narsalari bordir. Taqvodorlarni Alloh mana shunday mukofotlar. 32. Ular (shirk va gunohdan) pok bo'lgan hollarida, farishtalar vafot etdira turib: "Sizlarga salom! Qilib o'tgan amallaringiz bilan jannatga kiringiz", - derlar. 33. (Kofirlar esa) faqat o'zlariga (o'lim) farishtalari kelishini yoki Rabbingizning amri (azobi) kelishini kutarlar. Ulardan oldin o'tgan (kofir)lar ham mana shunday qilgan edilar. Ularga Alloh zulm qilgani yo'q, balki ular o'zlariga zulm qiluvchi edilar. 34. Bas, qilgan yomonliklari o'zlariga yetdi va masxara qilgan narsalari o'zlarini tutdi. 35. Mushrik bo'lganlar: "Agar Alloh xohlaganida, biz (ham), ota-bobolarimiz (ham) Undan o'zga biror narsaga sig'inmagan va Uning (hukmisiz) biror narsani harom qilmagan bo'lur edik", - deydilar. Ulardan oldin o'tgan (kofir)lar ham shunday qilgan edilar. Payg'ambarlar zimmasida faqat (Allohning vahiysini odamlarga) ochiq yetkazishlik (vazifasi) bordir. 36. Darvoqe, Biz har bir ummatga: "Allohga ibodat qilinglar va shaytondan yiroqlashinglar", (degan vahiy bilan) payg'ambar yuborganmiz. Shunda ular orasida Alloh hidoyat qilganlari ham, shuningdek, yo'ldan ozishligi qat'iy bo'lganlar ham bo'lgan. Bas, Yer yuzida sayr qilib, (payg'ambarlarini) yolg'onchiga chiqarganlarning oqibati qanday bo'lganini ko'ringlar! 37. (Ey, Muhammad,) agar Siz u (mushrik)larning hidoyat topishlariga qiziquvchan bo'lsangiz (bilingki), Alloh o'zi adashtiradigan kimsalarni sira hidoyat qilmas va ularga madad beruvchilar ham bo'lmas. 38. Ular zo'r berib: "Alloh o'lganlarni qayta tiriltirmaydi", - deb Alloh nomiga qasam ichdilar. Yo'q! (Albatta, tiriltirur!) Bu - Uning haqqoniy va'dasidir. Lekin, odamlarning aksariyati bilmaydilar.