«Alpomish» dostonining turkiy xalqlar orasida to`rtta versiya - tarmog`i
mavjudligi aniqlangan bo`lib, ular - oltoy, qipchoq, o`g`uz, qo`ng`irot tarmoqlaridan
iborat. Oltoy versiyasidagi asar ertak sifatida XX asrning 30 -yillarida yozib olingan.
Unda bevosita ibtidoiy jamoa davridagi hayot o`z ifodasini topgan. Ayni paytda, Ural
tog`ining janubi, boshqard, tatar, qozoq, o`zbek, qoraqalpoq kabi xalqlar og`zaki
ijodida bir syujetning bir necha versiya va variatlarda saqlanishi ham mazkur
asarning yaratilish davri o`tmish zamonlarga borib taqalishini izohlaydi.
Alpomish dostonida, yuqorida qayd etganimizdek, mifik xarakterdagi totem va
fetishlarning o`rin olishi asarning tarixiy ildizlaridan namuna sifatida baholash
imkonini beradi.
Jahon adabiyoti tarixida asar bosh qahramonlarining katta safarga otlanishi, u
safardalik paytida davlatni boshqarish boshqa noloyiq kishiga o`tishi, asar qahramoni
xotiniga boshqa hukmdor majburlab uylanayotgan kuni yurtiga qaytishi kabi
holatlarni kuzatish mumkin. Masalan, bu o`rinda Yunonistonda mashhur bo`lgan
Homerning «Odisseya» asarini eslash o`rinlidir. Bu asar eramizdan avvalgi VII-VI
asrlarda yaratilgan deb taxmin qilinadi. Odisseyning kamoni, xotini Penelopaning
vafodorligi va xushtorlari oldiga shart qo`yishi ham «Alpomish» eposidagi markaziy
epizodlarga o`xshaydi.
Xalq og`zaki ijodidagi qadimgi asarlarda jismoniy musobaqalar hamisha
etakchi o`rin egallagan. «Alpomish» dostoni ham bundan mustasno emas. Bu ham
dostonning qadimiyligidan darak beradi.
Qadimgi epos namunalarida turmushga chiqayotgan qiz ko`pincha jismoniy
bellashuvlarda o`zi qatnashadi. Barchinoyning Ko`kaman bilan olishuvi va uni
engishi o`sha davr belgilaridan hisoblanadi.
62
Taniqli olim V. M. Jirmunskiy «Alpomish» dostonini «Bamsi Bayrak» bilan
bitta syujet asosida yaratilgan asar ekanligini isbotlagan. «Bamsi Bayrak» esa VIII-IX
asrdan yaratila boshlagan. «Kitobi Dada Qo`rqut»ning bir bobidir.