Ularga u kifoyadir. Ularni Alloh la'natladi. Ular uchun yana doimiy azob bordir. 69. (Sizlar, ey, munofiqlar!) Xuddi sizlardan oldingi (munofiq)larga o'xshaysizlar. (Ular) sizlardan quvvatliroq, mol-mulklari va farzandlari ko'proq edi, nasibalaridan bahramand bo'ldilar. Sizlardan oldingilar nasibalaridan bahramand bo'lganlari kabi Sizlar ham (o'z) nasibalaringizdan bahramand bo'ldingiz va (ular) sho'ng'igan narsa (zalolat)ga (sizlar ham) sho'ng'idingiz. Ana o'shalarning (dunyoda qilgan savobli) amallari behuda ketdi. Ziyon ko'ruvchilar ham ana o'shalardir. 70. Ularga o'zlaridan oldingilar - Nuh, Od, Samud qavmlari, Ibrohim qavmi, Madyan (shahri) aholisi (Shuayb qavmi) hamda ostin-ustun bo'lgan shaharlar (Lut qavmi)ning xabarlari (yetib) kelmabdimi?! Ularga (o'z) payg'ambarlari hujjatlar (mo''jizalar)ni keltirgan edilar. Bas, Alloh ularga zulm qiluvchi bo'lmadi, balki o'zlariga zulm qiluvchi bo'ldilar. 71. Mo'minlar va mo'minalar bir-birlariga do'stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar, namoz(lar)ni mukammal ado etadilar, zakotni beradilar hamda Alloh va (Uning) Rasuliga itoat etadilar. Aynan o'shalarga Alloh marhamat ko'rsatur. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir. 72. Alloh mo'minlar va mo'minalarga ostidan anhorlar oqib turadigan, mangu yashaydigan jannat (bog')laridagi pok maskanlarni va'da qildi. Allohning rizosi esa, (hammasidan) kattaroqdir. Ana shu(lar) ulkan yutuqdir. 73. Ey, Payg'ambar! Kofirlar va munofiqlarga qarshi kurashing va ularga nisbatan (Siz ham) dag'allik qiling! Ularning joylari jahannamdir. Naqadar mudhish qismat bu! Izoh: Makka va Madinadagi kufr va nifoq ahli Rosul (a. s.) va musulmonlarga ozor berish, dag'al muomala qilish, masxaralashda haddan oshganlaridan keyin ularning muqobiliga shunday munosabat bilan javob qaytarishga buyurildi.