Og`zakilik va badihago`ylik og`zaki ijod asarlarining shakliy ko`rinishi bilan
bog`liqdir. Asrlar davomida bizgacha yetib kelgan doston, ertak, qo`shiq, maqol va
boshqa asarlar og`zaki tarzda yaratilgan, og`zaki tarzda ajdoddan-avlodga o`tgan va
xalq madaniyatining og`zaki merosiga aylangan. Ko`p yillardan buyon og`zaki ijod
namunalarini o`rganish bo`yicha olib borilgan kuzatuvlar og`zakilikning ijobiy va
salbiy jihatlari borligini tasdiqlamoqda. Bizningcha, og`zakilik xalq ijodining omma
orasiga tarqalishida va keng tus olishida ijobiy ahamiyatga ega. Chunki asarlarning
bu shaklda ijro etilishi ijrochi zimmasiga ortiqcha mas`uliyat yuklamaydi. Ammo
masalaning ikkinchi tomonini ham qayd etmoq lozim, xususan, ayrim ijod
namunalari aynan og`zaki tarzda ijro etilganligi uchun ijrochining vafoti bilan
asarning hayoti ham to`xtaydi, unutiladi. Ayrim ijod namunalarining shogirdlar
tomonidan o`zlashtirilmaganligi yoki olimlar tomonidan yozib olinmaganligi
oqibatida vaqt o`tish bilan esdan chiqadi, asar yo`qolib ketadi.
Badihago`ylikxalq og`zaki ijodidagi bevosita og`zakilik xususiyatidan kelib
chiqadigan belgidir. Badihago`ylik yozma ijodda yo`q, Chunki yozma jarayon
individual ijod bilan bog`langandir. Badihago`ylik esa tinglovchi auditoriyasi bilan
bog`langan holda namoyon bo`ladi. Xalq og`zaki ijodidagi askiya janrini
badihago`yliksiz tasavvur qilib bo`lmaydi.
Shuningdek, doston, ertak va boshqa folklor namunalarining ijrosi jarayonida
ijrochi asar matniga yo`l-yo`lakay o`zgarish kiritishi, ba`zan yangi lavhalarni o`ylab
topishi, ayrimlaridan voz kechishi mumkin.
Folklor ekspeditsiyalari jarayonida ba`zi badihago`y shoir-qo`shiqchilar
ekspeditsiyaning har bir a`zosiga atab alohida-alohida to`rtliklar to`qiganiga guvoh
bo`lganmiz. Aytish mumkinki, doston, ertak, umuman, fol’kor namunalarining yangi
nusxalarini yaratishda ham badihago`ylikning ahamiyati sezilarli.