9.3-rasm. O‘zbekiston Respublikasida Davlat budjeti ko‘rsatkichlarining bajarilish darajasi, YAIMga nisbatan foizda 1 Keyingi yillarda respublikamizda davlat budjetining ijro etilishida ijobiy holat
ko‘zga tashlanmoqda.
9.3-rasmdan ko‘rishimiz mumkinki, 2000-2004 yillar davomida mamlakatimiz
davlat budjeti taqchilligini -1,0 foizdan -0,4 foiz darajasiga qadar pasaytirishga, 2005-
2008 yillar davomida esa davlat budjeti taqchilligiga barham berib, davlat budjeti
profitsitini 0,1 foizdan 1,5 foizga qadar oshirishga erishildi.
Keyingi yillarda mazkur jarayonlarga ham jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi
o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatishiga qaramasdan, budjet profitsitini saqlab qolishga
erishilmoqda.
2017 yilda ham maqsadga muvofiq yo‘naltirilgan chora-tadbirlar natijasida
budjet daromadlari uning xarajatlaridan ortish hajmi YAIMning 0,1 foizi darajasida
bo‘lishiga erishildi. Umuman olganda, davlat budjeti sohasidagi bunday natijalarni
qo‘lga kiritishda mamlakatimiz iqtisodiyotini bosqichma-bosqich o‘zgartirish va
erkinlashtirish, ilgari davlat zimmasida bo‘lgan bir qancha vazifalarning xususiy
sektorga o‘tkazish orqali davlat budjeti xarajatlarini optimallashtirish, yangi sanoat
yo‘nalishlarining rivojlantirilishi hamda xususiy sektor moliyaviy holatining
mustahkamlanishi, shuningdek, uning mamlakat iqtisodiyotidagi roli va ulushining
ortishi kabi omillar sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
Budjet taqchilligining kuchayishi muqarrar ravishda davlat qarzini keltirib
chiqaradi. Ya’ni, budjet taqchilligi asosan davlat qarzi hisobiga qoplanib, u ichki va
tashqi qarzlardan iborat bo‘ladi.
O‘zbekistonda tashqi qarz masalasiga mustaqil taraqqiyotimizning dastlabki
pallasidanoq har tomonlama chuqur o‘ylangan va mulohaza qilingan holda
yondoshildi.
1
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ma’lumotlari