Ilmiy rasmiy idoraviy uslubiyatlar
Fan-texnikaning turli tarmoqlariga doir ilmiy asarlar, darsliklar ilmiy uslubda yoziladi. Mantiqlilik, aniqlik bu uslubga xos xususiyatlardir. Ilmiy uslub aniq ma’lumotlar asosida chiqarilgan ilmiy xulosalar (qoidalar, ta’riflar)ga boy bo’lishi bilan boshqa uslublardan farq qiladi. Misol uchun: Yomg’ir - suyuq tomchi holidagi atmosfera yog’ini. Tomchining diametri 0,5-0,6 mm bo’ladi.
Ilmiy uslubda har bir fanning o’ziga xos ilmiy atamalaridan foydalaniladi, bu uslubda so‘zlar o‘z ma’nosida qo‘llanadi, qoida yoki ta’rifning mazmunini ochishga xizmat qiladigan ajratilgan bo‘laklar, kirish so‘zlar, kirish birikmalar, shuningdek, qo‘shma gaplardan ko‘proq foydalaniladi. Ilmiy uslub ilmiy asarlar uslubidir. Til birliklarining fan sohasida, ilmiy bayon jarayonida ishlatilishi mazkur uslubning shakllanishiga asos bo’ladi. Ilmiy tafakkur fikrlashning o’ziga xos usuli ekanligi, obyektiv borliqni idrok etishda faqatgina dalil va faktlarga tayanish, fikriy izchillik kabi ekstralingvistik omillar ham nutqning ushbu turining shakllanishida, binobarin, nutqiy me’yorning o’ziga xos tunning yuzaga kelishida muhim omil sanaladi.
Yuqorida bu kabi xususiyatlarning mushtarakligi bilan rasmiy uslubga yaqinligi aytib o’tilgan edi.
Ilmiy uslubning janr xususiyatlari ham keng. Monografiya, risola, darslik, o’quv qo’llanmasi, o’quv-metodik qo’llanma, dastur, ma’ruza matnlari, taqriz va referat singarilar uning ana shu janr ko’rinishlari hisoblanadi. Garchi ularning har birining bayon usuli va uslubi ma’lum darajada bir-birlaridan farq qilsa-da, til birliklaridan foydalanish me’yoriga ko’ra umumiylikni tashkil etadi.
Ilmiy uslubga xos xususiyatlar quyidagilardan iborat:
Aniqlik. Har qanday ilmiy bayon, xulosa, shubhasiz, aniqlikni talab qiladi. Shuning uchun bu uslubda so’zlarni aniq, asosan bir ma’noda qo’llash, sinonimik qatordagi variantlardan masalaning mohiyatini birmuncha aniq ifoda etadigan variantini tanlash, hech bo’lmaganda, neytral variantini qo’llash taqozo etiladi. Terminlarni qo’llash bu uslubning asosiy xususiyati sanaladi: “Ximiyaviy tarkibiga ko’ra gerbidsidlar anorganik va organik gerbidsidlarga bo’linadi. Anorganik gerbidsidlar: natriy arsenit, ammoniy sulfat, kalsiy sianamid, sulfat kislota va
boshqalar. Organik gerbidsidlar: traktor kerosini, mochevina hosilalari, xlorfenoksisirka kislota, xlorfenoksimoy kislota va boshqalar. Hozirgi vaqtda ko’proq organik birikmali va ba’zan anorganik birikmali gerbisidlar qo’llaniladi” 5
Obyektivlik. Ilmiy adabiyotlarda bu uslub doirasida til materiali fikrning haqqoniyligi, obyektivligiga xizmat qilishi lozimligi uqtiriladi. «Mantiq» darsligidan bir misol keltiramiz: “Epimenid «Men yolg’on gapiraman» deb aytdi. Bu paradoksni mutlaqo hal etib bo’lmaydi. Aytaylik, Epimenid rost gapirdi, bu holda uning haqiqatdayolg ’on gapirgani aniq bo ’ladi. Aytaylik, u yolg ’on gapirdi. Bu holda uning haqiqatda ham rost gapirgani ma ’lum bo ’ladi ”.
Ma’lum bo’ladiki, haqqoniylik, obyektivlik nihoyatda murakkab jarayon bo’lib, uning reallashuvida faqatgina til birliklariga tayanib ish ko’rish qiyin. Uni vaziyat, suhbatdoshlarning bir-birlarini bilishi va tushunishi kabi ekstralingvistik omillar ham belgilashi mumkin.
Mantiqiy izchillik ilmiy bayon uslubining o’ziga xos xususiyatini tashkil etadi. Matnda so’zlar, gaplar, abzaslar o’zaro mantiqiy bog’langan bo’lishi lozim. Shuning uchun ham ilmiy matnlar bu izchillikni yuzaga keltiruvchi ma’lumki, ma’lum bo’ladiki, ta’kidlash lozimki, ta’kidlash o’rinliki, darhaqiqat, binobarin, shunday ekan, birinchidan, ikkinchidan, ko’rinadiki, ta’kidlash joizki, xulosa qilib aytganda, xulosa qilganimizda, birgina misol, faqat bugina emas singari ko’plab bog’lovchi vazifasini bajaradigan so’z va birikmalar qo’llaniladi.
Qisqalik. Bu xususiyat aynan ilmiy bayonga xos xususiyatdir. Shuning uchun unda tilning tasviriy imkoniyatlaridan deyarli foydalanilmaydi. Gaplar darak mazmunida bo’lib, asosan sodda yoyiq holda bo’ladi. Agar fikr qo’shma gaplar yordamida ifodalansa, bog’lovchilarning faol ishlatilishi kuzatiladi: “G’alla ekinlari urug’lari saqlashga ancha chidamli hisoblanadi. Qishloq xo’jaligini sifatli urug’bilan ta 'minlashda unisaqlash muhim tadbirdir. Ekiladigang’alla urug’lari uchun davlat standarti belgilangan ”
Ilmiy uslub fonetik jihatdan boshqa uslublardan farqlanib turuvchi yorqin belgilarga ega emas. Leksikasida esa farq qiluvchi jihat sohaviy atamalarning ko’pligi hisoblanadi. Bu uslubda ham, xuddi rasmiy uslubda bo’lgani kabi, so’zlarni ko’chma ma’nolarda qo’llash, tasviriy vositalardan unumli foydalanish xos xususiyat sanalmaydi. Subyektiv emosionallik, obrazlilik, og’zaki nutq elementlari, umuman g’ayri adabiy unsurlar kam ishlatiladi. Mumkin qadar bayon bir xil me’yorda ifoda etiladi. Shu bilan birga, ayrim holatlarda fikr yuritilayotgan manba, mavzu bilan uyg’un ravishda ba’zan bu uslubda ham obrazli ifodalardan foydalanish istisno emas. Masalan: Differensial tenglamalarning xususiy hosilalari fizikaga cho’ri bo’lib ishga kirdi, keyin u cho’ridan bekaga aylanib ketdi (R.Bekjonov).
Muallif individualligining kam sezilarli bo’lishi ham ilmiy uslubning o’ziga xos xususiyatlaridan biridir.
Ilmiy uslubning morfologik xususiyatlari to’g’risida M.Mukarramovning «Hozirgi o’zbek adabiy tilining ilmiy stili» monografiyasida quyidagi fikrlar bayon qilingan:
Ilmiy uslubda faqat adabiy tilda me’yor sifatida e’tirof etilgan grammatik ko’rsatkichlardan foydalaniladi. So’z turkumlaridan ot faol, ko’pincha takror qo’llanadi. Subyektiv baho shakllari xos emas. -lar ko’plikdan boshqa semantik- uslubiy ma’nolarni ifodalamasa-da, atama hosil qilishda ishtirok etadi. Umumiy egalik ustun turadi, I-II shaxs qo’shimchalari ishlatilmaydi, III shaxs shakli faol. Undov va taqlid so’zlar ham bu uslubga xos emas. Yuklamalarning esa imkoniyati chegaralangan.
Ilmiy nutq uchun deyiladi, aytiladi, yoritiladi, bayon qilinadi, aniqlanadi, tekshiriladi, foydalaniladi, ta’riflanadi singari xoslangan fe’llar mavjud. Fe’lning majhul daraja shakli ham bu uslub uchun xos. Ammo hozirgi-kelasi zamon shaklidan tashqari xarakterli zamon ko’rsatkichi yo’q. Kishilik olmoshlari kam qo’llaniladi. Bu gap faqat muallif va men ma’nolarida qo’llaniladigan hamda kamtarlik ma’nosini ifodalaydigan biz olmoshiga tegishli emas. Shu o’rinda rasmiy uslubda yozilgan matnlar uchun barcha morfologik vositalar va kategoriyalarning qo’llanilishi bir xil darajada emasligini ta’kidlash ham maqsadga muvofiq. Masalan, sonlar va olmoshlar bu uslubda boshqa so’z turkumlariga qaraganda ikkinchi darajali omil hisoblanadi.
Rasmiy uslubning sintaktik alomatlari ham matnda darhol ko’zga tashlanadi. Unda darak gaplar, uning ayniqsa qo’shma gap shakli ko’p ishlatiladi. Yoyiq va murakkab so’z birikmalari mahsuldor hisoblanadi, murakkab tipdagi nomlar keng qo’llaniladi. Gap tuzilishida o’zbek tilidagi odatdagi me’yorga amal qilinadi va yuqorida sanalgan jihatlari bilan ilmiy uslubga o’xshab ketadi.
Uslubiyat tilshunoslik fanining bir bo’limi bo’lib, nutq jarayonida til hodisalarining maqsadga, sharoitga va muhitga mos ravishda foydalanish qonuniyatlari bilan tanishtiradi. Uslubiyatda uslublar, til vositalarining nutqda qo’llanish yo’llari, lug’aviy, frazeologik va grammatik birliklarning qo’llanish xususiyatlari o’rganiladi.
Adabiy tilning ijtimoiy hayotdagi ma’lum bir sohada qo’llanadigan, bir qancha o’ziga xos xususiyatlarga ega bo’lgan ko’rinishi adabiy til uslubi deyiladi. Uslub orqali so’zlovchi shaxs narsalarga, voqealarga shaxsiy munosabatini aks ettiradi.
O’zbek adabiy tilida quyidagi asosiy nutq uslublari bor: so ‘zlashuv uslubi, badiiy uslub, rasmiy uslub, ommabop uslub, ilmiy uslub (ayrim darsliklarda so’zlashuv uslubidan boshqa barcha uslublar kitobiy uslub degan umumiy nom ostida beriladi): durust, metro, ko’k, tuzuk (so’zlashuv uslubi); moviy, metropoliten (kitobiy).
Har bir uslubni yaratuvchi vositalar mavjud. Bularni quyidagi turlarga bo’lish mumkin:
1.
Leksik vositalar: sinonim, omonim, antonim, paronim, ko„p ma’nolilik, tag ma’no (gapning tagida yashiringan ma’no), sifatlash, o’xshatishlar, frazeologik birlik, sheva, noadabiy so’zlar (jargon, argo, so’kish, qarg’ish kabilar), kasb-hunar so’zlari, mubolag’a (giperbola), arxaik va tarixiy so’zlar, atamalar.
2.
Fonetik vositalar: nutq tovushlari, ohang, urg‘u.
3.
Grammatik vositalar: a) morfologik vositalar: har bir so‘z turkumi; b) sintaktik vositalar: gap bo‘laklari, ritorik so‘roq gaplar, undalma, kirish so‘z, kirish birikma, sodda va qo‘shma gaplar, ko‘chirma va o‘zlashtirma gaplar.
Ma’lum bir uslubga tegishli bo‘lgan so‘zlar uslubiy xoslangan so‘zlar deb yuritiladi: yanglig' so‘zi badiiy uslubga, omonim, sinonim so‘zlari ilmiy uslubga, balli, ketvorgan kabi so‘zlar so‘zlashuv uslubiga, faollar yig‘ilishi, siyosiy maydon kabi so‘z birikmalari ommabop uslubga xosdir. So‘zlashuv uslubida ham, kitobiy uslubda ham ishlatilaveradigan so‘zlar uslubiy betaraf so'zlar hisoblanadi: suv, tog', bola, xat. Bu so‘zlar ko‘chma ma’noda qo‘llansa, ma’lum bir uslubga tegishli bo‘lishi mumkin.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, uslublarni bilish va o’rganish barcha uchun birdek muhimdir. Chunki nutqimizning chiroyli, mazmundor chiqishida uslubning o’rni beqiyos. Adabiy kechalarni rasmiy uchrashuvga aylantirmaslik uchun adabiy me’yorlar asosida so’zlashishimiz lozim, yoki ilmiy kengashlarda so’zlashuv uslubida maruza qilish ham kulgili holat bo’ladi. Har bir shaxs eng kamida o’z sohasi tilini, uslubini o’rganib qo’ygani foydadan holi bo’lmaydi. Masalan biz jurnalistika sohasi vakillari albatta publitsistik uslubni chuqur egallagan bo’lishimiz kerak, bundan tashqari, jurnalistika barcha sohalar bilan bog’liqligini hisobga olgan holda boshqa uslublarni ham o’rganish zarar qilmaydi. Chunki faoliyat davomida ilmiy kengashlardan tortib senatimiz yig’ilishlari-yu badiiy asarlar tahlili bilan shug’ullanishga to’g’ri keladi. Shunday ekan uslublar haqida chuqur bilimga ega bo’lish zaruratdir.
Dostları ilə paylaş: |