www.ziyouz.com kutubxonasi
41
— Musulmon bo‘lsalaring qizimga tegmanglar! Meni o‘ldirsalaring o‘ldiringlar! Qizimga
yaqinlashmanglar! Birovning omonati! Birovga fotiha bo‘lgan!
Bu so‘zlar qisiq ko‘zli yigitning nazarida qizning qiymatini yana ham oshirganday bo‘ldi.
U kampirni qo‘lidan bir siltab, oxurga qarab uloqtirdi. Kampir oxurga boshi bilan urilib
chinqirdi-yu, hushidan ketdi.
Qipchoq yigit tuynukdan somonxonaga o‘tganda Robiya somonxonaning eshigidan
qochib hovliga chiqdi. Shunda ikkinchi yigit qarshisidan chopib chiqib uni tutib oldi.
Ichkaridan qisiq ko‘zligi yetib keldi. Qiz ularning qo‘lidan chiqib ketmoqchi bo‘lib baliqday
patillar edi. Uchinchi bir yigit egaridan qop olib qopning og‘zini ochganicha ularga
yaqinlasha boshladi. Qiz hozir boshiga qop kiydirilishini sezdi-yu, bor ovozi bilan dod
solib qichqira boshladi.
Tohir shu vaqtgacha tishini-tishiga qo‘yib, uylarida bo‘layotgan talon-torojga chidab
o‘tirgan edi. Ammo Robiyaning chinqirig‘ini eshitgandan keyin ko‘ziga hech narsa
ko‘rinmay qoldi. O‘tinxonadan chopib chiqdi-da, qo‘shni hovlining devoriga tirmashdi.
Devorning su-voqlarini ko‘chirib, naryoqqa oshib tushar ekan, shuncha kundan beri uni
xavotirga solib yurgan eng yomon baxt-sizlik u kutgandan ham dahshatliroq bir tarzda
ro‘y berayotganini ko‘rdi. Biri Robiyani oyoqlaridan ushlab olgan, ikkinchisi uning
qo‘llarini beliga qo‘shib mahkam qisib turgan va uchinchisi qizning boshiga qop
kiydirmoqchi bo‘layotgan yigitlar Tohirning badaniga ham zaharli ilon bo‘lib
yopishayotganday tuyuldi. Tohir qichqirib yubordi. Hovlida bir yigit otlarni jilovidan tutib
turibdi. Yana biri qo‘lida uzun nayzasi bilan ot ustida o‘tiribdi. Hammasining belida
qilichi, yonida o‘q-yoyi. Tohir bir o‘zi bularga bas keloladimi, yo‘qmi, buni o‘ylab
o‘tiradigan ahvolda emas. Robiyaga yopishgan ilonlarga tezroq tig‘ urishdan boshqa o‘yi
ham, istagi ham yo‘q. U yugurib borayotib xanjarini qinidan sug‘urdi.
Nayza ko‘targan otliq:
— To‘xta! To‘xta! — deb uning ketidan ot soldi. Tohir ikki sakrab mo‘ljallagan joyiga
yetib bordi. Robiyani oyog‘idan quchoqlab olgan qisiq ko‘zli yigitning biqiniga xanjar
urdi. Xanjar sopigacha botib ketgani, qisiq ko‘zli yigit ingrab Robiyaning oyoqlarini qo‘yib
yuborgani esida. Tohir xanjarni tortib olayotganida o‘zining yelkasiga g‘archillab
sanchilgan nayza zarbidan gandiraklab ketdi. Uning xanjar tutgan qo‘llari dahshatli bir
og‘riqdan bo‘shashdi. Ot ustidan unga nayza sanchgan yigit nayzasining uzun sopidan
tortib sug‘urib olayotganda Tohirning yelkasidan — ko‘ylagi bilan birga kesilgan
badanidan qon tizillab otilib ketdi. U o‘zi qulatgan qisiq ko‘zli yigitning ustiga yiqilar
ekan, Robiyaning kosasidan o‘ynoqlab chiqqan vahima to‘la ko‘zini ko‘rdi. Qizning:
— Voy, Tohir og‘am! — deb qichqirgani uzoqlardan kelgan sharpaday zo‘rg‘a eshitildi.
So‘ng bu ham zulmat qa’riga sho‘ng‘ib yo‘q bo‘ldi.
Tohir qoniga belanganicha qoldi-yu, Robiyani Samarqand tomonga olib ketishdi.
____________
* B i r yo g‘ o ch — taxminan o‘n olti chaqirim.
* M o l i a m o n — urushda to‘lanadigan tovon.