www.ziyouz.com kutubxonasi
36
— Tohir, bu ishlaringdan nima foyda? — dedi Mahmud. — Undan ko‘ra boltani menga
ber. Mana bu mixlangan yog‘ochlarini ko‘chirib tashlaylik.
Hansiragan Tohir Mahmudning oldiga keldi. Qorong‘ida mix ko‘rinmasa ham kasbi
duradgor bo‘lgan Mahmud yog‘ochning mix qoqilgan joyini tusmollab topdi. Tohir
ikkalasi ko‘prikka ko‘ndalang qo‘yib mixlangan taxtasimon bir yog‘ochni ko‘chirib olishdi.
Ammo ikkinchi yog‘ochni ko‘chirish juda qiyin bo‘ldi.
— Aytmoqchi, arra bor-ku? — dedi Mahmud.
Bir chetda yotgan arrani Tohir paypaslab topdi. Ikki yigit uning ikki dastasidan olib,
ko‘prik yog‘ochlarini arralashga tushishdi.
— Shoshma! — dedi Tohir. — Bu yerdagi besh-o‘nta yog‘ochni arralab tashlaganimiz
bilan hech ish chiqmaydi.
— Nega chiqmasin? Ot-arava o‘tolmaydigan qilamiz!
— Birorta ustani olib kelib, ko‘prikni tuzatib, o‘tib ketaversa-chi?
— Foydasi yo‘q ishga unnadik chamasi-da! — dedi juvozkash yigit umidsizlanib.
— Yo‘q, biz ko‘prikni bo‘yiga emas, eniga qarab arralashimiz kerak.
— Eniga qo‘yilgan yog‘ochlar juvozkundaday yo‘g‘on-ku. Arralab bo‘ladimi?
— Bo‘ladi!
To‘rt kishi navbatma-navbat arra tortib, ko‘prikning ko‘ndalangiga to‘sin qilib qo‘yilgan
yo‘g‘on va qattiq yog‘ochni arralayotganda qora terga botib ketishdi. Iliq yomg‘ir hali
ham savalab turar, ularning yuzlari va badanlaridan oqqan ter yomg‘ir suviga qo‘shilib
kiyimlarini shalabbo qilgan edi. Yigitlarning maqsadi ko‘prikni ikki tomondan ushlab
turgan o‘qyog‘ochlarni arralab, uni bir-ikki joyidan uzib tashlash edi. Ammo ular
ko‘prikning har ikki tomonidagi yo‘g‘on o‘qyog‘ochlarni arralab qirqishdi hamki, ko‘prik
ular kutganday uzilib tushmadi. Uni yana qandaydir mixlar, bir-biriga tishlatib qo‘yilgan
bolorlar va «belbog‘» yog‘ochlar mahkam ushlab turardi. Tohir bilan Mahmud arrani
qo‘yib, yana boltani qo‘lga olishdi, qorong‘ida timirskilanib, bolorlarga tishlatilgan qavs
mixlardan besh-oltitasini topishdi va ko‘chirib tashlashdi. Shundan keyin ko‘prikning
allaqayeri qirsilladi-yu, ammo o‘zi avvalgiday turaverdi.
— Bo‘ldi! — dedi Mahmud madorsizlanib. — Qo‘limizdan kelmaydigan ishga unnabmiz!
— Padariga la’nat! — deb, Tohir qo‘lidagi bolta bilan yana ko‘prik qanotlarini qarsillatib
sindira ketdi. Shu payt ko‘prikning narigi chetidan ular qorovul qo‘ygan yi-git chopib
keldi:
— Qo‘y, bas! Muncha qarsillatma! Narigi adirdan yog‘iy kelayotganga o‘xshaydi.
— A! Ko‘rdingmi?
— Tovushlarini eshitdim. «Otlan!», «Saflan!» deb baqirib-chaqirganlari qulog‘imga
chalindi!
— Bo‘lmasa hozir bostirib keladi! — deb juvozkash qochishga chog‘landi.
— Arrangni ol, bu yerda hech narsani qoldirmanglar!— deb Tohir yonmagan
payrahalarni, yog‘och siniqlarini suvga otdi.
Besh yigit muvaffaqiyatsizlikka uchraganday ruhlari tushib, uylariga tarqalganlarida tong
yorisha boshlagan edi.
____________
* T u t a — chaqmoq uchqunidan yonishi qulay bo‘lgan paxta ipi.
2 Saharlikni yeb, yo‘lga tushgan yov qo‘shinining oldingi to‘pi ko‘prikka chiqa boshlaganda
tong qorong‘isi hali tarqalmagan edi. Yomg‘ir tog‘larda qattiq quyayotganligi uchun