ibodatida toqatli bo'ling! Unga teng biror (kuch)ni bilurmisiz?! 66. (Kofir) inson: "O'lganimdan so'ng yana tirik holda (qabrimdan) chiqarilurmanmi?!" - der. 67. Axir, o'sha inson Biz uni ilgari o'zi hech narsa bo'lmagan paytida yaratganimizni eslamaydimi?! 68. Bas, (ey, Muhammad,) Rabbingizga qasamki, albatta, Biz ularni shaytonlari bilan birga to'plarmiz, so'ngra (barchalarini) jahannam atrofida tiz cho'kkan hollarida hozir qilurmiz. 69. Keyin har bir guruhdan qaysinisi Rahmonga qattiqroq osiy bo'lsa, (o'shani) sug'urib olurmiz (va jahannamga oturmiz). 70. So'ngra, Biz o'zimiz unda (jahannamda) toblanishga loyiqroq kimsalarni yaxshiroq biluvchidirmiz. 71. Sizlardan har biringiz unga tushuvchidirsiz. (Bu) Rabbingiz (irodasiga binoan) vojib bo'lgan hukmdir. 72. So'ngra taqvodor bo'lganlarni (undan) qutqarurmiz va zolim kimsalarni tiz cho'kkan hollarida (jahannamda) qoldirurmiz. 73. Qachonki ularga (insonlarga) aniq oyatlarimiz tilovat qilinsa, kofir bo'lganlar imon keltirganlarga: "Qaysinisi yaxshiroq martaba va go'zalroq manzilda?" - deydilar. 74. Holbuki, Biz ulardan oldin qancha anjom va ko'rinishlari chiroyli bo'lgan avlodlarni halok qilganmiz! 75. (Ey, Muhammad,) ayting: "Kim zalolatda bo'lsa, bas, Rahmon uning muddatini uzaytirsin, toki o'zlariga va'da qilingan (dunyo) azobini yoki qiyomatni ko'rganlarida, albatta, kimning martabasi yomonroq va lashkari ojizroq ekanini bilurlar. 76. Alloh haq yo'ldagi kishilarga yanada hidoyatni ziyoda qilur. Rabbingiz nazdida boqiy ezgu (ish)lar savob jihatidan ham, oqibat jihatidan ham ortiqroqdir".