82. Endi devor esa, shu shahardagi ikki yetim bolaniki bo'lib, uning ostida ular uchun bir xazina bor edi. Ularning otasi solih kishi edi. Bas, Rabbing ular voyaga yetib, Rabbingning rahmati bo'lmish xazinalarini chiqarib olishlarini iroda qildi. Men bu (ishlarni) o'zimcha qilganim yo'q. Mana shu sen sabr qilishga toqating yetmagan narsalarning ta'vilidir". 83. (Ey, Muhammad,) yana Sizdan Zul-qarnayn haqida so'raydilar. Ayting: "Men sizlarga u haqdagi xabarni hozir o'qib berurman". 84. Darhaqiqat, Biz unga (Zul-qarnaynga) Yerda martaba berdik va (istagan) barcha narsasiga yo'l (imkoniyat) ato etdik. 85. Bas, u (avval G'arbga qarab) yo'l oldi. 86. To (ketayotib) kun botadigan joyga yetgach, u (quyoshning) bir loyqa buloq (orti)ga botayotganini ko'rdi va (buloq)ning oldida bir qavmni uchratdi. Biz: "Ey, Zul-qarnayn, yo (ularni) azobga duchor qilursan yoki ularga yaxshi muomalada bo'lursan", - dedik. Izoh: Loyqa ma'nosini anglatuvchi "hamia" kalimasi boshqa bir qiroatda "homiya" o'qiladi. Ma'nosi qaynoqdir. Demak, qaynoq buloq uzra, degan ma'no chiqadi. 87. U aytdi: "Zulm qilgan kimsani, albatta, azoblagaymiz. So'ngra Parvardigoriga qaytarilgach, U zot uni yanada xunuk azob bilan azoblar. 88. Endi imon keltirib ezgu ish qilgan kishiga kelsak, uning uchun go'zal mukofot (jannat) bo'lur. Biz ham unga ishimizdan osonlarini buyururmiz". 89. So'ngra, u (Sharqqa qarab) yo'l oldi. 90. To (ketayotib) kun chiqishga yetib borgach, uning (quyoshning) bir qavm uzra chiqayotganini ko'rdi. Biz u qavm uchun quyoshdan (saqlanadigan) biror parda qilmagan edik. 91. (Uning ishi) shunaqa. Albatta, Biz uning huzuridagi ilmlarni ihota qilib olganmiz.