www.ziyouz.com kutubxonasi
99
To‘xtamishxon tor-mor bo‘lgan paytlarda Temurbek o‘g‘li Mironshohga in’om qilgan
ekan. Endi Bobur boshqa chingiziylarni ham xuddi To‘xtamishga o‘xshatib shu qilich
bilan tor-mor qilmoqchi emish!
Mahmudxon achchiq istehzo bilan kuldi:
— Bu hammasi bekorchi xomxayol! Temuriylar Chig‘atoy ulusida yuz yildan ortiq hukm
surgani yetar! Endi ularning davri tugadi! Bir yilda katta yoshlik, tajribali temuriylardan
uchtasi ketma-ket olamdan o‘tdi. Yana Boysunqur mirzo deganini Xisorda Xisravshoh
o‘ldirib, taxtini egalladi. Buxoroda Sulton ali mirzo degan bo‘sh-bayov bir o‘smir
hukmron edi. Shayboniyxon Buxoroni osongina undan tortib oldi.
— Shayboniyxonga siz yordam berdingiz-da, xon hazratlari! Bu odam avval temuriyzoda
Sulton Ahmad mirzo xizmatida uch yuztagina navkari bilan ponsot darajasida xizmat
qilib yurgan edi.
— Yordam berdik, chunki Shayboniyxon bilan ildizimiz bir. Biz sohibqironi a’zam, xoqoni
muazzam Chingizxonning o‘rtancha o‘g‘li Chig‘atoyxondan tarqagan xonlarmiz.
Shayboniyxon Chingizxonning katta o‘g‘li Jo‘jixondan tarqagan xonlar avlodidandir. Buni
bi-lurmisiz?
— Yaxshi bilurmen, xon hazratlari. Ammo Jo‘jixonning o‘g‘li Botuxon Chig‘atoy ulusini
Oltin O‘rdaga bo‘ysundirmoqchi bo‘lib, sizning bobolaringizga ko‘p jabru sitamlar
o‘tkazgan! Qancha-qancha chig‘atoylarni Botuxon begunoh yasoqqa yetkazgan!
— Lekin Shayboniyxon — Botuxon avlodidan emas, Shaybon ulusidandir, shuni
unutmang, janob vazir! Shaybon — Jo‘jixonning beshinchi o‘g‘li bo‘lgan, Botuxonga
qarshi turgan.
— Bunisini bilurmen, xon hazratlari. Shaybon ulusi Yoyiq bilan Irtish daryolari orasidagi
yaylovlarda ko‘chib yurgan. Shayboniyxonning nevara-chevaralaridan biri Abulxayrxon
nomi bilan shuhrat qozongan. Hozirgi Muhammad Shayboniyxon ana o‘sha
Abulxayrxonning nevarasi ekan. Otasi Shohbudoq sulton xonlik masnadiga yetisholmay
o‘lib ketgan.
— Ha, rost, Shayboniyxonning asli oti — Shohbaxt ekan. Uni bolaligida Abulxayrxon o‘zi
tarbiyalagan ekan. Bobosi o‘lgandan keyin alg‘ov-dalg‘ov boshlanib, Shohbaxtxon ko‘p
azob tortadi. Axiyri Dashti Qipchoqdan Buxoroga ko‘chib kelib, jon saqlaydi.
— Tasanno, xon hazratlari! Buxoroda temuriylar xizmatida bir bek bo‘lib yurgan
Shohbaxtxon sizning ko‘magingizda qaddini tiklab, kimsan, Shayboniyxon bo‘ldi-ya!*
— Lekin Shayboniyning o‘zi ham kallasi yaxshi ishlaydigan, pishiq, dovyurak odam
ekanda. Chirchiq daryosi bo‘yidagi jangda jonini garovga qo‘yib bizga qanday ko‘mak
bergani yodingizdami?
— Nega yodimda bo‘lmasin, xon hazratlari? O‘zim kechasi daryo bo‘ylariga borib
vositalik qilgan edim-ku.
Xon bilan vazir ikkovlari uchun ham yoqimli bo‘lgan o‘sha voqealarning tafsilotlarini
eslab ketdilar.
Bu voqealarning orasida quda-andachilikning alohida o‘rni bor edi. Mahmudxonning otasi
Yunusxon bir emas, uch qizini aka-uka temuriylarga uzatgan edi. Ulardan o‘rtanchasi
Ahmad mirzo — Samarqand podshosi, ikkinchi kuyov — Mahmud mirzo — Hisor
hukmdori, uchinchi kuyov — Umarshayx mirzo — Farg‘ona tojdori. Xonlar udumiga
binoan, Yunusxon har bir qiziga mingdan ortiq mo‘g‘ul beklari, navkarlari, kaniz va
xizmatkorlaridan qo‘shib yuborgan edi. Ular kuyovning dargohiga o‘rnashib, kelinning
xizmatini qilishar, ayni vaqtda, temuriylarning ichki ishlariga aralashib, ularning
oralarida nizo chiqishiga sabab bo‘lar edilar.
Ana shu tarzda chiqqan nizolar tufayli Ahmad va Umarshayx mirzolar bir-birlari bilan
Toshkentni talashib ko‘p urushdilar. Qaynotalari Yunusxon ularni yarashtirish bahonasi