kelin salom-
larni bitta qo‘shiqchi va ba’zan ikkita qo‘shiqchi ijro etishi
odat tusiga kirgan. Kelin salom marosimi to‘y marosimidan
alohida ajralgan holda o‘tkaziladi. Odatda, bu rasm orqali
kelin salom ijrochisi o‘z mahorati bilan yig‘inga alohida
fayz kiritishi mumkin bo‘ladi. Ehtimol, shuning uchun ham
kelin salom ijrochilari mazkur qo‘shiqlarda yumor detali-
dan unumli foydalanishga urinadilar. Masalan:
Husayni uzumning g‘o‘rasi,
Kuyov bolaning jo‘rasi,
Kuyov jo‘ralariga bir salom.
Yoki:
Ko‘ylaklari yamoqli,
Yopgan noni sanoqli,
Qaynonasiga bir salom.
Albatta, bunday kulgili o‘rinlarga jiddiy munosabatda
bo‘lish to‘g‘ri emas. Kelin salom marosimini o‘tkazish
jarayonini ko‘z oldimizga keltirsak, bunday qo‘shiq namu-
nalari hech qanday asorat qoldirmasligiga ishonamiz.
Chunki, aynan shundan keyin quyidagi namuna keltiriladi.
Yursa yo‘lni to‘ldirgan,
O‘tirsa so‘zni bo‘ldirgan,
Qaynonasiga bir salom.
Kelin salomlar boshqa qo‘shiqlardan farqli o‘laroq uch
misradan iborat bo‘ladi. Dastlabki ikki misra o‘zaro
qofiyalanib keladi. Uchinchi misra esa «bir salom» so‘zlari
bilan yakunlanadi.
Masalan:
Qora papoq yarashgan,
Qizlar izidan qarashgan,
Kuyov bolaga bir salom.
93
|