Saida ZUNNUNOVA
110
* * *
(Shoira singillarimga)
Kuni kechagina she’r
yozmoq uchun,
Oftobni quvganday tunni kutardim.
Oqshom ko‘rsatolmay hokimlik kuchin,
Mening ko‘zlarimdan bedor o‘tardi.
Kichrayib singirdi qorachig‘imga,
Qog‘ozga tushguncha chekib ming zahmat.
Yo qo‘nib qalamning olmos uchiga,
She’r bo‘lib qalbimdan tinglardi rahmat.
Bugun u keladi g‘olibona, shod,
Kiprigimni silar yumshoq qo‘llari.
Yo‘q, tegma ko‘zimga, tegmagil, hayhot,
Koshki sochlarimdan o‘tsa yo‘llaring...
U endi bo‘ysunmas, chekinmas nari,
Qalam uchiga ham qurmaydi tilsim.
So‘zsiz qichqiradi mudroq nazarim:
Yo‘q, sira bo‘lmasman, bo‘lmasman taslim.
Gulchehralar bo‘lib quvgum g‘aflatni,
Oydin bo‘lib tunlar to‘karman ilhom.
Dunyodek bedorman,
bedorman har vaqt,
Birinchi sevgidek sof va navqiron.
Yo‘q, sira bo‘lmasman, bo‘lmasman taslim.
1970
www.ziyouz.com kutubxonasi
BAHORNI QARSHILAB
111
* * *
(Singlim Zamiraga)
Olam gulga to‘ldi yana bu fasl,
Kunlar mana shunday, shu tarzda oqar.
Suvsiz yerlarda ham bir mijja qoqar,
Kapalak umridek o‘tlar muttasil.
Qabrlar
uzra ham sokin yashillik,
Bu yerga kelgani berolmasdim tob.
Bunda ko‘z yoshlarga aytilmas javob,
Na diydor ko‘rishga bor biron eshik.
Xotirjam edimku, men axir sendan,
Guldek so‘lishingni qaydan bilayin.
Ko‘rgim kelsa endi nima qilayin,
Xursand qilganmidim, shodmiding mendan?!
Bugun satrlarim mahzun, bag‘ri xun,
Iztirob, qiynoqda tug‘ilgan o‘ylar.
Ayolsiz
huvillab qolganda uylar,
So‘z bormi go‘dagin ovutmoq uchun.
Muhabbat yoritgan uyda ham shuncha –
Bemavrid, bemahal o‘charmi chiroq.
Yaqin yo‘llar birdan tusharmi yiroq,
Nogahon ochilmay so‘larmi g‘uncha?!
Kelinlik libosing kir bo‘lgan emas,
Qay qo‘lda ushlayin, qay ko‘zda boqay.
Armon, armon o‘ti bag‘rimni yoqar,
Hamdard bo‘lolmayin qoldim bir nafas.
Yigirmanchi asr, doktor bor, debman,
Gʻaflatda qo‘ymasa edi e’tiqod.
www.ziyouz.com kutubxonasi
Saida ZUNNUNOVA
112
Uchib bormasmidim chiqarib qanot,
Boshingda parvona bo‘lmasmidim men!
Hamon qulog‘imda onam yig‘isi,
O‘lguncha chiqarmi bu jondan o‘ting.
Subhidam yelidek hilpirab o‘tding,
Qaysi gulzorlarda qoldiykan ising?
Bilmayman, shabnamdek qaylarga uchding,
Xayrma’zur qani, dog‘da qoldim men.
Taqdirdan
bir umr yulib oldim men,
Sen uchun she’rimning umriga o‘lchab.
1970
* * *
Insofli bo‘l, deydi keksalar,
Haddan oshib ketsa agarda birov.
Avval tushunmasdim shunday desalar,
Endi ezgulikning buyukligiga,
Yomondan yaxshining suyukligiga,
Nazarimda, mana shu bitta so‘z garov.
Shu so‘zsiz
yetarmidi dunyo shu yoshga,
Odamzod shunchalik ulg‘ayarmidi?!
Muhabbat yo g‘azab to‘lib otashga,
Vijdon degan narsa to‘lg‘anarmidi?!
Kimdan eshitmayin bu qutlug‘ so‘zni,
Qalbidan qalbimga oqqan kabi nur.
Osmonga bir ustun qo‘yilganidek,
Olam kengaygandek qilaman huzur.
1970
www.ziyouz.com kutubxonasi