Variantlilik (ko`p nusxalilik) va versiyalilik (tarmoqlilik) yozma ijodda
deyarli ko`zga tashlanmaydi. Chunki bir asarning bir muallif tomonidan turli
o`zgarishlar bilan o`quvchiga taqdim etilishi son va sifat jihatidan variantlilikning
vujudga kelishiga imkon bermaydi. Ba`zi hollardagina yozma adabiyotdagi
variantlilik haqida fikr yuritish mumkin. Jumladan, adabiyotshunoslarning ma`lumot
berishicha, Said Ahmadning «Ufq» romani «Sharq yulduzi» jurnali va alohida nashr
variantiga ega. Vaholanki, og`zaki ijodda bir asarning baxshilar tomonidan ijro
etilishi o`nlab variantlarni vujudga keltiradi. Folklorshunoslikka «Alpomish» dostonining 100 ga yaqin varianti ma`lum bo`lib, shulardan 30 dan ortig`i yozib
olingan.
Shunday qilib, variantlilik deganda, bir asarning bir xalq doirasida syujet va
kompozitsion o`zgarishlar bilan ijro etilishi tushuniladi. Har bir ijrochi o`zi ijro
etayotgan asarga mahalliy sharoitdagi o`zgarishlarni, o`z dunyoqarashini, aholi
o`rtasida alohida esda qoladigan voqealarni singdirib borishi oqibatida o`z nusxasini
yaratadi. Bu nusxa boshqa ijrochilarnikidan voqealarni ifodalash, obrazlarni yaratish,
badiiy tasvir vositalaridan foydalanish jihatlariga ko`ra o`ziga xoslikka ega bo`ladi.
Olimlarning eslashicha, «Alpomish» dostonini Ergash Jumanbulbul o’g’li sevgi
dostoni sifatida, Fozil Yo`ldosh o`g`li qahramonlik dostoni sifatida kuylaganlar.
Versiyalilik variantlilikdan ko`ra kengroq tushunchadir. Versiyalikni bir
badiiy asar doirasida qahramonlar nomidagi o`xshashlik, ayrim voqealar bayonidagi
umumiylik tashkil etadi. Masalan, «Alpomish» dostonining Qo`ng`irot, Oltoy,
Qipchoq, O`g`uz versiyalari bor. Bu versiyalarni asosan asar qahramonlarining
farzandsizligi, keyinchalik farzandga ega bo`lishlari, bu farzandning qahramonlik
ko`rsatishi, tutqunlikda bo`lishi, ozodlikka chiqishi kabi ayrim umumiy voqealargina
birlashtirib turadi. Hatto asarning nomlanishidan ham farqlar aniq seziladi.
10
Shuningdek, «Go`ro`g`li» turkumidagi dostonlarning O`zbekiston va Kavkazorti
versiyalari mavjudligini ta`kidlash lozim.