www.ziyouz.com kutubxonasi
40
talonchilar ekanini ko‘rib nafrati keldi. Otdan tushmay hovli o‘rtasida turgan ponsodga
qarab:
— Mehmon, insof ham darkor! — dedi. — Podshohlarimiz sulh tuzganlaridan keyin
bunchalik talon-toroj qilish musulmonchilikka to‘g‘ri kelarmikin?
Bostirmada mulla Fazliddinning otini allaqachon o‘ziniki qilib, unga egar urayotgan qora
yigit:
— Sulh, omon-omon! — deb, bu so‘zlarni masxaralaganday kulib aytdi.
Boshqa bir yigit bo‘xchani titkilab, undan bir juft atlas topdi-da, ponsodga uzatib:
— Moli amon!* — dedi.
Ponsod atlasni olib xurjunga solar ekan, mulla Fazliddinga zug‘um qilib, samarqandcha
talaffuz bilan gapira boshladi:
— Oltmishta otimiz o‘lat bo‘lib o‘ldi. Bizga kasofatlaring urdi. Sen bunda savori yurginu
mani yigitim Samarqandga piyoda ketsunmi? Ikki kishi bir otga mingashib kirganini
ko‘rdingmi?
— Ko‘rdim. Agar aravaga qo‘shilgan shu cho‘bir ot yigitingizni Samarqandga ko‘tarib
borolsa, mayli, oling. Lekin ayollarning bo‘xchasini kavlash, sizdek olijanob ponsodga
joizmikan?
— Bizning ayollarimiz Farg‘ona atlasidan savg‘o keltiring, deb tayin qilgan. Biz shuncha
joydan ovora bo‘lib kelib, endi besavg‘o qaytaylukmi? Insof shumi?!
Ponsod so‘nggi so‘zni alam bilan aytganiga qaraganda, urushning g‘alabasiz tugaganidan
juda norozi edi. Bu odamlar, urushdan katta o‘ljalar olish umidida oylab-yillab qon
kechib, hamma azob-uqubatlarga bardosh berib yurar edilar. Agar Andijon va Axsi kabi
boy shaharlar bosib olinsa, jangchilarning har biri o‘ljador bo‘lishi shubhasiz edi. Biroq
Quvadagi talafotdan keyin darhol sulh tuzildi. Andijondan yarashish uchun chiqqanlar
Samarqand podshohiga oltin-kumush sovg‘alar, qimmatbaho sarupolar, bir necha yuz
chopqir ot va tuyalar in’om qildilar. Bu in’omlar podshohning ichkilari, mulozimlari,
beklari va boshqa yaqinlaridan ortmay qoldi. Mana bu ponsodga o‘xshagan jangchilar
esa o‘ljasiz qoldi.
Shuning alamiga ular orqaga qaytishda yo‘llarida uchragan qishloqlarni tintib, o‘lja
qidirishga tushgan edi.
Ulardan beshtasi hozir Robiyalarning hovlisiga ham bostirib kirgan edi. O‘tinxonaning bir
devori Robiyalarning hovlisiga tutash bo‘lgani uchun Tohir qo‘shni hovlida ham to‘polon
ko‘tarilganini eshitib qoldi.
Kecha ehtiyotini qilib ichkarida bekinib o‘tirgan Robiya urush tugaganini eshitgan, so‘ng
hovliga sigir sog‘ishga chiqqan edi. Sigirga buzoqni qo‘yib, uni iydirish bilan andarmon
bo‘ldi-da, hovlilariga otliq askarlar kirib kelganini kech sezdi.
Ayasi og‘ilxonaga chopib kirdi.
— Voy, o‘lay, sen shu yerdamiding?
— Nima bo‘ldi, aya?
— Yog‘iy! To‘xta! Hovliga chiqma!.. Ana u tuynukdan somonxonaga o‘t!
O‘lja ot qidirib yurgan navkarlarning ikkitasi darhol og‘ilxonaga kirdi-yu, uning to‘ridagi
tuynukdan naryoqqa oshib o‘tayotgan qizni ko‘rib qoldi. Qisiq ko‘zli qipchoq yigit
yonidagiga qarab:
— Suluv qizga o‘xshaydi! — dedi.
— Ot jo‘q ekan-da, — dedi sherigi afsuslanib.
— Jaxshi qiz otdan ham qiymat bo‘ladi. Jur, olib chig‘ayiq. Samarqandga olib borib
Fozilbekka sotamiz!
Sigirning panasida turgan ona bu dahshatli so‘zlarning ma’nosini tushundi-yu, chopib
borib tuynukning og‘zini gavdasi bilan bekitdi.