www.ziyouz.com kutubxonasi
74
yakdillik belgisi deb o‘ylaydi.
Ammo beklar mashvaratdan yangi bir vazifani zimmalariga olib, uy-uylariga
tarqalganlaridan keyin xilvatda ikkita-uchtadan bo‘lib olib, g‘iybatga tushib ketishadi:
— Xullasi kalom. Bobur mirzongiz Ulug‘bekdek ulug‘ odam bo‘lmoqchi ekanlar-da,
Ahmadbek? — so‘raydi Xonqulibek istehzo qilib.
Ular baxmal ko‘rpa yopilgan issiq sandalning ikki chetida o‘tirib kechki taomni birga
yemoqda edilar. Ahmad Tanbal qazidan bir parra olib, kinoya bilan kuldi:
— Ha, Bobur mirzoingiz ulug‘ odam bo‘lishlari uchun yana birgina narsa yetmay
turganmish...
— Xo‘sh?
— Bugun mashvaratda aytdilar-ku! Samarqand dehqonlari ocharchilikda urug‘lik
donlarini yeb qo‘ygan emishlar. Biz Qarshiga karvon yuborib olib kelgan donlarimizni
dehqonlarga qarz berur emishmiz.
— Dard ustiga chipqon!
— Iloj qancha, Xonqulibek! Yosh podshohimiz ulug‘ bo‘lishlari uchun hammasiga
chidaysiz. Yana bu kishim Samarqandga kuyovlar, qalliqlari bor. Domod raiyyatga
o‘zlarini yaxshi ko‘rsatmoqlari zarur. Bu ham yetmaganday, yosh podshohimiz har
haftada shoirlarni to‘plab mushoira o‘tkazmoqdalar.
— Shoir ham bo‘lmoqchilar shekilli-da!
— Ha, bizning nasibamizga qayoqdagi shoirlarni ham sherik qilganlari ana shu
sababdan! Xazinadagi oltinlarni sovurib, qator-qator qimmatbaho kitoblar olishlari ham
ana shundan!
Xonqulibek soqolini g‘ijimlab:
— Etak silkib Andijonga ketay desam, ruxsat bermaydir, — dedi. — Tangri haqqi,
Boburingizdan to‘ydim, Ahmadbek!
Ahmad Tanbal zaharxanda qilib kuldi-da, o‘rnidan turib eshikni zichlab yopdi. Joyiga
kelib o‘tirgach:
— Xonqulibek, — deb tovushini pasaytirib gapira boshladi, — beklar bo‘masa,
podshohlarning ilkidan hech ish kelmaydir. Navkarning ko‘pchiligi bizniki. Jangni biz
qildik. Azobni biz tortdik. Endi bunday mute bo‘lib, yosh yigitchadan ruxsat so‘rab
o‘tirmog‘imiz ne kerak?
— Gapingiz rost! — shivirladi Xonqulibek. — Podsho bo‘lsa o‘ziga! Ruxsat bermasa
bermasin, men baribir keturmen!
— Men ham bu yerda xor bo‘lib yurmoqchi emasmen. Omon bo‘lsam, podshoh topilur.
Axsida Jahongir mirzo bor. Buxoroda Sulton Ali mirzo bor. Bularning urug‘i ko‘p.
Hammasiga sizu bizdek beklar kerak. Sizga mening maslahatim — Andijonda ko‘p
turmang. Ilikka tushib qolursiz.
— Axsiga boraymi?
— Ha, Axsida Uzun Hasanga uchrang. Sizni Jahongir mirzoning xizmatiga olur.
— Olurmikin? Balki Jahongir mirzo Boburga qarshi borolmas?
— Sizu bizday beklari ko‘paysa borur! Jahongir mirzo Andijon taxtiga ishqiboz...
... Ikki bek shu kuni gapni bir joyga qo‘ydilaru ertasi kuni kechasi Ahmad Tanbalning
ishonchli odamlari Feruza darvozasida soqchilik qilayotgan paytda Xonqulibek elliktacha
navkari bilan sekin shu darvozadan chiqib qochdi. Oradan bir hafta o‘tgach, Ahmad
Tanbalning o‘zi Zominga karvonni kuzatib borish bahonasi bilan navkarlarini ergashtirib
ketdi-da, Samarqandga qaytmay, to‘g‘ri Axsiga yo‘l oldi. Shundan keyin shahardan
tashqariga zarur ish bilan yuborilgan bek va navkarlarning qaytib kelmaslik hollari
tobora ko‘paya boshladi. Kechalari qal’a devorlaridan oshib tushib qochayotganlar
buning ustiga qo‘shildi. Qishning oxiriga borib, Samarqandga Bobur bilan kelgan bek va