LINGVISTIK TADQIQOT METODLARI
REJA:
1. Tilni o‘rganish metodlari va metodologiyasi
2. Tavsifiy metod
3. Qiyosiy-tarixiy metod
4. Chog‘ishtirish va tipologik metod
5. Struktur metod va uning yo‘nalishlari.
Funksional lingvistika
Glossematika
Deskriptiv lingvistika yo‘nalishi va uning metodlari
- Distributiv tahlil metodi
- Bevosita ishtirokchilar metodi
- Transformatsion tahlil metodi
6. Matematik-statistik metodlar
Statistik tahlil metodi
Avtomatik tahlil metodi
Asosiy tushunchalar:
Metod, metodika, metodologiya, tasviriy metod, qiyosiy-tarixiy metod,
chog‘ishtirish metodi, tipologik metod, struktur metod, distributiv tahlil,
transformatsion tahlil, bevosita ishtirok etuvchilarga ajratish, statistik tahlil, avtomatik tahlil metodlari.
TILNI O‘RGANISH METODLARI VA METODOLOGIYASI
Metod grekcha methodos so‘zidan olingan bo‘lib, “tadqiqot”, “o‘rganish”
degan ma’noni anglatadi. U ob’ektiv borliqdagi predmet, hodisalarni, ya’ni
tadqiqot manbaini ilmiy tahlil qilish, o‘rganish orqali uning mohiyatini, tabiati,
tarkibiy qismlarini, muayyan o‘ziga xos xususiyatlarini topish, ochish, ular
haqida ilmiy xulosalar, umumlashmalar chiqarish usuli bo‘lib, muayyan fanga
xizmat qiladi va uning taraqqiyotini ta’minlaydi. Har bir fanning o‘z tadqiqot
usullari mavjud. Masalan, tabiiy fanlar, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, tilshunoslik
fanlarining metodlari bir-biridan katta farq qiladi. Tabiiy fanlar, tibbiyotda
eksperiment, qishloq xo‘jaligida amaliy tajriba ustuvorlik qilsa, tilshunoslikda
tahlildan foydalaniladi.
Bir fan doirasida ham turlicha metodlar va ularni qo‘llash usullari mavjud.
Jumladan, tilshunoslik fani ham o‘zining qator ilmiy-tadqiqot metodlariga ega
bo‘lib, bu tilning ham ijtimoiy-tarixiy, ham ijtimoiy-psixik, ijtimoiy-fiziologik,
ham ijtimoiy-individual hodisa ekanligidan kelib chiqadi. Shunga ko‘ra lisoniy
tadqiqot metodlari turli-tumandir.
Jumladan, ona tilini tahlil qilish metodlari bilan chet tillarini tahlil qilish
metodlari, tilning sotsiologik jihatlarni o‘rganish usullari bilan nutq tovushlarini
tahlil qilish usullari bir-biridan katta farq qiladi. Har bir fanga oid tadqiqot
usullarini qo‘llashning muayyan yo‘l-yo‘riqlari mavjud bo‘lib, ular shu fanning ish
yuritish metodikasini tashkil etadi.
Demak, metod – bu bilish usuli bo‘lsa, metodika – bilish usulida
qo‘llanadigan yo‘l-yo‘riqdir. Ya’ni: tadqiqot ob’ektini tekshirish usuli, individual
ish olib borish metodlari, faktlarni yig‘ish, tahlil qilishni umumlashtirish
jarayonidir. Shundan kelib chiqib, tilshunoslikda ona tili metodikasi, chet tili
metodikasi, til sathlari, til va nutq, til va tafakkur masalalariga, kommunikativ
tilshunoslik yoki tilga kompetensiyaviy yondashuv metodlarini qo‘llashga
o‘rgatuvchi metodikalar mavjud. Ayni vaqtda ushbu metodlar bir-biridan farq
qilsa-da, ularning barchasi bir maqsadga, ya’ni mazkur lisoniy hodisalarning“sir”larini ochish va shu
asosda ilmiy-nazariy va ilmiy-metodik xulosalar, falsafiymantiqiy umumlashmalar chiqarishga qaratilgan
bo‘ladi.
Demak, har bir fanning umumiy metodologiyasi ham mavjud bo‘lib,
metodologiya yunoncha methodos “tadqiqot usuli” va logos “ta’limot” so‘zlaridan
olingan hamda fanning tadqiqot usullari haqidagi ta’limotdir. Metodologiya bilish
faoliyati yo‘llari haqidagi ta’limot sifatida har qanday fan nazariyasi va
amaliyotida katta ahamiyatga ega. U tadqiqot manbaini qanday tushunish, uni
o‘rganishga qanday yondashish, qaysi usullarni qo‘llash, tadqiqot ob’ekti
yuzasidan umumiy nazariy, amaliy, mantiqiy yoki tavsifiy bilimlar hosil qilish
haqidagi ta’limot bo‘lib, umumilmiy va xususiy fanlar metodlari o‘rtasidagi uzviy
munosabatni ko‘rsatadi. Shundan kelib chiqqan holda, bilish usullari ham
umumiy va xususiy bo‘ladi.
Umuman bilish usuli falsafiy tizimga xos bilish tamoyillarini ifodalab,
tabiat, jamiyat, tafakkurning umumiy qonuniyatlari haqidagi ta’limot sanaladi.
Umumiy metodologiya falsafiy bilish metodining muayyan fan doirasida konkret
qo‘llanishi, xususiy metodologiya esa u yoki bu fan tarmog‘iga xos tadqiqot
metodlari haqidagi ta’limotdir. Umummetodologik tamoyillar turli fanlar bergan
ma’lumotlarni umumlashtirish asosida vujudga keladi. Aytib o‘tilganidek, har bir
fanning o‘z maxsus tadqiqot usullari va ularga asoslangan umumilmiy
metodologiyasi ham mavjud (ijtimoiy fanlarning tahlilga asoslangan umumilmiy
metodologiyasi, tabiiy fanlarning tajribaga asoslangan umumilmiy metodologiyasi
kabi). Lekin ularning barchasi asosida kuzatish, idrok qilish, o‘rganish, tushunish,
anglash kabi bilish usullari yotadi.
Har bir tadqiqot ishi, albatta, dunyoni bilishga qaratiladi, biroq u fan
tarmog‘i xususiyatidan kelib chiqadigan umumilmiy metodologiyaga asoslanadi.
Shu bois har bir tadqiqotchi, avvalo, o‘z tadqiqot ishining umumilmiy
metodologiyasini va undan kelib chiqadigan tadqiqot metodlari belgilab olishi
kerak bo‘ladi. Buni quyidagi ierarxik bosqichlarda ko‘rsatish mumkin:
tadqiqot maqsadi – farazi – kutiladigan yangilik tadqiqot predmeti va ob’ektini tanlash tadqiqot
metodologiyasi va metodlarini tanlash.
Har bir metod esa o‘z ichida kuzatish, dalillarni to‘plash, ularni o‘rganish,
qiyoslash, chog‘ishtirish, fikrlarni umumlashtirish, anketa so‘rovnoma va tajribasinov o‘tkazish,
natijalarni statistik tahlil qilish, xulosalash kabi usullarni qamrab
oladi.
Demak, tadqiqot ishi tadqiqot maqsadini aniqlash va fan yo‘nalishiga mos
umumilmiy metodologiyani tanlashdan boshlanadi. Jumladan, tilshunoslik
sohasida ham tadqiqot ishining nazariy (filologik) yoki amaliy (metodik)
yo‘nalishda olib borilishi maqsadi tadqiqot ishining keyingi barcha bosqichlarini
belgilab beradi. Tadqiqot metodlarni tanlashda ham yana bir muhim jihatga e’tibor
qaratish zarur. Ma’lumki, til ijtimoiy-tarixiy hodisa, shundan kelib chiqib, tadqiqot
ishi diaxron yoki sinxron planda o‘rganilishi mumkin. Ularning har biri esa o‘z
tadqiqot metodlariga ega. Tilshunoslikning diaxron tadqiqot metodlari vaqt, zamon
belgisi, ya’ni qo‘llanishiga ko‘ra uzoq o‘tmish bilan bog‘lanishi bilan tavsiflanadi.
Ularga tasviriy, qiyosiy-tarixiy, chog‘ishtirish, tarixiy-qiyosiy, tipologik metodlari
kiradi.
TAVSIFIY METOD
Bu metod jahon tilshunosligining eng qadimiy va dastlabki yetakchi metodi
hisoblanib, qadimgi arab, yunon, hind, xitoy, rim tillariga oid yaratilgan asarlar –
grammatikalar mazkur metod asosida yaratilgan. Tavsifiy metod sinxron analiz
metodi bo‘lib, ob’ektni (matnni) turgan holatida berilgan ma’lumotlar asosida
o‘rganadi. Tavsifiy metod tomonidan olingan ma’lumotlar barcha metodlar uchun
tayanch nuqta hisoblanadi. Struktur metod ushbu metod xulosalariga tayanib ish
ko‘radi, qiyosiy-tarixiy metod uchun ham qiyoslanayotgan ob’ekt haqidagi izohni
tavsifiy metod beradi. Shu bois tavsifiy metod turli davrlarda turli lingvistik
maktablar va yo‘nalishlarga xizmat qilgan. Hozir ham boshqa metodlar bilan ish
olib borayotgan mutaxassislar turli tillarga oid darslik, qo‘llanmalar, monografik
tadqiqotlarni shu metod asosida yaratmoqdalar. Tavsifiy metodda tadqiq qilish jarayoni quyidagi 2
bosqichda olib boriladi
bosqich - komponent tahlil bo‘lib, unda matn gaplarga, gaplar so‘zlarga,
so‘zlar morfemalarga, morfemalar esa fonemalarga ajratilib tahlil qilinadi.
Komponent tahlil metodi so‘z ma’nosini tarkibiy qismlarga – komponentlar
(semalar)ga ajratish, har bir semaning so‘z ma’nosi - semema tarkibidagi
ahamiyati, o‘rni, imkonini aniqlash, ishlatilish doirasini belgilash bilan
shug‘ullanadi. Komponent tahlil qilish metodi orqali so‘z ma’nosi mantiqan
zaruriy bo‘laklarga – komponentlarga ajratiladi, ajratilgan bo‘laklarning har biri
alohida o‘rganilib, ularning so‘z ma’nosi tarkibidagi “quvvati”, nutqda qanday
vazifa bajarishi o‘rganiladi. Sema va sememalarning o‘zaro bog‘liqligi butun va
bo‘lak nuqtai nazaridan baholanadi.
II bosqich - kontekstual tahlilda komponent tahlil bosqichida olingan
ma’lumotlar muayyan guruhlarga umumlashtiriladi. Ushbu tahlillar til
birliklarining tildagi vazifasi, tuzilishi, qo‘llanishi kabilarni tavsiflashga, ilmiy
izohlashga, umumlashma xulosalar chiqarishga xizmat qiladi. Bunda ijtimoiysotsiologik, talaffuz-akustik,
fanlararo tahlil, distributiv tahlil usullaridan
foydalaniladi.
1. Ijtimoiy-sotsiologik usul so‘zlarni tematik guruhlash, lingvistikjug‘rofiy o‘rni, mavqei, me’yoriy-uslubiy
xususiyatlarni o‘rganadi.
2. Talaffuz-akustik usul orqali nutq tovushlarining talaffuz-eshitilish
xususiyatlari, fonetik hodisalar tahlili o‘rganiladi. Bunda ayniqsa eksperimentalfonetik tahlil metodi
muhim o‘rin tutadi.
Ushbu metodda nutq tovushlari, intonatsiya, pauza, ritm kabi fonetik
hodisalarni maxsus texnik vositalar, asboblar yordamida tadqiq qilinadi. Ushbu
metodda quyidagi usullardan foydalaniladi:
Somatik usul – gapirish-so‘zlash jarayonida fiziologik jarayonlarning
jismoniy harakatlari ifodasini o‘rganadi. Artikulyatsiya a’zolarini suratga olish,
nutq apparatining rentgen tasvirini tushirish, nafas olish jarayonini o‘lchash – bu
metodning usullari hisoblanadi
Pnevmatik usul – talaffuz jarayonidagi nutq a’zolari harakati, havo
oqimining og‘iz, burun va bo‘g‘iz bo‘shlig‘idagi harakati natijasida hosil
bo‘luvchi og‘iz, tovush va shovqinlarning o‘zgarishi aniqlanadi.
Elektroakustik usul – nutq faoliyatidagi tovushlarni, ularga xos turlicha
xususiyatlarni (masalan, cho‘ziqlik, qisqalik, baland-pastlik, ohangdorlik, shovqin
kabilarni) elektr tebranishlari nuqtai nazaridan tahlil qiladi, ular asosida
tavsiflaydi. Ushbu metod nutq tovushlarini nafaqat akustik, balki artikulyatsion
jihatdan ham aniq tavsiflash imkonini beradi.
3. Distributiv tahlil usulida til va nutq birliklari (fonema, morfema,
leksema, so‘z va so‘z birikmalari)ning joylashish o‘rni, oldinma-ketin kelishi,
o‘zaro bog‘lanishi va semantik-stilistik munosabatga kirishuvi o‘rganiladi. Bunday
tahlil tilshunoslikda deskriptiv yo‘nalish deb atalib, uning asosini distributsiya yoki
distributiv metod tashkil etadi.
Unda tillarni o‘rganish 2 bosqichda amalga oshiriladi:1) lingvistik birliklar
aniqlanadi; 2) ushbu birliklarning bir-biriga nisbatan distributsiyasi, joylashuvi
belgilanadi. Distributsiya lisoniy birliklarning nutqda qo‘llanish, joylashish o‘rni,
boshqa unsurlar bilan birika olish qobiliyati, ya’ni potensialdagi qurshovi bo‘lib,
uning morfologik, leksik-semantik, sintaktik turlari bor.
Morfologik distributsiya – bu bir so‘z turkumini boshqa so‘z turkumlari
bilan munosobatga kira olishidir (sifat va ot, ravish va fe’l, artikllar va ot va
hakozo). Bunda morfemalar aniqlanib, ularning aloqalari talqin qilinadi,
izohlanadi.
Leksik-semantik distributsiya – til elementlarining mano jihatidan o‘zaro
aloqa qilish qobiliyatidir.
Sintaktik distributsiya – gap bo‘lakarining bir-biriga nisbatan joylashuvi va
munosabatidir.
Tilda birliklarni qismlarga ma’noli qismlarga ajratish segmentatsiya deyiladi.
4. Valentlik tahlil usulida so‘zning nutq faoliyatidagi semantik-sintaktik,
funksional faolligini o‘rganish, uning ma’noga bog‘liq imkoniyatlarini yoritish
masalalari o‘rganiladi. Bunda so‘zning o‘z ma’nosi asosida boshqa so‘zlar bilan semantik munosabatga
kirishuvi, ularni o‘ziga biriktirish xususiyatlari o‘rganiladi,
so‘zlar orasidagi semantik munosabat bevosita sintaktik munosabatni yuzaga
keltirishi, ya’ni semantik sintagmalar sintaktik konstruksiyalarni hosil qilishi
aniqlanadi. Ushbu metod har bir so‘zda valentlik imkoni mavjud bo‘lishi va u
sintaktik aloqada yuzaga chiqishi, valentlikning nutqda – so‘zlar orasidagi turlicha
bog‘lanishlarda, ya’ni xususiyliklarda namoyon bo‘lishi tahlil qilinadi.
QIYOSIY-TARIXIY METOD
XIX asrning 1-choragida yuzaga kelgan mazkur metod lingvistik metodlar
ichida eng faoli hisoblanib, unda o‘zaro qarindoshlik munosabatidagi tillarning
birliklari (tovush, qo‘shimcha va so‘zlar) tarixiy jihatdan qiyoslanadi, ular
orasidagi o‘xshashliklar aniqlanib, ularning dastlabki tarixiy shakllarini tiklashga
harakat qilinadi. Bu vazifalar quyidagi usullar vositasida amalga oshiriladi:
qiyoslash uchun material to‘plash;
qiyoslanadigan birliklarni belgilash;
birliklar tarkibidagi o‘zgarishlar xronologiyasini aniqlash;
so‘z va morfemalarning qadimgi shakli va ma’nolarini tiklash.
tillarni qiyosiy o‘rganish va ularning bir-biriga qarindosh va qarindosh
emasligini aniqlash;
qarindosh deb tanilgan tillarni bir-biri bilan qiyoslab, ularning bobo tilini
tiklash.
Ushbu metod XIX asrning boshlarida paydo bo‘lgan deyilishiga qaramay, bu
yo‘nalish bilan olimlar oldinroq shug‘ullanishga kirishganlar. Unda qiyoslash
uchun dalillar faqat qarindosh tillardan - genetik tenglikka ega bo‘lgan
tillardangina olinadi. Masalan: ruscha svetok, polyakcha kwiatok “gul”; forscha
now, ruscha nov(ыy), nemischa neu, inglizcha new “yangi”; grekcha pater, patras,
lotincha pater, sanskritcha pitar, nemischa vater, forscha padar, ruscha papa,
hindcha “bobo”,”ota” demakdi CHOG‘ISHTIRISH VA TIPOLOGIK METOD
Ikki yoki undan ortiq qarindosh yoki qarindosh bo‘lmagan tillarni qiyoslash
chog‘ishtirish yoki qiyosiy-chog‘ishtirish metodi deb nomlanadi. Ushbu
metodda lingvistik hodisalarning tillararo o‘xshashliklari, umumiy va farqli
jihatlari tavsiflanadi, biroq bunda ularning tarixiga, kelib chiqishi, ya’ni genetik
jihatlariga, taraqqiyotiga asoslanilmaydi. Chog‘ishtirish metodi ayniqsa chet
tillarini o‘rganishda keng qo‘llaniladi va nafaqat nazariy, balki amaliy maqsadlar
uchun ham xizmat qiladi. XVII-XVIII asrlardayoq yuzaga kelgan 2 tilli lug‘atlar,
tillar uchun umumiy grammatikalar, bir tildan 2-tilga tarjima qilish texnikasi va
nazariyasining yaratilishi ushbu metod asosida olib borilgan tadqiqotlar
natijalaridir. Bu metod bir tilda oddiy tasvirlash metodidan foydalanilganda yuzaga
chiqmagan xususiyatlarni ochib berishga yordam beradi.
Bu esa tillarning tarkibini chuqurroq o‘rganish va bilishga imkoniyat
yaratadi. Ikkinchi tomondan, chog‘ishtirish metodi lug‘atlar, qo‘llanmalar yaratish
kabi sof amaliy maqsadlarga xizmat qiladi. Ushbu metodni qo‘llash usullari
quyidagilardir:
so‘z va qo‘shimchalarni farqlash, qo‘shimchalarning birikishini tavsiflash;
shevalar va tillar orasidagi tovush almashinuvi va mos kelishlikni aniqlash;
adabiy til me’yorlarini ishlab chiqish va ularga o‘rgatish metodikasini
shakllantirish;
bir tilda ifodalangan ma’no yoki vazifa boshqa tilda qanday usul va vosita
bilan berilishini aniqlash;
bir tilli (izohli) va ko‘p tilli tarjima lug‘atlari tuzish.
Hozirgi kunda chet tillarni o‘rganish, tarjima nazariyasi va amaliyoti
bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari, asosan, mazkur metod usullarini
qo‘llash vositasida amalga oshirilmoqda, shu bois bugungi kunda uning nazariy va
amaliy ahamiyati yanada ortdi.
Tipologik metod esa o‘zaro genetik bog‘liq va genetik bog‘liq bo‘lmagan
til oilalariga tegishli tillarni qiyoslash asosida o‘rganadi. Shu xususiyati bilan
ushbu metod faqat bir til oilasiga kiruvchi tillarni tadqiq qiluvchi qiyosiy-tarixiy metoddan farq qiladi.
Ushbu metodning mohiyati shundan iboratki, bunda tillar
genetik jihatdan qaysi oilaga mansub bo‘lishidan qat’iy nazar tuzilishidagi
o‘xshash va farqli jihatlariga ko‘ra qiyoslanadi, tillarning struktur-qurilish
xususiyatlari aniqlanadi, muayyan xulosalar chiqariladi. Tillarni tipologik
o‘rganishning quyidagi yondashuvlari mavjud: klassifikatsion-tasnifiy,
xarakterologik, belgili va ichki sistem yondashuvlar.
Klassifikatsion yondashuv tillarga tasnifiy yondashuv morfologik tasnif
sifatida o‘zak va qo‘shimchalar o‘zaro zid holda qiyoslab o‘rganiladi.
Xarakterologik yondashuv orqali qiyoslanayotgan har bir tilning
tuzilishiga, ya’ni o‘ziga xos muhim, xarakterli xususiyatlari, jihatlari
aniqlanadi hamda shu orqali tilga baho beriladi.
Belgili yondashuv tillarga muayyan belgi-xususiyatlar (masalan, fonetik,
morfologik kabi) jihatidan yondashuv bo‘lib, bunda til sathlari tipologiyasi
(fonetik tipologiya, leksik tipologiya kabilar) yaratiladi.
Ichki sistem yondashuvda muayyan tildagi muayyan hodisalar (fonetik,
leksik va b.) orasidagi o‘zaro munosabatlar, aloqalar o‘rganiladi va tadqiq
qilinadi.
STRUKTURAL TAHLIL METODLARI
Strukturalizm (ingl. structural so‘zidan olingan) bo‘lib, tilni o‘zaro
bog‘langan va nisbatlangan til birliklaridan iborat butun bir tahlil metodi
hisoblanadi. Ushbu metod til va nutq birliklari, ushbu birliklarning o‘xshash va
noo‘xshash jihatlari, joylashish tartibi va boshqa nisbiy aloqalarni aniqlash bilan
shug‘ullanadi. Struktual tilshunoslik uchun tilning ichki qurilishi, til tarkibini
tashkil etuvchi tarkibiy qismlar orasidagi munosabatlar, oppozitsiyalar, ya’ni
tilning struktural tomonlari tilning asosiy aspekti hisoblanadi. XX asrning 30-
yillarida Amerika tilshunosligida yuzaga kelgan struktural yo‘nalish juda ko‘p
yangi metodlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Distributiv tahlil, bevosita
ishtirokchilarga ajratish va transformatsion tahlil metodlari hozirgi kunda butun
jahon tilshunosligida ham keng qo‘llanib kelayotgan metodlar hisoblanadi. BEVOSITA ISHTIROKChILAR
METODI
Ushbu metodda nutq birliklari (so‘z birikmasi va gaplar) tuzilishi, qanday
qismlardan tashkil topishi, ular orasidagi munosabat, aloqalarni o‘rganadi.
Bevosita ishtirokchilar – BI metodiga muvofiq avval gapdagi tayanch nuqta –
konstruksiya, so‘ngra mazkur konstruksiya tarkibidan ishtirokchilar va bevosita
ishtirokchilar ajratiladi. Konstruksiya bu ma’noli qismlarning ketma-ket
munosabatidan tashkil topgan butunlik bo‘lib, kattaroq konstuksiya tarkibiga
kirgan barcha so‘z va morfemalar ishtirokchilar, mazkur konstuksiyaning bevosita
shakllanishida ishtirok etgan bir yoki bir nechta ishtirokchilar esa bevosita
ishtirokchilar deyiladi.
Masalan, Shabboda qurg‘ur ilk sahar olib ketdi gulning totini misrasida
olib ketdi gulning totini BI (bevosita ishtirokchilar), qolgan so‘zlar esa
ishtirokchilar sanaladi. Bu gapda bir nechta konstruksiya mavjud bo‘lib, har bir
konstruksiya qismlarga bo‘linadi va bu bo‘linish o‘zaro graduallik –darajalanish
xususiyatiga ega bo‘ladi. Demak, BI tahlilida, avvalo, so‘z birikmalari ajratiladi va
ular quyidagi qoidalarga amal qilgan holda birlashtiriladi:
bir vaqtning o‘zida 2tadan ortiq bo‘lmagan elementlar birlashtiriladi;
o‘zaro bog‘lanmaydigan elementlarni birlashtirish mumkin emas;
BI tahlilini qo‘llash tartibi qat’iy belgilangan bo‘ladi. Shu xususiyatlardan
kelib chiqib, ushbu metod birlashtirish metodi deb ham ataladi.
TRANSFORMATSION TAHLIL METODI
Transformatsion tahlil metodida sintaktik qurilmalar - konstruksiyalarning
muayyan qoidalar asosida boshqa shaklga, ko‘rinishga ega bo‘lishi – ya’ni
transformatsiyalanishi tushuniladi. Transformatsiya – qayta tuzish, o‘zgartirish
ma’nosini bildirib, “transformatsion tahlil” va “transformatsion metod”
tushunchalarini sinonim sifatida ishlatish mumkin. Ushbu metod yordamida
transformatsiyaga uchragan har bir sintaktik qurilmaning tarkibi, bunda namoyon
bo‘lgan o‘ziga xos semantik jihatlari ham chuqur o‘rganiladi. Demak transformatsion tahlil metodi til
sistemasining ichki mikrosistemalarni – yadro
gaplar va ulardan hosil bo‘lgan transformalarni, to‘g‘rirog‘i, yadro gaplardan
transformalarning hosil bo‘lish jarayonini o‘rganadi.
Masalan, Talaba kitob oldi gapining transformatsion shakllari (talaba olgan
kitob, talabala tomonidan olingan kitob, kitob olgan talaba, talabaning kitobi)
nutqiy variantlaridan iborat bo‘lib, transformatsion tahlil metodi asos - yadro gap
(talaba kitob oldi)dan transformatsiyalashgan sintaktik modellarni, ya’ni
transformatsiyalanish qoidalari, mexanizmini o‘rganadi. Transformatsion tahlil
metodining asosiy vazifasi muayyan tilda mavjud bo‘lgan yadro gaplarni aniqlash,
uning sintaktik mohiyati va maqsadga ko‘ra turlicha namoyon bo‘lish
imkoniyatlarini ochishdir. Bu metod lingvistik eksperimentlarning bir turi bo‘lib,
hozirgi zamon tilshunosligida, xususan, sintaktik va stilistik izlanishlarda
qo‘llanilayotgan muhim metodlardan biri hisoblanadi va hozirgi kunda mashina
tarjimasi, injener va matematik lingvistikasi sohalarida keng qo‘llanadi.
STATISTIK TAHLIL METODI
Ushbu metod lisoniy birliklarning nutq faoliyatidagi, asosan matndagi
qo‘llanish miqdorini tadqiq qiladi. Mazkur metod til sathlarining barchasiga
nisbatan qo‘llanishi mumkin. Biroq uning eng ko‘p ishlatiladigan sohasi
leksikologiya va leksikografiya hisoblanadi. Statistik tahlil asosida qo‘lga kiritilgan
ma’lumotlar yordamida eng faol va eng passiv so‘zlar, so‘zlarning me’yoriy va
me’yoriy bo‘lmagan qo‘llanishi belgilanmoqda, tarqalish chegarasi, ko‘lami
aniqlanmoqda. Bu metod nazariy va amaliy tilshunoslik uchun qimmatli
ma’lumotlar beradigan chastotali lug‘atlar tuzish, lug‘at minimumlari yaratishda
qo‘llanadi.
Shuningdek, so‘z shakllari, fonema, morfemalarning qanday taqsimlanishi,
o‘zaro birikuvda qanday faollikka egaligini ham aniqlashga yordam beradi. AVTOMATIK TAHLIL METODI
Ushbu metod davr talabi bilan yaratilgan zamonaviy tahlil metodlaridan biri
bo‘lib, uning o‘ziga xosligi elektron-hisoblash mashinalari (EHM), kompyuterlar
yordamida tilni muayyan, bo‘laklar, lisoniy birliklar, formal qismlarga ajratish
orqali bir tildagi lisoniy birliklar mazmuni boshqa tilga ko‘chiriladi, ya’ni
kompyuter vositasida avtomatik tarjima qilinadi. Buning uchun avval matnni
tarjima qilish imkoniyatini beradigan qoidalar tizimi yaratiladi, so‘ngra mazkur
qoidalarni mashina tilida yozish, ya’ni mazkur qoidalarni amalga oshirish uchun
dastur yaratiladi. Dastur va lug‘at maxsus shartli belgilar bilan yoziladi va
mashinaga kiritiladi.
Asosiy tushunchalar glossariysi:
Qiyosiy-tarixiy metod – tillar va ularning tarixini qiyoslab o‘rganish
Substansiya – biror tovushni boshqa tovush bosishi
Distributsiya – tildagi unsurlarning gap tarkibida joylashish o‘rni, bir
elementning boshqa element bilan birikish qobiliyati
Bevosita tahlil metodi - nutq birliklari (so‘z birikmasi va gaplar) tuzilishi,
qanday qismlardan tashkil topishi, ular orasidagi munosabat, aloqalarni
o‘rganish.
Transformatsion tahlil – konstruksiyalarning muayyan qoidalar asosida
boshqa shaklga, ko‘rinishga ega bo‘lishi, ya’ni transformatsiyalanishi.
Avtomatik tahlil metodi - EHM, kompyuterlar yordamida tilni lisoniy
birliklar, formal qismlarga ajratish orqali bir tildagi lisoniy birliklar
mazmunini boshqa tilga ko‘chirish
Statistik tahlil metodi – lisoniy birliklarning nutq faoliyatidagi, asosan
matndagi qo‘llanish miqdorini tadqiq qilish
Foydalanilgan adabiyotlar:
Irisqulov M.T. Tilshunoslikka kirish. –T., 2009.
Usmonov S. Umumiy tilshunoslik. –T., 1972. Амирова Т., Олховиков Б.А., Рождественский Ю.В.
Очерки по истории
лингвистики. –М., 1975.
Baskakov N.A. va boshqalar. Umumiy tilshunoslik. –Toshkent, O‘qituvchi,
1979.
Bo‘ronov J.B. Ingliz va o‘zbek tillari qiyosiy grammatikasi. –T., 1973.
Рождественский Ю.В. Типология слова. –М., 1969.
Кодухов В.И. Общее языкознание. – М., 2010.
Ф. де Соссюр. Труды по языкознанию. –М., 1977.
Dostları ilə paylaş: |