Sof monopoliyaning asosiy xususiyatlari: Firmalar soni bitta, mahsulot turi yagona, unikal, bozordagi hokimlik maksimal darajada, bozorga kirish chiqishdagi to’siqlar umuman olib tashlab bo’lmaydigan. O‘zbekistonda sof monopoliyalar sifatida «O‘zbekiston havo yo‘llari»
DAK, «O‘zbekiston temir yo‘llari» DAK, O‘zbekNeftegaz holding kompaniyasi,
O’zbekenergiya DAK misol keltirish mumkin. Darhaqiqat, ular o‘z tarmoqlaridagi
tegishli faoliyatlarning yagona ishlab chiqaruvchisi hisoblanadilar. Shuningdek,
ba’zi hollarda tarmoqdagi monopolist ishlab chiqaruvchilar sonining ko‘payib
borishi monopolistik raqobat holatining vujudga kelishiga sabab bo‘ladi.
Monopoliyaning vujudga kelishi sababi va tavsifiga ko‘ra: tabiiy monopoliya, legal monopoliya, sun’iy monopoliya. Tabiiy monopoliya tarkibiga kamyob va ishlab chiqarishning erkin tarzda
takror hosil qilib bo‘lmaydigan unsurlari (masalan, nodir metallar, foydali
qazilmalar va h.k.)ga ega bo‘lgan mulkdorlar va xo‘jalik tashkilotlari kiradi.
Shuningdek, mazkur monopoliya tarkibiga o‘ziga xos texnologiyaning qo‘llanishi
sababli raqobatni rivojlantirib bo‘lmaydigan ba’zi bir tarmoqlar va ishlab chiqarish
turlari ham kiritiladi. Odatda, tabiiy monopoliyalar davlat tomonidan ma’lum bir
xududga xizmat ko’rsatish xuquqini oladilar va buning evaziga iste’molchilar
xuquqlarini ximoya qilish bo’yicha davlatning nazorati va boshqaruviga
bo’ysunadilar.
Tabiiy monopoliya – korxonaning texnologik xususiyatlari sababli mahsulotga bo‘lgan talabni qondirish, raqobat mavjud bo‘lmagan sharoitda samaraliroq amalga oshiriluvchi tovar bozorining holati. Bunday samaradorlik
ishlab chiqarish hajmining ko‘payib borishi bilan tovar birligiga to‘g‘ri keluvchi
xo‘jalik xarajatlarining ahamiyatli darajada pasayib borishida namoyon bo‘ladi.
Shu bilan birga, tabiiy monopoliya sub’ektlari tomonidan ishlab chiqarilgan
mahsulotlar iste’molini boshqa turdagi mahsulotlar bilan almashtirib bo‘lmaydi.