Yerdagi U bilmaydigan narsalarni bildirib qo'ymoqchimisizlar?! Alloh ularning shirklaridan pok va yuksakdir!" 19. Odamlar yagona ummat (bir dinda) edilar*. So'ngra turli xil bo'lib ketdilar. Agar Rabbingizdan (qiyomatgacha qo'yib berish haqida) so'z kechmaganida, tortishayotgan narsalari haqida hukm qilingan bo'lur edi. Izoh: Ya'ni Odam Ato yoki Nuh (a. s.) davridagi to'fon voqeasidan keyingi vaqt. 20. "Unga (Muhammadga) Parvardigoridan biror mo''jiza tushirilsa edi!" - deyishadi. Bas, ayting: "Albatta, g'aybiy ishlar Allohga xosdir. Kutinglar! Men ham sizlar bilan birga kutuvchilardanman". 21. Odamlarga yetishgan zarar (qahatchilik) ketidan rahmat (mo'lchilik)ni tottirsak, nogoh ularda oyatlarimizga nisbatan makr (inkor) namoyon bo'ladi. Ayting: "Alloh tezroq "makr" qiluvchidir. " Rasul (farishta)larimiz qilayotgan makringizni yozib qo'yurlar. 22. U sizlarni quruqlik va dengizda sayr qildirur. Sizlar kemada bo'lgan paytingizda va u mayin shamol bilan ularni (sizlarni) olib ketayotganida va ular bundan shodlanib turganlarida, qattiq shamol kelib hamda har tomondan to'lqin kelganda, ular qurshovda qolganlarini bilib: "Agar shundan bizni xalos qilsang, albatta, shukr qiluvchilardan bo'lurmiz!" - deb ixlos bilan Allohga iltijo qilurlar. Izoh: "sizlarni" so'zi o'rniga "ularni" deb ikkinchi shaxsdan uchinchi shaxsga o'tish, balog'at ilmida "iltifot" deb ataladi. O'zbek tilida ham "men" o'rniga "biz", "siz" o'rniga "ular". so'zi qo'llaniladi. Haj safaridan kelgan kishiga: "haj qilibsizda" o'rniga "Haj qilibdilar-da!" - deyilishi kabi. 23. Alloh ularni xalos etganda esa, bexos (yana) Yer yuzida nohaqdan tajovuzkorlik qilurlar. Ey, odamlar! Bu tajovuzingiz faqat o'zingizga zarardir. (Bu) dunyo hayotining matohi (ovunchog'i)dir.