xursand bo'larsizlar. 37. Sen (qavminga) qaytib bor! Albatta, biz ularga shunday qo'shin bilan borurmizki, ular unga aslo bas kela olmaslar va albatta, biz ularni (yurtlaridan) mag'lub hollarida chiqarurmiz". 38. (Sulaymon): "Ey, zodagonlar, ular mening huzurimga bo'yin-sungan hollarida kelishlaridan ilgari qaysi biringiz menga uning (Bilqisning) taxtini keltira olur?" - dedi. 39. (Shunda) jinlardan bir alvasti aytdi: "Men uni senga o'rningdan turishingdan ilgari keltirurman. Albatta, men bunga qodir va ishonchlidirman". 40. Kitob (Ismi a'zam)dan ilmi bor bo'lgan zot esa: "Men ko'zing o'zingga qaytgunicha (ko'z ochib yumguningcha) uni senga keltirurman", - dedi. Bas, uning (taxtning) o'z huzurida turganini ko'rgach, dedi: "Bu Rabbimning shukr qilamanmi yoki noshukrlik qilamanmi, imtihon etish uchun bergan fazlidandir. Kim shukr qilsa, bas, albatta u faqat o'zi uchun shukr qilur. Kim noshukrlik qilsa, bas, albatta, Rabbim (hamma narsadan) behojat va karamli zotdir". Izoh: Kitobdan ilmi bor zot kim bo'lgani to'g'risida turli tafsirlar bor. Madorik tafsiri bo'yicha aniqrog'i, u zot Sulaymonning kotibi Osif ibn Barxiyo bo'lgan. U Allohning "Ismi a'zami" ni bilar va uni o'qib duo qilsa, mustajob bo'lar edi. Ismi a'zam: "- Hayyu, yo Qayyum! - Zal-jaloli val-ikrom!" yoki "- ilohano va iloha kulli shay'in ilohan vohidan. Lo iloha illo Ant". Vallohu a'lam. 41. (Sulaymon malikaning farosatini sinash uchun) dedi: "Uning taxtini tanimaydigan qilib, o'zgartirib qo'yinglar, u (tanishga) yo'l topadimi yoki yo'l topa olmaydigan kimsalardan bo'ladimi, ko'rurmiz". 42. Bas, u kelgach: "Taxting shundaymidi?" - deyildi. U: "Xuddi o'shaning o'zi", - dedi. (Sulaymon aytdi: "Alhamdu lillohki), bizlarga undan ilgari ilm berilib, musulmon bo'lganmiz.