www.ziyouz.com kutubxonasi
11
– Unda eshit, – dedi avliyo. – Men hatto o‘zimga yemish topolmayman, shu bois Tangrim rahm
qilib, g‘or og‘zida anjir o‘stirib qo‘ygan. Agar shu anjir qurib qolsa, unda mening holimni ko‘r.
Sog‘lom holimda ham Tangrim yaratgan havoga, suvga, ozuqaga muhtojman. Mabodo vujudimga bir
kasallik ilashsa, undan o‘zim xalos bo‘lolmayman, darhol dardimga davo istab, Parvardigorimga
yolvoraman. Xalos bo‘lish u yoqda tursin, bu kasallikning aslida nima ekanini ham bilmayman, jonim
qiynoqda qolgani uchun ham Tangrimga yig‘lab-siqtayman. Mening bu g‘orda ekanimu yemishim
anjir ekani – bechoraligimni ko‘rsatadigan holat emasmi? Hamma narsada o‘zim Tangrimga
muhtojmanu sen mo‘‘jizani Undan so‘rashning o‘rniga, mendan so‘raysanmi?
– Endi to‘g‘ri aytding, gaplaringga ishondim, – dedi mehmon, so‘ng qilichini qiniga soldi. – Lekin
yana bitta savolim bor, shunga javob bermaguningcha ko‘nglim o‘rniga tushmaydi. Aytadilarki, sening
qo‘riqchi sherlaring bormish, menga – seni o‘ldirishga jahd qilgan odamga ularni gij-gijlashning
o‘rniga nega hurmat bilan kutib oldingu bularni bittalab tushuntirding?
Avliyo dedi:
– Tangri taolo bir bandasiga parchinlanish, yana biriga mo‘g‘ul askarining qilichi, boshqa bir
quliga esa dor yog‘ochi orqali o‘limni ravo ko‘rgan edi. Yaratgan Egam ajalimni sening timsolingda
yubordimikin deb qo‘rqdim...
Kelguvchi uzoq o‘ylandi. So‘ng shunday dedi:
– Uning nazdida qadru qiymat topgan bandalaridan biri ekanligingga, oddiy kishilarga bildirmagan
sirlaridan O‘zi xohlaganlarini senga bildirganiga shak-shubha yo‘q. Biroq, mening kim ekanimni nega
pinhon tutganini anglab yetolmadim. Uning bu irodasida yaxshilik borligi aniq-ravshan, shoyad menga
ham bir xayr yetsa deb umid qilaman...
IKKINCHI QISM Uch soatdan so‘ng, Atlantika ummoni uzra misli ko‘rilmagan qudrat bilan bo‘ron qo‘zg‘alishi
oldidan dunyoning to‘rt burchidagi to‘rtta makonda ana shu tarix va ana shu voqealar ro‘y bergan edi.
Oradan uch soat o‘tgach, sokin havolarning ko‘zga ko‘rinmas mavjlaridan boshlangan va tobora
kuchayib borgan shamolning, osoyishta to‘lqinlanayotgan suvlarni o‘nlab quloch balandlikka ko‘tarib
girdoblar hosil qilgan holda ichidagi jonzotlariga qo‘shib insonlar makoniga – quruqlikka qarab
itqituvchi, yo‘lida uchragan narsani g‘orat qilib boruvchi kuchli bo‘ronga aylanishi kutilmoqdaydi.