Og‘zaki ommaviy tekshirish o‘quvchilardan og‘zaki so‘rash bo‘lib, ular
guruhga haratilgan savollarga javob beradilar. Bunday tekshirishda javoblar qisqa
bo‘ladi. Mazkur so‘rash ko‘pchilik o‘quvchilarni nazorat qilishni ta’minlaydi va
butun guruhni faollashtiradi, ammo o‘quvchilarning nutqini o‘stirmaydi. Bunday
nuqsonlar individual so‘rashda ko‘zga tashlanmaydi. Ammo so‘rashning bu shaklida
guruhdagi boshqa o‘quvchilarning to‘laqonli ishlashlariga erishish juda qiyin.
Kombinatsiyalangan (tezlashtirilgan) tekshirishda o‘qituvchi bir necha
o‘quvchini bir vaqtda doskaga chaqiradi, biri og‘zaki javob beradi, 3-4 nafar
o‘quvchi esa kartochkalar bo‘yicha yozma ishni bajarishadi va hokazolar. Bu
tekshirishning murakkab usuli bo‘lib, o‘qituvchidan yetarlicha tajriba va diqqatlarini
guruhdagi hamma o‘quvchilarga taqsimlay bilishni talab qiladi.
Yozma tekshirish – o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini nazorat
qilish va baholashning eng samarali usullaridan biri bo‘lib, ularning ijodiy
qobiliyatlarini baholash imkonini beradi. Mazkur usulning mohiyati shundaki,
o‘qituvchi alohida mavzu yoki o‘quv dasturining ma’lum bo‘limini o‘tib
bo‘lganidan so‘ng o‘quvchilarning bilimlarini nazorat qilish va baholashni tashkil
etadi. Yozma tekshirish topshiriq, ya’ni, insho yozish hamda turli nazorat va
mustaqil ishlarni bajarishni uyda ham amalga oshirishga imkon beradi. Ushbu
jarayonda o‘qituvchining bajarilgan ish bilan tanishib chiqishi, uning sifatini
tekshirishi uchun ko‘p mehnat va vaqt sarflanadi.
Amaliy topshiriqlarni bajarishga asoslangan tekshirish. Bajarilayotgan
amaliy harakatlar (sport, mehnat harakatlari)ning to‘g‘riligini kuzatish yoki olingan
natijalarga tayanishdan iborat bo‘lishi mumkin.
O‘quvchining butun dars davomidagi barcha faoliyatlarini nazorat qilish
tekshirishning maxsus turi bo‘lib, u o‘quvchining darsdagi ishtiroki uchun ball
qo‘yish bilan yakunlanadi. Bu o‘quvchini doimo harakat qilishga va faollikka
undaydi.
Ma’lumki, bugun ta’lim tizimida reyting nazoratidan keng foydalanilmoqda.
Reyting deganda baholash, tartibga keltirish, klassifikatsiyalash, bironta hodisani
oldindan belgilangan shkala bo‘yicha baholash tushuniladi.