15-modda. Davlat reyestriga kiritish uchun ma’lumotlarni taqdim etish
Vasiylik va homiylik organlari vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxslar to‘g‘risidagi, ularning joylashtirilganligi hamda mol-mulki haqidagi ma’lumotlarni davlat reyestriga kiritish uchun har oyda tuman, shahar hokimligiga taqdim etadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 22-sentabrdagi 269-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Vasiylik va homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxslarni, ularning joylashtirilganligi hamda mol-mulkini hisobga olish davlat reyestri to‘g‘risida”gi nizomning 5-bandi.
Vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxsning yashash joyi va uning mulkiy ahvoli o‘zgargan taqdirda, vasiylik va homiylik organlari mazkur o‘zgarishlar to‘g‘risida yetti ish kuni ichida tuman, shahar hokimligini xabardor etishi hamda uning shaxsiy hujjatlar yig‘majildini mazkur shaxsning yangi yashash joyidagi vasiylik va homiylik organiga yuborishi shart. Bunda shaxsiy hujjatlar yig‘majildining ko‘chirma nusxasi vasiylik va homiylik organining arxivida qolishi shart.