payg'ambar edi. 52. Biz unga Tur (tog'i)ning o'ng tomonidan nido qildik va uni munojot qilgan holida (O'zimizga) yaqin etdik. 53. Biz unga O'z fazlimiz bilan birodari - Horunni payg'ambar qilib berdik. 54. (Ey, Muhammad,) Kitobda Ismoil (qissasini) yod eting! Darhaqiqat, u va'dasida sodiq turuvchi va elchi - payg'ambar edi. 55. U o'z ahli (va ummati)ni namoz va ro'zaga buyurar edi. U Parvadigori nazdida rozi bo'lingan kishi edi. 56. Yana (ushbu) Kitobda Idris (qissasini) yod eting! Darhaqiqat, u sadoqatli payg'ambar edi. 57.Biz uni yuksak maqomga ko'tardik. Izoh: Idris (a. s)ning bu oyatda yuksak martabaga ko'tarilishlarini ba'zi olimlar "payg'ambarlik maqomi yoki to'rtinchi osmonga chiqib ketganliklari" desalar, boshqalari "jannatga ko'tarilib ketganlari" deydilar. Me'rojga taalluqli hadisda janob Rasululloh to'rtinchi osmonda Idris (a. s.)ni ko'rganliklari naql qilingan. Madorik tafsirida shunday deyiladi: Hasan Basriy ayturlarki, Idris (a. s.) ibodatga shunchalik berilib ketgan ekanlarki, barcha farishtalar uni yaxshi ko'rib qolgan ekanlar. O'lim farishtasi Allohdan izn so'rab uning ziyoratiga borgan ekan. Borib o'zini tanitgach, Idris (a. s.) unga: "Menga bir o'lim achchig'ini tottirgin" -debdilar. U rozi bo'libdi. Qayta tirilgach, endi bir do'zaxga ham solib-chiqar debdilar. Farishta bu iltimoslarini ham bajaribdi. "Endi, jannatga ham bir olib kir", - debdilar. Kirgach, qaytib chiqishdan bosh tortibdilar. Farishta qistab chiqarmoqchi bo'lganida, aytibdilar: "O'limni totdim, do'zaxga kirib chiqdim. Jannatga kirganlar esa qayta chiqarilmagaylar" - debdilar. Farishta Allohga arz qilgan ekan, U: "Bu ishlar hammasi Mening iznim bilan bo'ldi. Qo'y, qo'zg'ama uni, jannatda qolaversin", -degan ekan. Bu rivoyat qadimdan mashhur edi. Tafsirlarda ham bor.