yaratish ma’nosini bildiradi.
Kreativlik deganda insonning yangilik yaratish, muammolarni yechishga
qaratilgan ijodiy qobiliyati tushuniladi. Uning tagzamirida originallik, amaliylik,
noodatiylik va erkinlik yotadi. Shuningdek, kreativ fikrlash muayyan masala
yuzasidan har tomonlama fikrlash, bir nuqtaga turli rakursdan yondashishni
anglatadi.
131
Kreativlik shaxsni rivojlantiruvchi kategoriya sifatida inson tafakkuri,
ma’naviyatining ajralmas qismi hisoblanadi, u shaxs ega bo‘lgan bilimlarning
ko‘pqirrali ekanligida emas, balki yangi g‘oyalarga intilish, o‘rnatilgan
stereotiplarni isloh qilish va o‘zgartirishda, hayotiy muammolarni yechish
jarayonida kutilmagan va noodatiy qarorlar chiqarishda namoyon bo‘ladi. Ya’ni,
berilgan bilimlarni takrorlash orqali kreativlikka erishib bo‘lmaydi, ijodiy
fikrlash jarayonida yangi fikr, yangi g‘oyaning paydo bo‘lishi asosiy shartdir.
Masalan, ingliz tilida so‘zlarni yodlab, grammatika qoidalarini “suv qilib ichib
yuborgan” bo‘lsangiz ham, insho yozolmasangiz, barchasi bekor. Shuning
uchun kreativ fikrlash jarayonida tasavvur muhim rol o‘ynaydi.
Albert Eynshteyn “Tasavvur — bilimdan muhim” deganida aynan mana
shu jihatni nazarda tutgan. Ko‘pincha noodatiy fikrlar, yechimlar kutilmaganda
inson xayoliga keladi. Buning uchun, avvalo, fikrlash jarayonidagi bir xillikka,
odatiylikka barham berilishi lozim.
Inson miyasi o‘z ishini “yengillashtirish”, “qulaylashtirish” uchun shablon
va stereotiplardan foydalanadi. Stereotiplar shu paytgacha ma’lum bo‘lgan va
umumqabul qilingan fikrlardir. Ular asosida fikrlash bizga hech qanday yangi
g‘oya bermaydi. Qoliplarning yuzaga kelishida jamiyatda ustuvor bo‘lgan
ijtimoiy fikr, mediamahsulotlarda taqdim etilayotgan shakl va ko‘rinishlar ham
yetakchi o‘rin tutadi. Inson ommadan ajrab qolmaslik nuqtayi nazaridan
hammaning fikriga qo‘shiladi. Qolaversa, “oqim bo‘ylab suzish” mustaqil
fikrlashdan ko‘ra oson tuyuladi.
Stereotiplar orqali fikrlaganda muayyan mavzu bo‘yicha inson ongiga
“so‘rov” berilganida odatiy ma’lumot va mulohazalar yuzaga keladi. Masalan,
“yangi yil” deganda to‘kin dasturxon, reklamadan tushmaydigan gazli
ichimliklar, archa va hokazolarni tasavvur qilish, bobo obrazida qo‘lida hassa
tutgan, ko‘zoynakli cholni ko‘rish qolip asosida fikrlashning ko‘rinishi. Kreativ
fikrlovchi insonlar odatiy manzaralardan o‘zgacharoq tasvirlarni ham tasavvur
qilib, hech kim ilg‘amagan jihatlarni payqaydi, yangilik yaratoladi.
132
Eng ajablanarli jihati, ta’lim-tarbiya jarayoni ham bolalarni bir xil
fikrlashga o‘rgatib qo‘yarkan. Mashhur ixtirochi va kashfiyotchilarning aynan
maktabdagi ta’lim jarayonidagi bir xillikka ko‘nikolmagani, qoliplarga
sig‘maganini ko‘rish mumkin. Masalan, Albert Eynshteynning maktabdan
haydalishi yoki Dmitriy Mendeleyevning kimyo fanidan “uch” olgani bunga
misol bo‘ladi.
Ken Robinson tomonidan tayyorlangan va YouTube saytida 5 million
marta tomosha qilingan “Maktab kreativlikni barbod etyaptimi?” nomli
videolavhada ham shu xususida so‘z boradi. Harf o‘rganish jarayonidayoq
bolalarning belgilangan chiziqlar bo‘ylab yozishi, topshiriqlarni bajarishda
namunalar orqali ishlashi, adabiyot darslarida asarni qanday tushunish kerakligi
to‘g‘risida ma’lumotlar berilishi, pedagoglarning yaxshi bajaruvchilarni yaxshi
baholashi natijasida bolalar qoliplar doirasida fikrlay boshlaydi. Oqibatda
ko‘plab yoshlar topshiriq berilsa, namuna bormi, deb so‘raydigan holga kelgan.
Bu oldin mavjud bo‘lgan modellar asosida ishlashga o‘rganib qolish natijasi.
133
Bunday vaziyatni bartaraf etish uchun o‘quv jarayonida ijodkorlik sifatlarini
tarbiyalashga ahamiyat qaratilishi maqsadga muvofiq.
Masalan, o‘quvchilarga “Sizga bir kunda 86400 AQSh dollari berilsa, uni
nimalarga sarflagan bo‘lardingiz?” kabi noodatiy savollar berilishi mumkin. Bu
savol o‘quvchining topqirlik, bilag‘onlik, ijodkorlik, masalaga turli nuqtayi
nazardan qaray olish, yashirin jihatlarni ochish kabi xislatlarini rivojlantiradi.
Sababi, 86 400 bir kundagi soniyalar miqdorini anglatadi. Savol orqali
o‘quvchiga har bir soniya qimmati anglatiladi, uni behuda sarflamaslik
uqtiriladi. Agar o‘quvchi savol tagidagi mohiyatni anglamasa, unda kreativ va
evrestik sifatlar past hisoblanadi.
Qolip va stereotiplar asosida fikrlashning bir necha ko‘rinishlari bor.
Masalan, qutbli tafakkur — hamma narsani ikki shaklda — yaxshi yoki yomon
deb qabul qilish, dunyoni oq va qora rangda ko‘rishdir. Aslida, yaxshi yoki
yomon narsaning o‘zi mavjud emas, uni fikrlarimiz shundayga aylantiradi. Har
bir holat va jarayonning ijobiy hamda salbiy jihatlari bor. Bir tomonlama
yondashuv, asoslanmagan xulosalar ham stereotiplar asosida fikrlashning
ko‘rinishlaridir.
Ijodkorlikni yuzaga keltirish uchun stereotiplarning ongosti darajasida
ijoddan cheklovchi funksiya, shablonlardagi to‘siqni anglash, qoliplardan voz
kechish zarur. Kumir, brend va modaga ergashish mustaqil fikr kushandasi
hisoblanadi. Kiyinish, o‘zini tutish, kasb tanlash, hatto fikrlashdagi taqlid
bunyodkorlik faoliyatidan cheklashi mumkin. Shuning uchun nega aynan shu
kiyimni tanladim, nima uchun shu ichimlikni xarid qilyapman, deb OAV,
reklama orqali inson ongiga majburan singdirilayotgan ta’sirlardan voz kechish
mustaqil qaror qabul qilishga, media qurshovidan chiqishga sabab bo‘ladi.
Tomas Edison “Kreativlik — g‘ayri ixtiyoriy jarayon”, deydi. Lekin har
kuni ko‘plab mutaxassislar muammolarga noodatiy yechim topishga zaruriyat
sezadi. Ular mana shu g‘ayriixtiyoriy jarayonni ixtiyoriylashtirishi mumkinmi?
Tabiatda yangi fikrlarni yuzaga keltiruvchi “sehrli tayoqcha” yo‘q, biroq har
134
qanday mutaxassisning kreativ o‘ylashiga ko‘maklashadigan ko‘plab usullar
mavjud. Buning uchun ijodiy fikrlashga vaqt ajratish, ijodiy salohiyatni anglash
lozim. Jorj Bernard Shou hazillashib shunday deydi: “Ko‘pchilik yiliga ikki-uch
marta o‘ylaydi. Mening butun dunyoga mashhurligim sababi — haftada bir yoki
ikki marta o‘ylaganim”. Demak, xayolga kelgan yangi fikrlarni e’tiborsiz
qoldirmaslik, o‘ylash uchun imkon yaratish muhim.
Ijodkorlik chegarasini belgilang. Muammoli masalaga duch kelgan
paytingizda ijodkorlik chegaralarini belgilang. O‘zingizdan “Eng oddiy yechim
nimada?” deb so‘rang. Keyin “muammoni hal qilishning aql bovar qilmas
varianti”ni tasavvur qiling. Oddiy va hayratlanarli yechim o‘rtasida sizga ijodiy
maydon paydo bo‘ldi. Endi yangi g‘oya mavhum emas, uning chegaralari
mavjud. Bu ijod jarayonidagi psixologik bosimni yengillashtiradi.
Dostları ilə paylaş: |