ILMIY TADQIQOTLAR JURNALI 19.10.2022
1072
Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, respondentlarning 40-75 foizi inventarizatsiyani
ikkinchi marotaba to‘ldirgandan so‘ng boshqa natijaga erishadilar.
Bugungi kunda Myers-Briggs shaxs tiplarini aniqlash so‘rovnomasi foydalanish
juda oson bo‘lgani uchun ishlatilayotgan eng mashhur psixologik vositalardan biri
bo‘ldi. Mayers-Briggs shaxs tiplarini aniqlash so‘rovnomasi 94 banddan iborat.
Respondentlar taqdim etilgan ikki javob, ba’zi holda uch javobdan birini tanlaydi.
Savollarning bir qismi inson xulq-atvorining turli hayotiy vaziyatlarda namoyon
bo‘lishini tavsiflaydi (masalan: Kechki bazmlar sizga: a) goho zerikarli bo‘ladi;
b) doimo xursandchilik bag‘ishlaydi). Savolning qolgan qismlari – tushunchalar
juftligidan iborat(masalan: a) yaratmoq; b) qurmoq). Respondent (so‘rovnomada
ishtirok etayotgan shaxs)ga maxsus javoblar varaqasi beriladi. U unda o‘zi tanlagan
javobni belgilaydi.
Har bir javob variantiga mos qiymat belgilangan (0, 1 yoki 2 ball). Natijalarni
qayta ishlashda shkaladagi har ikkala qutb ballari hisoblanadi(ya’ni E, I, S, N, T, F, J, P
uchun alohida-alohida). Masalan, agar respondentning E bo‘yicha ballari yig‘indisi I
bo‘yicha ballari yig‘indisidan katta bo‘lsa, u ekstravert sifatida tasniflanadi. Ya’ni u ko‘p
vaqtini ekstravert sifatida o‘tkazadi. Faoliyatning ekstravertlashgan turini afzal biladi
va hayotning turli sohalariga ehtiyoj sezadi. SN shkalasi bo‘yicha N ga moyillik,
respondentning sensor qabul qilishga qaraganda intuitiv idrok qilish usulini afzal
bilishini ko‘rsatadi. Agar moyilliklar bo‘yicha aniqlangan ballar yig‘indisi kichik bo‘lsa,
respondentning tipologik xarakteristikasi unchalik aniq bo‘lmaydi.
Umuman, harf moyil yo‘nalishini, sonlar esa uni amalga oshirish darajasini
ko‘rsatadi. Shunday qilib, miqdoriy ko‘rsatgich respondentning xulq-atvorida u yoki bu
moyilning qanchalik kuchli namoyon bo‘lishi haqida tasavvur beradi. Lekin ushbu
moyilning rivojlanganlik darajasi haqida mulohaza yuritishga imkon bermaydi.
Mualliflarning fikricha, MBTI talqini psixologning respondent bilan muloqoti (dialogi)
ni taqozo etadi. Psixologning asosiy vazifasi – respondentga o‘zi haqidagi bilimlari
asosida psixologik tipini aniq tavsiflashga yordam berishdir. Psixolog bunda shaxs
tiplari nazariyasi bo‘yicha mutaxassis sifatida unga maslahat beradi, xolos. Odatda,
bunday vaziyatlarda taxminan 75 % respondent o‘zining natijalaridan qoniqish hosil
qiladi. Bunda respondent bilan xulq-atvordagi moyilliklarning hayotiy vaziyatlarda
qanday namoyon bo‘lishi haqida suhbat o’tkaziladi.
MBTI so‘rovnomasi natijalarining ishonchliligi, boshqa so‘rovnomalardagi kabi,
savollarga qanchalik “to‘g‘ri” javob berilganiga bog‘liq. Ba’zi hollarda shaxs aniqlangan
tipining o’z xarakteriga mos ekanini darhol tan oladi. Bunday respondentlar bilan
tipning namoyon bo‘lishiga doir misollarni muhokama qilish va olingan bilimlarni
amaliyotda qo‘llash bo‘yicha ko‘proq suhbatlashish kerak. Ba’zi shaxslar esa o‘z tipiga
nisbatan kuchli shubhada bo‘ladi(ishonmaydi). Shuning uchun ular Mayers-Briggsning
tipologik so‘rovnomasi natijalarini talqin etish bosqichlarida olingan ma’lumotlar bilan
tanishtirilishi lozim. Bu ma’lumotlar ularga o‘zining ko‘proq nimaga moyil ekanini
aniqlashga va mos psixologik tipini topishga yordam beradi.