Stressli siydik tutaolmaslik
Stressli siydik tutaolmaslikda qovuq
sfinkterlarining yetishmovchiligi
oqibatida bemor siydikni tutaolmaydi,
lekin siydik yoʻllarining anatomik
butunligi buzilmagan boʻladi. Haqiqiy
siydik tutaolmaslik doimiy yoki
gavdaning faqat maʼlum bir holatida
(masalan, tik turgan holatga oʻtganda),
koʻproq jismoniy zoʻriqqanda yoki
yoʻtalganda, aksa urganda, kulganda
sodir boʻladi. Ayollarda odatda bu holat
chanoq tubi mushaklarining tonusi
pasayganda, qovuq sfinkterlari
boʻshashganda kuzatiladi, ularga qin oldi
devori va bachadon tushishi ham sabab
boʻlishi mumkin.
Ayollarda klimakteriya davrida stressli
siydik tutaolmaslik baʼzi hollarda detruzor
faoliyatining buzilishi va gormonal
disfunksiyalar oqibatida sfinkterlar
ishlash kordinatsiyasining buzilishi ham
sabab boʻladi.
Siydikni uretradan tashqarida (“soxta”)
tutaolmaslikda siydik nayi, qovuq yoki
siydik chiqarish kanalining tugʻma yoki
orttirilgan nuqsonlari sababli siydik
ixtiyorsiz tashqariga chiqadi.
Qovuq ekstrofiyasi, epispadiya,
uretrorektal oqmalarda siydik nayi
ogʻizchasining uretrada yoki qinda
joylashishi tugʻma nuqsonlarga kiradi.
Bunday sabablar koʻproq bolalar uchun
xosdir. Siydikni uretradan tashqarida
tutaolmaslikka olib keluvchi orttirilgan
nuqsonlar hamma vaqt shikastlanish
bilan bogʻliq boʻladi. Bunda siydik
yoʻllarining butunligi buziladi va qoʻshni
aʼzolarga, koʻpincha qinga, kamroq toʻgʻri
ichakka (siydik nayi– qin, qovuq–qin,
qovuq–toʻgʻri ichak, uretra–toʻgʻri ichak
oqmalari) ochiladigan oqmalar paydo
boʻladi.
|